Shahodat Ulug‘. Jayhun epkinlari - roman. 3-qism

Shahodat Ulug‘ (Ulug‘ova) – 1970 yilda Nurota shahrida tug‘ilgan.

O‘rta maktabni tamomlagach, ToshDU jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Bir necha nasriy kitoblar muallifi.

Yozuvchining e‘tiboringizga havola etayotganimiz – Xorazmshohlar saltanati tarixidan, ulug‘ sarkarda Jaloliddin Manguberdining jasoratlarga to‘lug‘ hayotidan hikoya etuvchi romani adabiyot ixlosmandlari tomonidan iliq qarshi olinmoqda.

Aziz mushtariy, jozibali uslubda bitilgan ushbu asarni Sizga ham sog‘indik, uni mutolaa qilish barobarida Siz ham yurtimizning shavkatli o‘tmishiga yana bir karra oshno bo‘ling.

30. Jamoliddin Farruh

Jaloliddin oromxonadan chiqib, salomxonaga o‘tdi. Muazzam koshona poyonida ikki bukilib turgan tashdor:

- Xayrli tonglar bo‘lsin, shahanshohim! – deya uni qarshi oldi.

- Illo xayrli kelsin.

Atrof sokin, koshonaning ichi tobora yorishib borayotir edi. Tashdor yengil qadam olib, mehrobda hali ham mil-mil ziyo taratayotgan shamni puflab o‘chirdi. Uning harakatlarini kuzatib turgan sulton taxtga borib o‘tirdi, so‘ng nigohini tokchalarga burdi. Qubbasimon o‘yilgan tokchalarda Iroqu Ajam hamda Erondan keltirilgan naqshinkor ko‘zalar hasham uchun terib qo‘yilgan edi.

Tashdor qolgan shamlarni ham bir-bir o‘chirib chiqqach, Sulton qarshisida qulliqda bosh egdi.

Saroy ayonlari orasida sultonga cheksiz sadoqati bilan tanilgan qang‘li aslli xos navkarlardan hisoblangan Jamoliddin Farruh Jaloliddin bilan ko‘p safarlarda birga bo‘lgan, ju‘ratli va uddaburro edi. Jamoliddin tashdor hukmdorning eng yaqin mulozimlaridan bo‘lib, unga o‘nlab g‘ulomlar ajratilgan edi. Sultonning ichki hayotiga bog‘liq barcha masalalarni faqat u yechar edi.

- Nonushta kiritilsin!

- Amrlariga muntazirman.

Jamoliddin Farrux ortiga tisarildi.

Sulton salomxonadan yemakxonaga o‘tmoq uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi, shunda mulozimi hali ham koshona poyonida tek qotib turganiga ko‘zi tushdi.

- Jamoliddin Farrux, bu ne suvrat?! – so‘radi u.

Muhim bir nimani gapirmoq ilinjida, biroq bayon etmoq uchun kuch topa bilmay qiynalayotgan tashdorni ko‘rgan Sulton unga qarab amr etdi:

- Jamoliddin, sanga aytdim, ne hol?! Yaqinlash. Ne hijolatchilik bo‘lsa, andishalanmay darhol anglat...

- Shahanshohim, Sizni bir nimadan ogoh etmoq niyatidaman, ammo buni qay yo‘sinda anglatmoqni bilmay turibman.

- Andishalanmay barchasini darhol anglat! - farmon berdi yana Jaloliddin.

- Shahanshohim, Siz onhazratlariga suiqasd uyushtirmoq payidalar!

- Suiqasd?

- Ha. Alar sizni zaharlamoq payidalar.

Sulton yurib kelib uning yonida to‘xtadi.

- Buni isbot etuvchi daliling bormu?!

- Sodiq qulingiz Mavlonquli buni o‘z qulog‘i ila eshitib, ko‘zlari ila ko‘rmish. – Tashdor yutunib, yana davom qildi.- Ul Chog‘ir G‘aribonga og‘u va xaltacha to‘la tilla tutganini ko‘rmish, Sultonim. Agar ruxsat etsangiz, bul mudhish voqeadin hojib ul-kabir - Xonberdi Saruxonni voqif etsam.

Hojib ul-kabir saroydagi marosimlar va taomlanish masalalariga mas‘ul shaxs edi.

- Sokin, - dedi unga uqtirib Sulton, - hozircha bu holdan kimsa xabar topmasin!

- Tushundim, sultonim. Illo barchasini angladim, buyuring, shahanshohim.

- Nonushta olib kirsinlar.- Amr etdi Xorazmshoh.

Jamoliddin tashqariga chiqib:

- Og‘alar! Shahanshohimiz nonushta istaydilar!- dedi.

31. Og‘uli nonushta

Sulton huzuriga nonushta uchun turfa yeguliklar olib kirgan joriyalar qo‘li qo‘liga tegmay, zumda shohona dasturxon hozirladilar. Dasturxon tuzalgach, ular sulton qarshisida qulliqda tizildilar.

- Cizlar bo‘shsizlar! - Amr etdi shahanshoh joriyalariga. Ular birin-ketin chiqib ketgach, Xorazmshoh tashdoriga qarab:

- Jamoliddin! - dedi.

- Qulog‘im Sizda, shahanshoh!

- San qol!

Xorazmshoh dasturxon chetiga borib o‘tirdi. U taomlarga razm solib chiqqach, qo‘ynidan jimitdek shisha chiqarib, tashdorga uzatdi.

Jamoliddin shishadagi suyuqlikni taomga quydi. Biroq taomda biror o‘zgarish ko‘rmadi. So‘ng bir tomchidan yana boshqa taomlarga ham quyib chiqdi. Nihoyat, kaklik qovurdog‘i zumda rangini o‘zgartirib, avval ko‘kish, so‘ng qora tusga kirdi va birdan bujmayib qoldi. Og‘u kaklik qovurmasi hamda kosa to‘la uzum sharbatiga qo‘shilgani shunday ayon bo‘ldi.

- Bu ishga bosh qo‘shganlar darhol aniqlansin! Ammo esingda bo‘lsin, tashdor, hozircha kimsa bundan xabar topmasin!

- Uqdim, shahanshoh!

Jamoliddin chiqib ketdi. U eshik yonida yuragini hovuchlab turgan Mavlonqulining yoniga yetib keldi-da, qulog‘iga enib, nimalarnidir shipshidi.

Mavlonquli yengil nafas olib:

- Shukurlar bo‘lsin! – deya duo etdi.

Jamoliddin ham mamnunligini yashirmadi va so‘ngra kimsa eshitmasligi uchun unga tag‘in nimalarnidir uqtirib tayinladi.

- Uqdim! - dedi Mavlonquli unga javoban.

32. Xiyonatkorlar

Mavlonquli keng va uzun yo‘lak bo‘ylab to‘g‘riga qarab yo‘l soldi. Koshona yo‘lagining poyoniga yetib kelgach, biroz tin olib, so‘ng so‘lga burildi. Picha yurgach, asosiy yo‘lakning poyonida ko‘kragini kerib, bir yoniga shamshir, bir yoniga xanjar taqqan Chog‘irga ko‘zi tushdi. Mavlonquli xotirjam qiyofada biror so‘z qotmasdan uning yonidan o‘tib ketdi.

Koshonada yana bir yo‘lak bor; bu yo‘lakda faqat ichki xos navkarlar yuradi. O‘sha yo‘lak uni yemak hozirlanadigan bo‘lmaning eshik og‘asi G‘aribon yoniga yetakladi.

- Manga qara, G‘aribon, sanga bir taklifim bordir. - deya pichirladi Mavlonquli.

- Ne taklif emish?

- Bu kun o‘tgach, o‘rningga tungi qo‘riqchi kelgach, ma‘lum bo‘shsan. Bir joyga bormaylikmi?

- Aslo bo‘lmas!

- Angladim, lekin bir pasga. - Mavlonquli shunday degan ko‘yi uni daf‘atan devorga qadadi va bo‘g‘ziga changalini solib bo‘g‘a boshladi. G‘aribonning ovozi butkul chiqmay qoldi.

- Pis ilon, sasingni chiqarma! Yo‘qsa til tortmay, jahannamga ravona bo‘lursan!

- Uqdim, ammo qo‘yib yubor!

- Qo‘yib yuborishni sandan so‘ramasmen! Ovozingni chiqarma, dedim!

- Angladim!

- Hali barchasini anglaganingcha yo‘q!

- Tomog‘imni bo‘shat. - Bo‘g‘iq ovoz chiqardi u.

Bilagi yo‘g‘on Mavlonquli uning jig‘ildonini bo‘shatmay tayinladi.

- Ilon, pis dedim sanga. Aytganimni bajarasan!

- Angladim.

Mavlonquli uni so‘nggi bor yana qistovga olib bo‘g‘di.

- Mening ketimdan sasingni chiqarmay yurasan.

- Angladim. Illo barchasini angladim.

Ular nim qorong‘u yo‘lakdan o‘tib, marmar toshlar bilan ko‘tarilgan yashirin pillapoyaga yetishdi. Ikkovlon tepaga ko‘tarildi. Nihoyat yemak tayyorlanadigan bo‘lma ortda qolib, sulton Jaloliddin joylashgan koshonaga yashirin yo‘llar orqali yetib kelishdi. Bir yoniga qilich, bir yoniga xanjar osgan xos navkarlar ortda qolib, ko‘zlangan oshyona yonida to‘xtashdi. Eshik yonida muhim sanalgan ikki xos navkar bor edi. Ularning biri qilichini qinidan chiqarib:

- Omondir, og‘am?- deya co‘roqqa tutdi.

Mavlonquli yonida turgan G‘aribonni imo-ishorada ko‘rsatib dedi:

- Tashdor Jamolliddin Farrux amrlariga ko‘ra.

- Angladim!

Mavlonquli xiyonatkorni sudrab bo‘lma ichiga itardi. G‘aribon tepki zarbidan qaqshab ingrandi, so‘ng naq Jamoliddinning oyoqlari tagida o‘rmalab qoldi.

Tashdor unga qarab o‘shqirdi.

- Tur o‘rningdan!

G‘aribon jonsarak holda o‘rnidan turib, olazarak alfozda Jamoliddinga qaradi, biroq o‘ziga nafrat bilan qadalgan ko‘zlar zarbiga duch kelib, xiyonatkor nigohlarini olib qochdi. Jon tashvishi qutqu solib, u qaltiragan ko‘yi ortiga tisarildi.

- Yaqinlash deyman!

G‘aribon holi xarob kimsa singari dag‘-dag‘ titragancha Jamoliddin Farruxga yaqin keldi. Qahr va g‘azab ichida turgan tashdor ikki qo‘lini uning bo‘g‘ziga olib bordi. Bo‘g‘ilib, jon talvasasida qolgan G‘aribon xirillay boshladi.

- Bir qoshiq...

Ammo gapi oxirlay deganda ovozi o‘chdi.

Tashdor uning tomog‘ini biroz bo‘shatdi va zarda bilan:

- San kimsan?

- Man, man...

- San kimsan shahanshohning joniga qasd etgani, xaromzoda?!

- Buni man istamagandim...

- San istamagan bo‘lsang, unda taomga kim og‘u qo‘shdi?

U talmovsirab bir nimalar deb ming‘illadi, biroq uning gapi tushunib bo‘lmas mujmal edi.

- Saning haddinggami tushdi bul iflos yumush?

- ...

- Kim yordam etdi sanga?

- Og‘alardan Chog‘ir!

- Yana?

- Boshqasidan xabarim yo‘q!

- Boshching kim?

- Xabarim yo‘q.

Jamoliddin Farrux uning bo‘g‘zidan qo‘lini olib:

- Og‘alar! –deya chaqirdi qahrini ichiga sig‘dira olmay.

Eshik narida shay turgan og‘alar shoshib ichkariga kirishdi.

- Keltiring shu yerga Chog‘ir deganlarini!

- Amr etganingizdek!

Og‘alar qay yo‘sinda shitob ichida kirgan bo‘lsa, yana o‘sha yashin tezligida tashqariga chiqib ketishdi. Fursat o‘tib ular Chog‘irni sudrab keltirishdi. G‘azab otida ekani butun vajohatidan bilinib turgan Jamoliddin unga o‘shqirdi:

- Yaqinlash!

Chog‘ir ikki qo‘li qulliqda egilib, aro yo‘lda to‘xtadi.

- Yaqinlash deyapman,- tag‘in amr etdi unga Jamoliddin.

Bu gal Chog‘ir chorasiz alfozda Jamoliddin yoniga keldi.

- So‘yladiklariga ko‘ra,- tashdor ijirg‘anib, nigohlari bilan G‘aribonni ko‘rsatib gapirdi, - dediklariga ko‘ra, Sulton Jaloliddin onhazratlarining taomiga og‘u qo‘shmoqni san buryumishsan?!

- Og‘am, bul e‘tirof yolg‘ondur!

- Yolg‘on?

- Illo yolg‘on e‘tirofdur!

- Rostingni so‘yla, vale ko‘rib turibman, qoshi-ko‘zing ayri o‘ynayur saning.

- Tashdor og‘am, inoning, maning bir qabohatim yo‘qdur!

Jamoliddin devorga tayanib turgan G‘aribonning yonida keldi-da, kutilmaganda uning yuziga musht tushirdi va bo‘g‘ziga changal soldi.

- So‘yladiklarini eshitdingmu?

- Illo so‘yladiklari yolg‘ondur!

- Dediklaringni isbot etuvchi daliling bormu?

- Bor, bordur og‘am!

- Darhol, rostingni anglat unda. Yo‘qsa til tortmay ado bo‘lursan.

- Ul manga zahar bilan bul oltin to‘la xaltachani tutib, so‘ng e‘tirof etmish: "Bul zahar bilintirmay ta‘sir qilajak, ya‘ni iste‘molchi shul zahoti o‘lmagay, taomga kim qo‘shgani aslo bilinmagay, oylar o‘tib ta‘sir etajak bul og‘u", deya mani inontirmish.

- Uning so‘yladiklari chindir. Men buni ko‘zlarim ila ko‘rganman.- G‘aribonning aytganlarini chekkada turgan Mavlonquli tasdiqladi.

Hasrat ichida talmovsiragan Chog‘irning butkul dami ichiga qaytib ketgan edi.

Jamoliddin qo‘lidagi xaltachaga ishora qilib:

- Aytmabmidim, qoshi-ko‘zing ayri o‘ynayur saning deb, tag‘in so‘yladiklari yolg‘ondur de? - deya o‘shqirdi unga.

Ko‘ziga o‘z ajali ko‘rinib, dami butkul ichiga qaytib ketgan G‘aribon o‘zining halokatiga sababchi bo‘larak vahmli o‘yinga aralashganini daf‘atan anglab yetgan kabi dag‘-dag‘ titrar edi.

- Xato etdim.- xirillagan tovushda e‘tirof eta oldi u.

Tashdor endi Chog‘irni qiyin-qistovga olishda davom etardi.

- Sening haddinggami tushdi shahanshohni zaharlamoq?!

- Illo menda ixtiyor yo‘qdur.

- Nadir vaziyat? Anglat.

- Rahm eting, - iltijo ichida yalindi u. Kimga jon shirin emas. Biroq u bilagi yo‘g‘on Jamoliddin Farrux qo‘lida yana qistovga olindi.

- Sening joningni qiyaman.

- Bir qoshiq qonimdan keching!

- Yuragingni qo‘poraman! Illo o‘z valine‘matiga xiyonat qilganning holi xarobdur.

- Bir qoshiq qonimdan keching, na bo‘lur! O‘la o‘lguncha xizmatingizda bo‘lgayman.-Yolvordi u talvasa ichida.

- Sening joning azozil qo‘lidadir!

Shu gaplarni aytgan Jamoliddin uni tag‘in ikki qo‘li bilan beomon bo‘g‘di. Holsiz titray-tiray bo‘shashib qolgan Chog‘ir butkul jon taslim qilgulik holga keldi.

- Anglat! Seni kim yolladi? Aytmasang joningni olurman!

Jamoliddin uni battar siquvga oldi.

- Anglataman, illo anglataman!

- Sen kimsan, sultonning joniga qasd qilgani?

- Qasd etgan men emas, Buka Pahlavon...

- Tag‘in kim?

- Xumortegin, Qutlug‘xon.

Jamoliddin so‘nggi shiddatli zarbi bilan uni beomon bo‘g‘di. Xoin jon taslim etdi.

- Og‘alar!- deya chaqirdi tashdor va nigohlari bilan devorga suyanib so‘ng shilqillab qulagan Chog‘irni ko‘rsatib dedi: - Olib keting shuni ko‘zimdan!

Jon taslim etgan xoin yer quchoqlab pajmurda yotardi.

Oshyona to‘rida, ichki yashirin eshik tirqishidan bularni kuzatib turgan sulton Jaloliddin nariga qarab yo‘naldi. Ichkaridan yana ovoz eshitildi. Bu G‘aribonning "Rahm eting og‘am, bir qoshiq qonimdan keching na bo‘lar, rahm eting!" - deya talvasa ichidagi iltijosi edi.

Sulton Jaloliddin oshyonadan chiqdi, so‘ng keng bo‘lma orqali koshonaga o‘tib, to‘rida joylashgan taxtga borib cho‘kdi.

- Sasingni chiqarma, sani yuragingni qo‘porib, joningni qiygum!- G‘aribonga qarab o‘shqirgan tashdorning ovozi sultoning quloqlari ostida muallaq qotdi.

Qora va quyuq bulutlar bulashib, lojuvard osmon yuziga yana soya tashladi.

Qisqa fursat ichida Mankburni yetmish ming lashkar yig‘ib, ularni Gurganj himoyasiga hozirlagan, ammo so‘nggi Xorazmshoh fitna qurboniga aylanmog‘i xoinlarning rejasida bor edi. Suiqasd ustiga yana fitna qo‘zigan nokaslar g‘imirlab qolishgandi... Bu fitna boshida xiyonatkor kaslar - Buka Pahlavon, Xumortakin va Qutlug‘xon turar edi.

Dorulsaltana so‘nggi vorisi Jaloliddin Mankburnini shu tariqa mahv etishni rejalagan Xumortakin Jand noyibining og‘abegisi Qutlug‘xon hamkorligida xiyonat ko‘chasiga kirgandi. Xumortakin Gurganjda uya qurgan ko‘p sonli qipchoqiy zodagonlar va sarbozlariga tayanib, Sulton Jaloliddin bilan shu tariqa raqobatga kirishgan edi...

Ming ikki yuz yigirma birinchi yilning ayni qahraton qishi qilichini qayrab turardi. Endi Gurganjda qolish chunon tahlikali ekanini anglagan sulton alam ichida Xorazmni tark etdi.

Turkonning inisi xiyonatkor Xumortakin o‘zini Movarounnahr sultoni deb e‘lon qildi.

33. Sukutga cho‘mgan orol

Qahraton qishning bu galgi nayrangi boshqacha edi. Kimsasiz orolchada xuddi baxtiqaro Xorazmshohning o‘zi singari kunlardir, oylardir quyoshning ham yuzi kulmadi. Ashur ada oroli muzlagan o‘lik sukut ichra tosh qotgan edi.

Hazor dengizida adashgan bu yetim orolcha olislardan kishi ko‘ziga go‘yo suv betida qalqib turgan toshbaqa kosasi kabi ko‘rinar edi. Orolchada toshdan bino qilingan qo‘rg‘on qad ko‘targan. Ushbu mo‘‘jaz qo‘rg‘on zimistonu o‘lik sukunat ichida go‘yo musofirlari Muhammad Xorazmshoh va Jaloyir O‘zloqqa o‘xshab, matlubu unut xotirasini moziyga - ummon bag‘riga ko‘mib, mudhish o‘ylar ichida mudrab yotardi.

Mana necha kundirki, qahraton qish asov dovullari-yu, isyonkor do‘llari bilan orolchaga vahm va qutqu soladi. Sharqdan esgan shamollar esa darbadar to‘lqinlarga turtki bo‘lib, tinim bilmay shovullaydi.

Tuyqus yana dovul boshlandi. Kun peshinga qarab og‘ar mahal bo‘ron to‘xtab, atrof sukutga cho‘mdi, biroq havoning avzoyi hali ham buzuq edi. Daydi shamol tag‘in qo‘zg‘alib, ketidan to‘lib ketgan bulut yomg‘irlarini yog‘dirdi. Chaqmoq chaqib, momoqaldiroq gulduragi olamni tutdi va orolcha yana zulmat ichida qolib ketdi. Uch kun tinimsiz yoqqan yomg‘irdan so‘ng horib qolgan osmon og‘ir uh tortib, tungi orom og‘ushiga ketdi. Shu tariqa tunga xotima yasalib, yana tong otgan edi...

Nurli kunlar yana orolchani so‘roqlab keldi... Baayni choshgoh mahali xonanishin damlardan bezgan Xorazmshoh qo‘rg‘on atrofida kezindi. Shunda asta chayqalgan quyosh xasta-shikasta nurlarini bittalab jo‘natdi. Bora-bora quyosh nurlari jilolanib, atrofni iliq va xush yoquvchi oftobi bilan obdon siyladi.

Bu zamin jannat bog‘larining koni edi aslida. Chakkalariga susanbil chechaklari taqqan qizlar buloqdan ko‘zalariga suv to‘ldirib, oshyonlari tomon yo‘naladi. Osoyishta va uyg‘un bir paytda tuyqus borliqni qiyomat qo‘ptirib, yog‘iylar bostirib kirdi. Borliqni jahannam o‘tida yondirgan g‘animlar chindan haddidan oshgan edi.

Yurt xarobaga aylandi, obod shaharlarning esa kuli ko‘kka sovurildi. Ammo bu o‘lkada yog‘iylar oyog‘i yetmagan bir ajoyib go‘sha bor edi. Bu mo‘‘jaz maskan jannat hilqatlariga to‘la edi. Maloiklar o‘sha go‘shani changaliga mahkam tutgan ko‘yi olib qochibdi. Yo‘qsa, boylik va go‘zallikka o‘ch darbadar g‘animlar zamin gullarini uzib, atrofga o‘t qo‘yib, kulini ko‘kka sovurishi tayin edi-da.

Farishtalar aql bovar etmas yuksakliklar sari yo‘nalibdi. Quruqligu ummonni quyida qoldirib uchayotgan mahal qaysidir farishtaning qo‘lidan bir siqim tuproq suv yuzasiga to‘kilibdi. Mana endi jannatning bir siqim tuprog‘i ummon betida barq uribdi. Keyin suv betidagi bu mo‘‘jizabaxsh olamni odamlar orolcha deb ataydigan bo‘lishibdi.

Xorazmshoh bu ajoyib va so‘lim, alalxusus, yog‘iylar qilichidan omon qolgan orolcha ichida darbadar kezinar ekan, afsonada o‘ziga judayam tanish bir manzarani ilg‘ay boshladi.

34. O‘zloqning tuhfasi

To‘lqinlari muambar taralib, orolchaning sohilu siynasiga tinim bilmay urilayotgan bu zam-zama suv jilolari unga Jayhun mavjlarini eslatdi. Bu ham tanish, ham diliga juda yaqin bir jilo edi.

Xorazmshoh ortiga - qo‘rg‘onga qarab yo‘naldi. U o‘zi joylashgan oshyona to‘ridagi tokchadan udni olib, yana to‘lqinlar huzuriga qaytdi. Bu ajoyib cholg‘u musofir Xorazmshohning qadrdon sirdoshiga aylanib ulgurgan, ko‘ngli Hazor dengizi kabi to‘lib-toshgan mahallar shoh udni chalib ovunar edi. Cholg‘u chindan mungli kunlariga shahodatu shohid bo‘lgan yagona sirdoshi edi.

Oradan qancha oylar o‘tdi, o‘shanda u qaroli Jaloyir O‘zloq bilan shu suv betidagi quruqlikda qo‘nim topgandi. Ammo oylar o‘tib, ularning yemak zahirasi bo‘shab qoldi. Shunda Jaloyir qayiqqa chiqdi-da, eshkak eshib, olislar tomon yo‘naldi. Choshgohda jo‘nagan qarol ertasi kuni tushlik payti Xorazmshoh huzuriga yemak jamg‘arib qaytgandi.

U ozuqalar orasida olmaxon terisiga o‘ralgan bir nimani olib, Xorazmshohga uzatdi. Bu ud daraxtidan yasalgan bir cholg‘u edi. O‘zloq buni kechagi kun Qazvinlik savdogardan sotib olgandi.

Bir paytlar Movarounnahrda davru davron surgan Xorazmshoh saltanat tashvishlaridan bezgan kezlarida albatta ud chalar edi. Undan taralguchi kuy hali ham O‘zloqning yodidan ko‘tarilgani yo‘q, hali hamon quloqlari ostida muallaq jaranglab turardi.

Alouddin Muhammadning vujudini ajib iliqlik o‘rab oldi. Matlubi unut xotirasi yana ko‘ngil darichasini ohista chertib, qayta hojasini so‘roqlab kelgandi. Mana, oradan yana qancha oylar o‘tdi...

Xorazmshoh cholg‘uni qo‘lida tutgancha suvlari oftobning zarif nurlarida jilolanayotgan sohil labiga kelib to‘xtadi. U cho‘nqayib, yer tishlab qolgan odamning holatini eslatuvchi ulkan va qizg‘ish qoyatosh ustiga chiqdi-da, so‘ng cholg‘uni avaylab ko‘ksiga bosgan ko‘yi o‘rnashib o‘tirdi.

Shoh cholg‘uni ohista siladi. Shunda hasham berib yasalgan ud o‘zidan ajib bir hid taratdi. Sulton huzurlanib, qonib nafas olar ekan, barmoqlarini cholg‘uning hiyla katta kosasiga olib bordi, so‘ng o‘n ikki dona qovurg‘asimon taxtachalarini erinmay sanab chiqdi, ular orasida o‘rnashib qolgan g‘uborga ko‘zi tushdi. Bu cholg‘uning anchadan buyon chalinmaganidan dalolat edi.

Ko‘pdan unut bo‘lgan bir kuch, bir inja ohang vujudiga qaytayotganidan shoh mamnun bo‘ldi. Bunda betakror bir mutanosib uyg‘unlik bor edi: cholg‘u ko‘pdan chalinmagan, Xorazmshoh esa chindan ud chalmoqni ko‘pdan sog‘ingandi. Udning qovurg‘alari orasiga cho‘kkan g‘uborni puflab, so‘ng yengi bilan artib chiqdi. Nafis torlar ichida "chertasanmi" degan kabi mezrob turardi. Xorazmshoh mezrobni qo‘liga oldi. Atrof ham sokin, ham osoyishta; niliy osmon gumbazi ham musaffo, ham quyosh unga qarab jilva qilardi. Mana, Hazor dengizining suvlari taralib, to‘lqinlari mavjlanib, Ashur ada orolchasiga tinim bilmay urilib, so‘ng ortiga qaytmoqda. Huv narida, tepalikda toshqo‘rg‘on savlat to‘kib turibdi. Ko‘kda esa oqchorloqlar bir lahza qanot qoqmay inja kuyga some‘ bo‘lmoqda edi go‘yo.

35. Xorazmshoh nolasi

Orolcha oralab zarif bir kuy, inja bir sado ohista-asta taralib, so‘ng olislarga qarab yuksaldi. U chalgan ohanrabo kuy bepoyon bahri Hazorning so‘lim orolchasiga jo‘natilgan bir siylov edi.

Jaloyir O‘zloq qo‘rg‘on devori osha pastga enib qaradi va ajoyib manzaraga ko‘zi tushdi. Tepadan sohil bo‘yi va jimirlagan suv quyosh nurlarida billur shisha kabi yaraqlab ko‘zini qamashtirdi. Ana, dengiz suvlari taralib-taralib, mavjlanib-mavjlanib, Ashur ada orolchasini mayin billur tillari bilan silab, alqab o‘tmoqda. Suv yuzasidagi bu mo‘‘jaz quruqlikda esa sevikli hayot hali ham davom etmoqda edi. Pastlikda-chi? Pastlikda esa muambar to‘lqinlari quyoshning zarif nurlarida tobora jilolanayotgan zilol suv jo‘shib oqadi. Ulkan harsang tosh ustida o‘rnashib o‘tirgan Xorazmshoh cholg‘uga ko‘ngil qo‘yib, berilib chaladi. Ohanrabo kuy va ajoyib manzaraga some‘ bo‘lgan O‘zloq tosh devorga suyanib qoldi. Jon tomiriga inja ohang jilosi quyilib oqdi. Sajdaga bosh qo‘ygan mahal inson qalbi naqadar sokin bo‘lsa, Xorazmshoh turgan mo‘‘jaz orolcha ham shu qadar osoyishta edi bu dam. Ana, juda olislardan yelib-shoshib kelgan mayin va diltortar epkinlar Xorazmshoh yuzini silab o‘tmoqda. Mana, poyida suv ham kuyga hamohang jo‘r bo‘lib, mavjlanib oqmoqda, qoyatoshni tillari bilan yalab, siypab o‘tayotir. Ana, necha kunlardan buyon xomush tortgan quyosh yana ko‘kda chiroy ko‘rsatib, boz-qayta zarif nurlarini jo‘natayotir. Olislarda esa bir gala dengiz qushlari Xorazmshoh tomon uchib kelayotir.

Shoh esa hamon maroq bilan kuy chalar edi. Va, ehtimol, o‘zi chalayotgan kuyning oqimida o‘zi-da oqar edi. Bunda barchasi uyg‘un edi: ham suv zilol, ham samo beg‘ubor, ham borliq g‘oyat fusunkor. Ohanrabo kuy esa shaksiz betakror edi.

Nihoyat Xorazmshoh to‘lqinlar mavjiga qarab, jarangli va jozibali tovushda kuylay boshladi:

Judodirman mulkimdin,

Ruh judo bo‘lur tandin,

Otashida yondim man,

Yondi ro‘zi qiyomat,

Sen to‘lqin ogoh bundin,

Qirg‘og‘ingdin og‘asen,

Dard bo‘lib qayg‘u bo‘lib

Ko‘z yoshlarim sog‘asen...

Shahanshoh maftunkor va bag‘oyat shirali ovoz bilan kuylar ekan, uning bu xonishi O‘zloqni xushyor torttirdi; uning eti jimirlab, allaqanday joziba ko‘zlari ichiga quyildi-yu, keyin bu jilo butun vujudi aro tomirlari ichida qon yanglig‘ qo‘shilib oqdi.

Billur suv yobonida

Dilporamni keltirding,

Qushlarning qanotida

Sadporamni keltirding,

Faqat sen ogoh bundin

Qirg‘og‘ingdin og‘asen,

dard bo‘lib qayg‘u bo‘lib

Ko‘z yoshlarim sog‘asen...

Yelkali va basavlat Xorazmshoh xiyol egilib tor chertar edi. Yoniq ko‘zlarining qorachig‘ida hech arimas mung qotib qolgandi. Kuy ichiga singib taralayotgan o‘sha ko‘zlaridagi mung uning ko‘ngil ohi bo‘lib, endi bu tilidan samoga qarab ucha boshladi. Bu xazin xonish, bu mahzun hol O‘zloq ko‘nglida vayronkor kechinmalar qo‘zg‘adi.

Jigarporam dilbandim

Nolasini keltirding,

Xon Sultonim ko‘z yoshin

Jolasini keltirding,

Faqat sen ogoh bundin

Qirg‘og‘ingdin og‘asen,

Dard bo‘lib qayg‘u bo‘lib

Ko‘z yoshlarim sog‘asen...

U chalgan kuy qayg‘uga to‘liq ekani rost edi, nolasida esa alam va sitam mujassam edi. Xorazmshoh cholg‘uga ko‘ngil qo‘yib, ohistalik bilan chertar ekan, undan taralayotgan ohanrabo kuy olov tillari bilan suvlarni yalab, so‘ng ummon qa‘riga singib borardi.

G‘animiga chidagan

Bardoshini keltirding,

Mo‘g‘ulga faryod qilgan

Taloshini keltirding,

Faqat sen ogoh bundin

Qirg‘og‘ingdin og‘asen,

Dard bo‘lib qayg‘u bo‘lib

Ko‘z yoshlarim sog‘asen...

36. Tahlikali sukut

Ashur ada sohiliga urilib, atrofga taralayotgan to‘lqinlar Xorazmshohga jigarpora qizining uzun sochlari-yu, alamli ko‘z yoshlarini olib kelgani rost edi. Lojuvard osmon sokin, borliq osoyishta; mana, quyosh nurlari bilan borliqni siylamoqda. Ammo... ammo bu siylov, bu yorliq kimsasiz orolda panoh topgan bu ikki darbadarga aslo tatimas edi.

Ana, huv narida qaroli qo‘rg‘ondan enib, shoshgancha sohil tomon chopib kelayotir. Mana, Horazmshoh savqitabiiy holda ortiga – u tomon qayrilib qaradi. Shohning yuziga mudhish bir xotira ko‘lanka tashlagan, ko‘zlarining qorachig‘ida esa bir mung manguga qotgan edi. Xorazmshoh chuqur tin olib, og‘ir uf tortdi. Uning kulfati mislsiz edi. Bu Xorazmshoh halokati edi. Shohning ayni paytdagi siyratu suvrati O‘zloq ko‘nglida yana qayta vayronkor kechinma qo‘zg‘adi. Ko‘rdiki, qizg‘ish va ulkan qoyatosh ustida botmon-dahsar o‘yga cho‘mib o‘tirgan hojasining qayg‘usi chindan mislsiz. Angladiki, bu qayg‘u chindan aritib bo‘lmas ofat edi.

O‘zloq orolcha butalari orasidan quyon ovlab, taom hozirlamoqqa kirishdi. O‘choqqa puf-puflab qalagan o‘t tobora alangalandi. So‘ng olov tillari quruq yog‘ochni yalab, o‘choq ichini otashiga g‘arq qildi.

Jaloyir O‘zloq hojasiga quyon kabobi tortiq etdi. Ammo Xorazmshoh tuz tatimadi. Uning dardi arimas edi. Uning qayg‘usi mislsiz edi. Shahanshohning qoni jo‘sh urib, joni titradi. Bu titroq uni junbushga keltirdi. Kunlar, oylar shu yo‘sin azob komiga ko‘milib sukut ichida yashadi. Bu tahlikali sukut edi.Shoh yukundi-ovundi, ammo yuzi aslo kulmadi.

O‘zloq tulki terisi to‘shalgan o‘rindiqqa jips o‘rnashib o‘tirdi-da, kecha o‘zi silliqlab ishlov bergan og‘ochni yana qo‘liga oldi. Og‘och ichini kovak qilib o‘ya boshladi.

U g‘arov naychaning ustki tomonini tilib, kesib ochdi va barmoqlari yordamida bosib ochiladigan teshikchalar o‘yib chiqdi. So‘ng bulomonning orqa tomonidan yana bir teshikcha ochdi...

Dalli xayollari uni uzoqlarga olib qochgandi. U bulomonchi usta Sherzodning o‘rtanchi o‘g‘li edi. Mana qirq yilki Xorazmshoh huzurida xizmatda. Bu orada qancha suvlar oqib o‘tdi. Saroyda chin dildan mehnat qildi; ham nochor oilasini boqdi, ham Xorazmshohning inonchini qozondi. So‘ng xosnavkarlari qatorida uning eng sodiq quliga aylandi. Shohning ham quvonchli, ham qayg‘uli kunlarida doim yonida bo‘ldi. Ammo, so‘nggi kunlarda yuragini bir armon beayov ezdi: u Vatanidan ayri tushdi va kimsasiz orolchada ummon ko‘ngli muzlab, qotdi.

Qo‘l cho‘zgandi, osmon juda olis, yer esa chunon qattiq chiqdi.

Xiyonatkor o‘y va zulmkor og‘riq shohning vujudini qaqshatdi. Qorong‘u ko‘nglida oy mung‘ayib botgan, ko‘zidagi quyoshi mutloq so‘nik edi uning. U jondor terili yopinchiqni ustiga tortib, sukut ichida jim va xomush yotardi. Ko‘zlari esa shiftga qadalgandi. U xasta odam singari o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘alib, tashqariga chiqdi.

Qorong‘u ko‘nglida oy mung‘ayib botgan, tong otgan chog‘ edi. Sulton g‘ira-shira saharda sekin yurib, qo‘rg‘on atrofida shunchaki kezindi. Qirg‘oq bo‘yiga yetib kelgach, yonidagi harsangga suyanib, pastga cho‘kdi.

U orolchaga tikilgan ko‘yi nola qildi:

Judodirman mulkimdin,

Ruh judo bo‘lur tandin,

Otashida yondim man,

Yondi ro‘zi qiyomat,

Sen to‘lqin ogoh bundin,

Qirg‘og‘ingdin og‘asen,

Dard bo‘lib qayg‘u bo‘lib

Ko‘z yoshlarim sog‘asen...

Billur suv yobonida

Dilporamni keltirding,

Qushlarning qanotida

Sadporamni keltirding,

Faqat sen ogoh bundin

Qirg‘og‘ingdin og‘asen,

dard bo‘lib qayg‘u bo‘lib

Ko‘z yoshlarim sog‘asen...

Jigarporam dilbandim

Nolasini keltirding,

Xon Sultonim ko‘z yoshin

Jolasini keltirding,

Faqat sen ogoh bundin

Qirg‘og‘ingdin og‘asen,

Dard bo‘lib qayg‘u bo‘lib

Ko‘z yoshlarim sog‘asen...

G‘animiga chidagan

Bardoshini keltirding,

Mo‘g‘ulga faryod qilgan

Taloshini keltirding,

Faqat sen ogoh bundin

Qirg‘og‘ingdin og‘asen,

Dard bo‘lib qayg‘u bo‘lib

Ko‘z yoshlarim sog‘asen...

37. Movarounnahr xayoli

U noladan to‘xtab, tinib qoldi. Uning kulfati mislsiz edi. Bu Xorazmshoh halokati edi aslida. U go‘yo yashashdan to‘xtab qolgan maqsadsiz inson kabi ko‘kka tikilib uzoq turdi... Tuyqus osmon ravog‘i yolqinlanib, jigarbandlari Jaloliddin Mankburni, Qutbiddin O‘zloqshoh, G‘iyosiddin, Oqshoh, Rukniddin, Gursanjti, Hurshoh va tanho qizi Xon Sultonning rangin suvratlari namoyon bo‘ldi… Dilbandlarining suvratlariga intiq ko‘z tikkan Xorazmshoh nigohida bu gal Movarounnahr suvrati chizildi.

Movarounnahr! Movarounnahr!

Axir Movarounnahr uning orzusi edi.

Yer esa o‘z o‘qidan chiqib ketgandi. Aslida uning nazarida yer o‘pirilib, qiyomat qo‘pgan, osiylar esa jahannam zanjirida sudralib borar edi...

Movarounnahr!

Axir Movarounnahr uning orzusi edi...

Xorazmshohning shu orzuga intiq boqqan qorachig‘i bir qo‘rg‘oshin nuqta yanglig‘ qotib qolgandi. Sulton jahannam gulxanida yonmoqda edi.

Movarounnahr! Movarounnahr!

Movarounnahr uning xayoli edi. Shu orzuni, shu xayolni u o‘zi bilan birga olib ketgandi...

Tuyqus hayot to‘xtab qoldi.

Shoh jahannam otashida beomon qovurilib, harsang toshga suyangan holida tosh qotib qolgandi.

U shunday ayanchli o‘lim topgandi.

38. Ulug‘ Xorazmshoh zavoli

– Xayrli tonglar bo‘lsin, shohim! – dedi Jaloyir O‘zloq qulliqda bosh egib.

Xorazmshoh esa hamon ko‘zlarini osmon ravog‘iga qadagan ko‘yi jim edi.

- Xayrli tonglar bo‘lsin, shohim! – O‘zloq hojasiga yana xayrli kun tilab, ta‘zim bajo keltirdi.

Hojasining "Xayrdir! Omondir... qani yaqinlash, O‘zloq!"- deyishini kutgan qarol sukut ichida Xorazmshohdan bir taskin kutmoqda edi.

Ammo shahanshohdan sado chiqmadi, shunda O‘zloq boshini hiyol ko‘tarib, harsang toshga suyangan hojasiga qiyrihon nazar tashladi. Ko‘rdiki, shohning nigohlari qotib qolgan, angladiki, jonsiz jasaddan hech sado chiqmas! Ammo qarol umidsiz umidlardan umidvor edi.

– Shohim, meni eshityapsizmi, shohim! – u Xorazmshohning shundoq yoniga kelib, unga tomon enib, yillarki qulog‘iga quyilgan hojasining zalvorli, ammo ayni paytda bir mehr yashirin ovozini eshitishni chunon istadi. – Shahanshohim! Meni eshityapsizmi, shahanshohim? - Hojasidan sado chiqmagach, sinchiklab, cheksiz xavotir ichida tikilib qaradi va qo‘rqib ketdi.

Yo Rabbim! Sultonning qorachig‘idagi sukut manguga qotib qolgan edi.

Shohning qorachig‘i naq peshonasiga bitib, nafas olmoqdan to‘xtab qolgandi. Ko‘zlari ochiq edi. O‘zloq uning chap ko‘ksiga enib, qa‘riga quloq tutdi. Illo yurak Xorazmshoh ko‘ksini tepmoqda, ammo o‘tmish zarblarining elas-elas bu epkinlari chunon zaif, chunon sust edi. Shunday, bitta-bitta va ohista jon tomirdan joni uzilayotir edi uning. Tiriklik obi hayoti shoh tomirida mutloq to‘xtayotir edi.

- Shahanshohim, qo‘rqitmang meni! - Boyaqish olazarak boqdi, ammo unga dalda bo‘lguvchi biror zog‘ atrofida yo‘q edi. O‘zloq ho‘ngrab yubordi. U otash o‘tida beomon qovurildi.

- Shahanshohim nafas oling, meni qo‘rqitmang!

Ammo shohdan hamon sado chiqmadi. Shunda u nola qildi:

- Parvardigoro! Yo Xudo! Uni tiriklik obi hayotidan judo qilma, na bo‘lar, yordam et. Uni qo‘ri, hifzi himoyangga ol. Meni yolg‘iz tashlama. Meni yolg‘iz tashlama!

39. Motam qo‘ynida

O‘zloqning qayg‘usi mislsiz edi. Xorazmshoh halokati - uning halokati edi. Ammo, ammo o‘lim qarshisida barcha barobardir: shoh ham, gado ham o‘lim tashrifi oldida bosh egib, ojiz qoladi.

O‘zloq motam ichida qoldi. Hatto Ashur ada orolchasi-da motam ichida edi, to‘lqinlari esa musofiri Xorazmshohni yo‘qlab, sollana yig‘lab oqmoqda edi. Bir umr shohning xizmatini qilgan Jaloyir O‘zloqning ko‘zlaridan potrab chiqqan alamli yoshlar orol sohillarini yalagan suvlarga qo‘shilib oqdi. Sohil labida muttasil daydigan dengiz qushlari–da O‘zloqning xarob holidan xabardor edi.

Ming ikki yuz yigirma birinchi melodiyning zimistonida ulug‘ saltanat –Movarounnahr sultoni Muhammad Xorazmshoh dorilfanodan dorilbaqoga rixlat etdi. Uning bu taqlid zavoliga yolg‘iz shohid bo‘lgan Jaloyir O‘zloq kimsasiz orolda, motam ichida qoldi. Keyinchalik u Sulton Jaloliddin huzuriga kelib, bu haqda guvohlik berdi:

– Jonsiz jasadni quchoqlab qoldim. Meni yolg‘iz tashlamang, deya nido etdim. Ammo javob olmadim. So‘ng noiloj shahanshohni tuproqqa topshirdim. Orolchaga ko‘mdim. "Bu yerga shohlar shohi ko‘milgan" degan bitikni qoldirdim. – deydi kuyunib. – Motam ichida beayov yondim, Xorazmshoh Sulton Muhammad ibn Tekishni chorasiz, o‘zi kiyib yurgan kiyimida dafn etdim.- deya xotimalaydi.

40. Ilk to‘qnashuv

Tobiston chillasi o‘z kuchini ko‘rsatdi. Oftob Movarounnahr dashtlarini zabtiga olgan, jazirama kunlarda jang qilaverib, butkul holdan toygan qo‘shinlarga hordiq kerak edi. Garmsel olov selini yuborgach, dashtda yurib bo‘lmay qoldi. Chingizxon qo‘shinlariga biror fursat dam bermoqqa jazm etdi.

Mo‘g‘ullar ayni shu jazirama kunlarda Qashqa va Surxon vohasini ishg‘ol etgan edi. Endi Chingizxon Balx orqali Buyuk Xorazmshohlar bosh kenti – Gurganjni ishg‘ol qilishni rejalagan edi. U Gurganjni bir hamla bilan egallash chora-tadbirlarini ishlab chiqdi. Shunga ko‘ra barcha kuchlar bo‘lajak savashga hozir etib qo‘yildi.

Movarounnahr Valiahdi sulton Jaloliddin inilari bilan Xorazm dengizidan o‘tib, Jayhun orqali Gurganjga kelgach, zudlik bilan yetmish ming lashkar yig‘gani Chingiz qulog‘iga yetib borgan edi... Turkon Xotun qavmidan bo‘lgan sipohsolar Buka Pahlavon, Jand noibining lashkarboshisi Qutlug‘xon va ularga muttasil xamirturush bo‘lgan Xumortakin Movarounnahr valiahdiga qarshi fitna qo‘zg‘agach, Sulton Jaloliddin Gurganjni tark etgan edi.

Turkonning ukasi Xumortakin o‘zini Movarounnahr sultoni, deb e‘lon qildi va bu bexosiyat mujda Chingizxonni behad suyuntirdi. Bu uning uchun ayni muddao edi. Ammo sulton Muhammadning o‘g‘illari yetarli kuch to‘plagani Chingiz dilini benihoya xira qildi. Chingizxon zudlik bilan o‘g‘illari Jo‘ji, Chig‘atoy va O‘qtoy boshchiligidagi katta cherikni safarbar etib, Xorazm sari yo‘lladi. Ammo u ehtiyotkor va hiylakor edi. Chingizxon Movarounnahr shahzodalari muhoraba mahali Xurosonning behudud sarhadlariga chekinishi mumkinligini nazarda tutib, Xorazm cho‘llarining janubiy hududlariga o‘z qo‘shinlarini pistirmaga qo‘ydi.

Gurganjda fitna qurboniga aylanmaslik uchun Nisoga qarab yo‘l olgan Sulton Jaloliddin Temur Malik hamkorligida yog‘iyning pistirmaga qo‘yilgan ayni shu hisobsiz lashkariga to‘qnash keldi.

Jang chindan beomon kechdi, yog‘iy kuchi sulton Jaloliddin lashkarlaridan bir qancha ziyod edi, ayni tahlikali savashda bu ularga juda qo‘l keldi.

Havoning ham avzoyi buzuq edi, biroq peshinga borib, kunning chiroyi ochildi. Quyosh qiyrixon tushib, atrofni ilitdi. Pistirmaga qo‘yilgan lashkarlar Niso shahri tomon chekinayotgan Jaloliddin qo‘shinini yoylardan o‘qqa tuta boshladi. Bir daf‘a sarosimaga tushgan sulton lashkarlari tezda o‘zini o‘nglab oldi.

Ammo mo‘g‘ullarning siquvi tobora avjiga chiqa boshladi. Bu gal ular manjaniqlardan o‘t otishdi. Hujum shiddatli edi. Atrofni qiyomat qo‘pdi. Taloto‘p savash ro‘yi zaminni larzaga soldi.

- Bir muddat ortga chekingaymiz.- Buyruq berdi sulton.

Lashkarlar ortiga tobora enib, chekina boshladi. Ammo bu majburiy hol uzoq davom etmadi. Hukmdor lashkarlariga qarata hayqirdi:

- Endi alarning hamlasini qaytarib, so‘ng hujumga o‘tgaymiz. Illo bul shunday hujum bo‘lsinkim, qadamlarimiz zarbidan g‘animlarimiz titrasin! Shunday hujum bo‘lsinkim, toki bizga tuzoq qo‘ygan g‘anim yer tishlab, qon qaqshab qolsin. Va biz, illo g‘olib bo‘lg‘aymiz. Bul g‘oliblik ushbu savashga tugal xotima va kelgusi jangu jadalda muzaffariyat tug‘ini quchmoqlikni tajalli etsin...

- Omin!

- Olg‘a!

- Olg‘a! – Atrofni sulton navkarlarining hayqiriqlari tutib ketdi.

Ot ustida lashkarlarini zafar quchmoqqa chorlagan sulton ko‘kka sapchiyotgan qarchig‘ayning tizginini quyiga qarab tortdi. Bu turtkini anglagan ot avvaliga kishnab, so‘ng tuyoqlarini yerga tarsillatib urdi. Sulton tag‘in unga belgi jo‘natdi. Ot yuvvosh tortmog‘i uchun tizginni yana bir bor tortib, oyoqlari bilan biqiniga niqtadi. Qarchig‘ay so‘nggi bor ko‘kka sapchib, alhol yuvvosh tortdi.

Suton yana lashkarlariga qarab hayqirdi:

- Buyuk Movaronunnahr uchun olg‘a! – Sulton tilidan uchgan bu jangovar hayqiriq lashkarlariga jo‘natilgan farmon edi.

- Olg‘a! Buyuk Movarounnahr uchun olg‘a!- Yana lashkarlar hayqirig‘i olamni tutdi.

- Endi ular ustiga hamlaga o‘tgaymiz!

41. Ayovsiz jang

Atrofda otilgan yoy o‘qlari shamol kabi izg‘irdi. Mo‘g‘ullar yana manjaniqlardan olov purkadi.

Ikki tomon taloto‘pi olamni tutdi.

Sulton lashkarlariga amr etdi.

- Endi oldinga qarab olg‘a! Olg‘a!

- Og‘alar, olg‘a! Movarounnahr uchun olg‘a! - Chorlov yangrab, savash maydonida barcha sergak tortdi. Nog‘oralar chalindi.

Bu – qonli va muttasil savashga bir ishorat edi. Bu – muzaffariyat tug‘ini sarbaland ko‘tarib, g‘olib chimoqlikka bir da‘vat edi.

Sulton Jaloliddin boshchiligidagi turkiy lashkarlar nog‘ora sadolari va jangovar hayqiriqlari bilan oldinga qarab yo‘naldilar. Ikkiyoqlama kamonlardan otilgan o‘qlar havoda izg‘ib, ko‘plarni juvonmarg etdi. To‘plardan otilgan olov esa ko‘plarning yostig‘ini quritdi...

Sulton lashkarlari tobora oldinga qarab siljir ekan, hayqirig‘u shiddat bilan otilgan o‘qlardan yog‘iy sarosimaga tushdi. Mo‘g‘ullar bu qonli savashga dosh bera olmay, duch kelgan tarafga tumtaraqay qocha boshladi.

Sulton lashkarlari Niso shahriga yetib kelishgach, qal‘a ichida panoh topishdi. Ammo qurbonlar va yaralanganlar sanoqsiz edi.

- Yaradorlar hujralarga zudlik bilan joylashtirilsin. Nisodagi jamiki hakimlar chaqirilib, zudlik bilan alarga yordam ko‘rsatilsin.

Jaloliddin bergan amr barchani oyoqqa turg‘azdi.

Yaralangan va qurbon bo‘lgan lashkarlarni ko‘rgan sulton musibat uyasi ichida qolgan kabi his etdi o‘zini. "G‘amga botmoq fursati emas, oyoqqa tur, Jaloliddin! Yovqur qilichingni ishga sol, alarning ta‘qibini qarchig‘ay changallaring bilan yeng, alarni yer bilan yakson et!", ichidan otilib chiqqan bu chorlov uni sergaklantirdi.

Zo‘rg‘a hujra eshigiga yetgan Sodiq suyangan holida, ichkariga kirishga qurbi yetmay holsiz yiqildi. Uning ketidan yana bir yarador yerga quladi.

Qorong‘u tushib qolgan, yo‘lakda qo‘llarida chiroq ko‘targan navkarlar ko‘rindi. Ular keng va qorong‘u qo‘rg‘on yo‘lagining har yeriga yorug‘ bo‘lsin uchun chiroqlarni qo‘yib chiqishdi.

Hakimlar yarador askarlarni ko‘tarib, hujraga olib o‘tishdi.

Hujra to‘rida behol yotgan Sodiq og‘riq azobidan ingrandi. Hakim unga malham qo‘ygan chog‘ og‘riqqa dosh bera olmay, yotgan joyida to‘lg‘ondi.

- Og‘am, vazmin bo‘l, vazmin! – dalda berdi hakim unga.- Og‘riq o‘tib ketgay, illo tezda oyoqqa turgaysan!

Hakim boshqa bemorning yoniga o‘tdi. U avval uch navkarning kamon yoyi teshib o‘tgan yarador oyog‘ini tozalab, keyin malham qo‘ydi. Og‘riq azobiga dosh bera olmagan bemorlarning oh-vohi hujrani tutib ketdi.

Boshqa bir navkarning ahvoli juda og‘ir edi. Chap ko‘ksiga xanjar qadalgan Shodiyorning tanidan tinimsiz qon oqardi.

Ko‘kragiga qo‘lini olib borgan yarador, ko‘ksidan chiqayotgan qonni ko‘rib, umidsiz va holsiz boshini quyi tashladi.

Uni hujraga qo‘ltiqlab kiritgan lashkar og‘alarning biri ustidagi kiyimini yechib, bemorning boshiga yostiq qilib qo‘ydi. Shodiyor unga bir fursat nolon alfozda tikilib turdi-da, keyin yana og‘riq azobidan ingrandi.

Karimqul cho‘michda suv olib keldi. Bemor suvdan ichib bo‘lgach, holsizlikdan yana ingranib bazo‘r so‘zladi:

- Men o‘laman!

- Unday dema, sen yashab ketursan. Illo, ojiz g‘amlardan qutulursan. - Dalda berdi Karimqul.

Shodiyor otash o‘tida to‘lg‘onib, yana ozurda so‘ylandi:

- Karimqul, men o‘-o‘laman!

- Inim, yaxshi niyat qil! Ollohim ojiz bandalarini hifzi himoyasiga olguvchidir!.. O‘zidan boshqaga ehtiyojimiz yo‘qdir.

Shodiyor talvasa ichida kalima qaytardi. So‘nggi nafas olingan edi. Joni uzilar chog‘ og‘zidan bir qultum qon kiyimi osha quyiga oqib tushdi...

- Haqning rahmatiga qovushsin!

Bu g‘arib manzarani eshik tirqishidan kuzatib turgan Jaloliddin yuziga fotiha tortdi. Qurbonlar sanoqsiz, yaradorlar undan-da ziyod edi. Ammo ertangi jang uchun qolganlar kuch yig‘mog‘i darkor edi.

42. Dastlabki g‘alaba

Kechagi savashda tumtaraqay bo‘lib, har yonga to‘zg‘igan mo‘g‘ullar qorong‘u tun zulmatida bir fursat orom olib, keyin yana jamlanishdi. Tong otib quyosh chiqishini kutgan yog‘iylar g‘imirlab qolgandi.

Quyosh chiqar tomonda devorlari xarsangtoshlar bilan ko‘tarilgan Niso qal‘asi mustahkam qo‘rg‘on edi. Ammo hisobsiz otilayotgan to‘plar zarbi qal‘a devorlarini titratdi, manjaniqlarda olov seli purkayotgan g‘animlar tosh qal‘ani qo‘pormoqqa qasd etgandek tinim bilmasdi. Nihoyat, mo‘g‘ullar biroz tinchib qolishdi. Keyin ma‘lum bo‘ldiki, ular navbatdagi hamlaga tadorik ko‘ra boshlashgandi: ular hali qurimagan terak novdalariga temir tishlar o‘rnatib, katta aravalarga ortishdi. So‘ng xodalarni aravalarga arqon bilan jips bog‘lab, ulkan darvozaga qarata hujumga shay qilib qo‘yishdi.

- Alarning ustiga qizdirilgan yog‘ quyib, so‘ngra o‘t qo‘yilsin! - Amr etdi sulton.

Buyruqni kutib turgan lashkarboshi zudlik bilan amrni bajarmoqqa kirishdi.

Mo‘g‘ullar hozirlangan aravalarni shiddat bilan itarib, qal‘a darvozasi tomon yaqinlasha boshladi.

Mana, qal‘a darvozasini bir zarbi bilan qo‘pormoqqa qasd etgan mo‘g‘ullar manzil tomon yetib kelishdi. Darboza qo‘porilishiga bir bahya qolgan chog‘ ularning ustiga qizdirilgan yog‘ quyildi. So‘ng olov yoqilib, pastga tashlandi. Mo‘g‘ullar jahannam olovida kuyib, ortiga chekinmoqdan o‘zga chora topa olishmadi. Olatasir qiy-chuv, hasratli oh–voh olamni tutib ketdi. Jon talvasasida beomon to‘zg‘igan g‘animlar ortiga qarab qocha boshladi.

- Darbozalar ochilib, yoppasiga hamlaga o‘tilsin! – Amr etdi yana sarkarda.

- Olg‘a! Oldinga olg‘a! – Hayqirdi shovvozlar.

Sulton lashkarlari qal‘a darvozasidan chiqib, olamni buzgulik hayqiriqlari bilan tobora orqaga chekinayotgan dushman ustiga hujumga o‘tishdi. Ular yovvoyi mo‘g‘uliy galalarni shahar tashqarisiga qadar quvib borishdi. Yalanglikka yetgan chog‘ sulton lashkarlari bu savashga yakun yasadi; ular dushmanning o‘ng va so‘l qanotini yorib chiqishgach, mo‘g‘ullar batamom yakson etildi. Bu beomon savashda sulton Jaloliddin shaksiz g‘alaba qozondi.

Ot choptirib, bag‘ri qonab yotgan yalanglikni ortda qoldirgan yovqur sarkarda gujumzor yonida to‘xtadi. U so‘nggi bor ortiga boqdi; huv narida savashda jon bergan navkarlar yer quchoqlab yotardi. Bu urush tamoyilidir - kimdir yer tishlab qoladi, kimdir baralla ovozda zafar quchadi. Sarkarda Jaloliddin ortiga - shahidlarga qadalgan nigohini to‘g‘riga burdi. Uning ko‘z o‘ngida bosilajak va chunon adoqsiz yo‘l turar edi.

Zafar quchgan hukmdor lashkarlari qurshovida Nishopurga qarab yo‘l soldi.

43. Arslonlar ichidagi sher

Muzaffariy lashkarlari qurshovida yo‘lga chiqqan bu sarkarda – yovqur Jaloliddin, buyuk Xorazmshohlar dorulsaltanasining yettinchi sultoni yalovbardor hukmdor Abdul Muzaffar Mankburni edi. Movarounnahr sultoni Alouddin Muhammad Xorazmshoh hamda turkmanlardan bo‘lgan Oychechak Sultonbegimning to‘ng‘ich farzandi-arjumandi Jaloliddin Mankburni edi... Uning Islomiy to‘liq ismi Jalal ad Dunya va-d Din Abdul Muzaffar Mankburni ibn Muhammaddir. Yuzida mank, ya‘ni xoli bilan tug‘ilgan shahzodaga turkiy ism ravo ko‘rildi. Unga Mankburni nomi berildi.

Jaloliddin saroy tamoyillariga ko‘ra shahzodalar tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi xos murabbiylar qo‘lida oliy maqomda tarbiya ko‘rib, savod chiqardi. Qachonki Mankburni to‘qqiz yoshga to‘lganida din ahkomlari, riyoziyot, Qur‘on tafsiri hamda Hadisi sharifni mukammal o‘rgandi. Barcha islomiy va dunyoviy bilimlar hamda harb san‘ati sirlarini mukammal egallab, voyaga yetgan shahzodani buzrukvori sulton Muhammad Horazmshoh G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston qadar yoyilgan sarhadsiz hududlarga hokim etib tayinladi.

Otasining harb yurishlarida ishtiroq etgan shahzoda, jang maydonida o‘z mahoratini oshirdi. Savash chog‘ida sher hamlasini qo‘llab, shoqollar raqsini batamom yenggan Jaloliddin muarrix Nasafiy nazmida "Muhammad Xorazmshoh arslonlari ichidagi sher" degan ta‘rifga musharraf bo‘ldi.

Shoqollar zarbini daf etib, sher kabi g‘animini yenggan Jaloliddin muhoraba maydonida yog‘iy qalbiga mislsiz g‘ulu solib, qudratli zarbi bilan ularni yo‘qlik qa‘riga uloqtira olardi. U muarrix Nasafiy ta‘biricha, chindan Muhammad Xorazmshoh arslonlari ichidagi sher edi.

* * *

Tun ustidan qora chimmat yechib olingach, oydin kun tajalli etildi. Bu tong juda erta uyg‘ongan shahzoda bugungi harb mashg‘ulotini Jayhun etagida o‘tkazmoqni mo‘ljallagan edi. Shunga ko‘ra Sohibjahon Eldegiz saroyda uni kutib turardi.

Movarounnahr uzra qahrli qish poyoniga yetib, ko‘klam nimjon oyoq tashladi. Xush yoquvchi billur tomchilari bilan alaflarni siylagan nayson tezda tinib, ko‘kda quyosh chiroy ko‘rsatdi. Borliq uyg‘onib, Jayhun qayirida kurtak yorib chiqqan nihollar bahor yellarida inja chayqaladi. Tepalik to‘shida esa jiydazor yastangan, ular ko‘klam kelgan esa-da, hali qish uyqusida mudroq yotardi. Tufroq yorib, bosh ko‘targan maysalar quyoshning zarif jilosida ajib tovlanadi... Ko‘pdan bunday so‘lim bahorni sog‘ingan Jaloliddin ko‘klam havosidan simirib, Jayhun tomon ot choptirib o‘tdi. Uning ketidan harb san‘atining usta-piri Eldegiz va xos navkarlar ot surishdi.

Suvoriylar daryo qayiridagi butazorlarni ortda qoldirib, so‘qmoq yo‘lga chiqishdi. Bu so‘qmoq suvoriylarni sohil labiga yetakladi. Shahzoda egardan tushib, tizginni navkarga tutdi.

Shundoq poyida, qirg‘oqqa urilib, so‘ng taralib ortga qaytayotgan to‘lqinlar mavji uning ko‘zlarini qamashtirdi.

Shams nurlariga cho‘milgan shahzoda, ro‘parasida yerga jips qotgan ulkan harsangtosh ustiga bir hatlab chiqdi, so‘ng yana nigohlarini shaffof suvlar mavjiga qadadi. To‘lqinlar qimir-qimir mavjlanib, qirg‘oqqa urilgan chog‘ shahzoda yuragida cheksiz bir zavq-ishtiyoq his etdi. Ko‘nglida ajib ruhiy g‘alayon qo‘zg‘aldi.

Zam-zama, muzdek huzurbaxsh hovur shahzodaning yuz-ko‘zini chayib o‘tdi. U harsangtosh ustidan quyiga sakradi, so‘ng huv narida ot tizginini tutib turgan navkarning yoniga keldi. Torg‘il ot egasiga belgi berib, tumshug‘ini ko‘tarib kishnadi, so‘ng ko‘kka sapchidi. Ot surgan shahzoda bir doira hosil qilib, o‘zini kutib turgan Eldegiz qarshisida to‘xtadi.

- Shahzodam! - Eldegiz Jaloliddinga lutf ichida so‘zladi. - Ixtiyor etsangiz mashg‘ulotni boshlasak!

Jaloliddin tavozeda bosh egib:

- Ma‘qul! - dedi.

- Bukun chapdastlikda kuch sinashgaymiz!

-Uqdim!

- Qani, unda yalanglikka o‘tgaymiz.

Ular maysalar sabza urib chiqqan yalanglikka yetib to‘xtashdi.

Qilichini qinidan chiqargan shahzoda ro‘parasida turgan ustoziga ta‘zim qilib, mashg‘ulotga kirishdi. Kesgir shamshir quyosh jilolarida ko‘zni qamashtirib, dami havo oqimini kesdi.

- Shahzodam so‘ldan, so‘ldan harakat qiling.

- Uqdim.

- Qilichboz ham o‘ng qo‘lida, ham chap dastida qilich o‘ynatmoqni bilmog‘i darkordur!

Chap qo‘lida qilich tutgan shahzoda raqibini mo‘ljalga olib yaqinlashdi. Ammo Eldegiz qo‘lidagi shamshir naq mo‘ljaliga borib tegdi. Raqib zarbi tezda uning shamshirini qayirdi.

So‘ng qilichbozlar yana qilich qayratib, savash maydonida kezinishdi.

- Avval mo‘ljalga oling. Mo‘ljalga oling, shahzodam!

Usta ortiga tisarildi. Jaloliddin Eldegiz tomon enib harakat qildi.

- To‘g‘ri va ayni vaqtida olingan mo‘ljal savash maydonida muhim omil bo‘lgay.- uqtirdi usta qilichboz.

Chap dastida qilich tutgan shahzoda daf‘atan Eldegizning qilichini qayirib, quyiga egdi, ammo o‘zini o‘nglab olgan ustoz qilichini yana havoda o‘ynatdi. Jaloliddin so‘nggi shiddatli zarbi bilan raqib qilichining damini kesib, qayirdi.

- A‘lo! – Olqishladi ustoz.- Endi hamlaga o‘tgaysiz.

O‘z vaqtida mo‘ljalga olib, harakat qilgan shahzoda o‘zi tomon yo‘naltirilgan shamshir damini so‘nggi zarbi bilan qayirdi, endi hujumga o‘tmog‘i darkor edi. Ayni bu chog‘ ro‘parasida qalqon ko‘targan Eldegiz shahzodaning naq ko‘ksiga qilich tiramoq payiga tushdi. Jaloliddin qilich zarbini qaytardi.

- Ofarin!- Olqishladi usta.

So‘ng yana qilichlar havoda o‘ynadi. Jaloliddin raqibini mo‘ljalga olib, hujumga o‘tdi.

- Bale, bale shahzodam! Mo‘ljal ayni vaqtida olindi!

Bu gal qilichboz shamshirini Eldegizning naq ko‘ksiga tiradi. Usta tishlarini tishlariga qo‘ydi. Shunda uning jag‘i bo‘rtib chiqib, peshonasi tirishdi. Yuzidagi ajinlari quyuqlashib, o‘zini himoya qilmoqqa kuch topa bilmadi. So‘ng ko‘zlarida sanoqsiz yulduzchalar chaqnab chiqdi va u chorasiz yerga quladi. Ko‘rdiki, shogirdining bilagida yoshlik shijoati qaynab toshayotir. Angladiki, bu bilagi yo‘g‘on qilichboz bu hamlasini endi chinakam savashda qo‘llasa arzirdi.

Raqib qilichini qayirib, shiddatli kuchi bilan nariga uloqtirgan shahzoda nafasini rostladi. Eldegizning bo‘sh qo‘llari esa havoni sermalar edi.

- Ofarin! Shahzodam, olqishlarim sizgadir. Shogird ustani yengmish! Illo bu hamlani endi harb yurishlarida qo‘llagaysiz! Qilichingiz mudom kesgir, zarbingiz shiddatli bo‘lsin!

- Omin!

Jaloliddin quyosh jilolarida toblangan kesgir qilichi uchiga barmoqlarini olib bordi. Bu chog‘ qalbida muqaddas tuyg‘u yuksaldi. Bu bobolari bunyod etgan Ona Vataniga so‘ngsiz muhabbat, burch tuyg‘usi edi. U qilichini qiniga solib, qirg‘oq bo‘yiga yo‘naldi. Sohil labiga yetib kelgan shahzoda yeng shimarib, qo‘lini oqayotgan suvga soldi. Muzdek suv oqimi uning hozirgina qilich tutgan qaynoq qo‘llariga xush yoqdi. U pokiza ixlos bilan yuz-ko‘zini Jayhun suvlariga chaydi. So‘ng ortiga qaytib, o‘ziga qulliqda bosh egib turgan xos navkariga qarata buyurdi:

- Ot keltirilsin!

Shahzoda Jayhun qayirining so‘l etagiga qarab ot surdi. Bir muddat tizginni holi qo‘yib, qo‘llarini yoygancha ot choptirdi. So‘ng o‘ziga tikilib qolgan usta Eldegiz tomon qayrilib hayqirdi va shu holda qulochini ozod yoyib, olislarga qarab ot surib ketdi. Bu uning qaytmasligidan dalolat edi.

Jayhun etagida uni kuzatib qolgan Eldegizning qulog‘i ostida tizginsiz, qulochlarini yoyib ot surgan Jaloliddinning ozod hayqirig‘i muallaq qotdi:

"Alhamdulilloh! Alloh, Alloh!"

Jaloliddin ayni balog‘atga yetib, harb san‘atini puxta va mukammal o‘zlashtirgan edi. Endi bu mahoratini harb yurishlarida, jangu mujodalalarda qo‘llamog‘i darkor edi.

Davomi bor