Gulnora Karimovaning yaqinlari prokuraturaga majburan olib kelingan

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tarqatgan xabarga ko‘ra, "Terra group" "Prime Media" va "Gamma promotion" mas‘uliyati cheklangan jamiyatlari rahbarlariga nisbatan ochilgan jinoiy ish doirasida Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va Ye. Klyuyevalar majburan surishtiruvga olib kelingan.

Gayane Avakyan Gulnora Karimova bilan bog‘liq mashmashalarda nomi ko‘p bora tilga olina boshlagan.

BBC muxbiri Natalya Antelavaning yozishicha, Gulnoraga yaqin shaxslarga ko‘ra, Avakyan yigirma nechadir yoshda va Karimovaning do‘konlaridan birida ishlagan.

Bir muddat Moskvada Gulnoraning modalar ko‘rgazmasini tashkillashtirish uchun ishga olingan.

Juda tez orada esa Gulnoraning eng ishonchli yordamchilaridan biriga aylangan va 2013 yilda Shvetsiyadagi eng yirik korruptsiya mojarolarining markaziga tushib qolgan.

Teliasonera shirkati Prezident Karimovning qizi Gulnora Karimovaga yaqin Gayane Avakyan rahbarlik qiluvchi Takilantga O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun qariyb 300 million dollar to‘lagani borasidagi ayblovlar yangragandi.

Prokuror Gunnar Stetler ana shu poraxo‘rlik ishi bo‘yicha rahbar va uning aytishicha, TeliaSonera shirkati mulozimlari O‘zbekiston hukumati mulozimlariga pora berganligiga shubha yo‘q.

Maqsad O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘lgan, deydi u.

Ammo bu ish anchayin murakkab va 10 ta Ovro‘po davlatlari aralashgan.

O‘zbekiston prokuraturasiga majburan keltirilgan shaxslardan yana biri Rustam Madumarovning ham Gulnora Karimova bilan juda yaqinligi aytiladi.

O‘zbekistondagi Nirvana savdo do‘konlari va musiqa sohasidagi bir necha shirkatlar Rustam Madumarovga tegishli ekanligi ishoniladi.

Shvetsiya jurnalistlari olib borgan izlanishlarda O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan mobil operatorlari Rustam Madumarga tegishli shirkat orqali oldi berdi qilgan bo‘lishi mumkinligi ma‘lum bo‘lgandi.

Jurnalistlar da‘vo qilishlaricha, Rossiyaning MTS, "VympelKom" shirkatlari ham O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish uchun Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Takilant va Swissdorn shirkatlari bilan oldi-berdi qilishgan.

Shved jurnalistlari qo‘lga kiritgan "VympelKom" yillik hisobotlaridan birida Takilant ham, Swissdorn ham Gibraltarda bir manzilda ro‘yxatdan o‘tgani ko‘rsatilgan.

"Swissdorn" shirkatining rahbari deb Rustam Madumarov ko‘rsatilgan.

U, ishonishlaricha, Gulnora Karimovaning eng yaqin odamlaridan bo‘lib, "Dado" pop-guruhining musiqachisidir.

O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga tegishli deb aytiladigan mediya imperiyaga qarshi huquq tartibot organlarining tekshiruvlari 2013 yilning oktyabr oyida boshlangan edi.

Karimovaga tegishli bo‘lgan yoki u bilan yaqin hamkorlikda ishlagan radio, tele va jurnallarining faoliyati to‘xtatilgan.