BMT: Shimoliy Koreya o‘z xalqiga nisbatan "misli ko‘rilmagan jinoyatlar" sodir etgan

Image copyright AP

BMT Shimoliy Koreya rejimiga qarshi inson haqlari doimiy toptalishi uchun chora ko‘rishni talab qilishini bildirgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bugun Shimoliy Koreyada oddiy xalq davlat tomonidan qanday daxshatli munosabatga mahkum etilayotgani haqida hisobotni chop qilishi kutiladi.

Bir yil davomida tergov olib borgan mutaxassislar o‘ta noinsoniy munosabatlarni aniqlashgani va bu borada jahon hamjamiyatini ogoh qilish kerakligini aytganlar.

Tekshiruvlar mobaynida BMTning inson haqlari qo‘mitasi ekspertlari "Shimoliy Koreya tuzumi o‘z xalqiga nisbatan "misli ko‘rilmagan jinoyatlar sodir etgan", degan xulosaga kelganlar.

Tahlilchilar qiynoqlar, qullik mehnati, shafqatsiz qatag‘onlar va boshqa ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyatlar haqida guvohlarni tinglaganlar.

Ekspertlar xulosasi bu safar xalqaro mahkama yoki harbiy tribunal tomonidan yangi tekshiruvlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Image copyright AP

Kimlar oilasi shaxsiga sig‘inish Shimoliy Koreyada cho‘qqisiga chiqqan. 2011 yilda vafot etgan Kim Chen Irning tug‘ilgan kuni xuddi u tirik paytidagidek tantana qilib kelinadi.

Pxenyan ko‘chalari kimsasiz, biroq turmalarda o‘n minglab siyosiy tutqunlar azob chekayotgani aytiladi.

BBCning Jenevadagi muxbiri Imojen Fouksning xabar berishicha, BMTning yangi hisoboti ma‘lumotlarga to‘la va eng fosh qiluvchi bo‘lishi kutilmoqda.

Ekspertlar guvoh bo‘lgan ma‘lumotlar kishini dahshatga soladi. Ular o‘z bolasini hukumat bosimi ostida suvga cho‘ktirishga majburlangan ona haqida, tug‘ilishi bilanoq qamoqqa tashlanib, ochlik bilan azoblanib o‘ldirilgan go‘daklar, faqatgina xorijiy seriallarni tomosha qilgani uchun qiynoqlarga solingan butun boshli oilalar haqida eshitishgan.

Hisobotda mamlakatda terror orqali o‘z xalqi ustidan qattiq nazorat o‘rnatilganini isbotlovchi yuzlab dalillar bor, deydi BBC muxbiri.

Bunday dahshatli voqealar Kimlar xukmronligidagi sharoitdan qochib jon saqlagan shimoliy koreyalik qochqinlar hikoyalarida ilgari ham keltirilgan.

Tuzum kontslagerlarda o‘n minglab siyosiy maxbuslarni saqlab, axolini sodiqligi uchun tabaqalarga ajratib keladi.

Kim Chen Inning hokimiyatga kelishi esa qo‘shnilariga va AQShga doimiy urush tahdidlari, xarbiylar va mulozimlarning iste‘fosiyu qatli bilan davom etayotgani kuzatiladi.

Qochqinlarning so‘zlariga ko‘ra, odamlar nafaqat hukumat tomonidan doimiy kuzatiladi, balki qo‘ni-qo‘shnilar ayg‘oqchilik bilan bir-birini qadami haqida rasmiylarga xabar berib turadi.

Bu ma‘lumotlar ilgaridan aniq bo‘lsada, BMTning oxirgi tekshiruvlari Shimoliy Koreya hukumati jinoyatlari xalqaro miqyosda jiddiy qayd etilishi bo‘lmoqda. Va kelajakda tuzumni mahkamaga topshirish imkonini beradi.

Shimoliy Koreya hukumati ushbu teshiruvlarga yordam berishni rad qilgan va o‘z navbatida mamlakatda inson huquqlari toptalishi ayblovlarini keskin inkor etgan.

Keltirilgan ma‘lumotlarga qaramasdan, Shimoliy Koreyaning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Xitoy ishni Xalqaro jinoyat mahkamasiga o‘tkazilishiga veto qo‘yishi mumkin.