O‘zbekistonda yangi mobil aloqa milliy operatori tashkil etiladi

Image copyright BBC World Service
Image caption O‘zbekistonda mobil aloqa foydalanuvchilari soni 23 milliondan oshgani aytiladi

O‘zbekistondagi internet nashrlari yozishicha, "O‘zbektelekom" hissadorlik shirkatining UzMobile filiali tarkibida mobil aloqa milliy operatori tashkil etiladi.

Bu Prezident Islom Karimovning "Mobil aloqa milliy operatori faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Qarordan maqsad, "uyali aloqa bozorida milliy shirkatlarning keng ishtiroki uchun muhit yaratish hamda mamlakatning mobil uyali aloqa tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, axborot xavfsizligini ta‘minlash" ekanligi aytilgan.

Rejaga ko‘ra, 2014 yil ichida mingdan ortiq aloqa stantsiyalari o‘rnatish, zamonaviy jihozlar yordamida ikki million raqamga xizmat qiladigan aloqa tizimi dastlab Toshkent shahri bo‘yicha, keyingi yildan viloyatlar markazlari va kelajakda butun respublika bo‘ylab barpo qilish bosqichlarini o‘z ichiga oladi.

Bu respublika aholisi uchun telefon aloqa xizmatini yaxshilash, barcha hududlarda internet tizimiga ulanish, uyali aloqa tarmoqlarini aholi uchun ishonchli va axborot xavfsizligiga rioya qilishini ta‘minlash ekanligi bildiriladi.

Milliy operator tarmog‘i "O‘zbektelekom" shirkati, shuningdek xorijiy hamda milliy banklarning kreditlari evaziga moliyalashtirilishi xabar qilinmoqda.

Yangi mobil operator davlat boji va radiochastota tizimidan foydalanish to‘lovini to‘lashdan besh yil muddatga ozod etilishi, xizmat ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar tarmoqni rivojlantirishga yo‘naltirilishi ta‘kidlanadi.

O‘tgan yillarda "Uzmobayl" shirkatiga qarshi Rossiyada bir necha jinoiy ish ochilgani ma‘lum.

2013 yil Federal monopoliyaga qarshi xizmat tomonidan "Uzmobayl" monopoliyaga qarshi qonunni buzganlikda ayblangan. "Uzmobayl" O‘zbekistondagi yirik mobil aloqa operatori "Uzdunrobita"ni bozordan siqib chiqarish maqsadidagi faoliyatda gumon qilingan.

Shuningdek, Rossiya Ichki Ishlar vazirligi Qidiruv qo‘mitasida ham "Uzmobayl"ning "Uzdunrobita"ga qarshi noqonuniy harakatlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

MTS mojarosi

2012 yilda O‘zbekistondagi mobil telefon bozori mushkulliklarga duch kelgan edi.

Hukumat MTS O‘zbekiston shirkatini soliqlarni to‘lamaslik, standartlarga rioya qilmaslik kabi qator qonunbuzarliklarda ayblab chiqdi va oxir-oqibat litsenziyadan mahrum etdi.

MTS O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tekshiruvlari ortidan "Uzdunrobita" hissalari muzlatib qo‘yilishini hamda shirkat xodimlarining hibsga olinishini O‘zbekistondagi muayyan ta‘sirli idoralarning biznesni tortib olish niyatidagi amallari, deb da‘vo qildi.

MTS hisobiga bozorning 40 foizi to‘g‘ri kelardi.

Natijada bir kunning o‘zida 9 yarim million mijoz mobil telefon aloqasidan uzilib qoldi.

O‘zbekiston hukumatining bu amallari natijasida mobil telefon bozoriga katta zarar yetkazildi.

O‘zbekistonda telekom sohasi Aloqa va Axborotlashtirish Agentligi tomonidan yuritiladi.

Agentlik 2005-2010 yillar uchun tasdiqlagan rejasida butun tizimni 2010 yilga qadar raqamlashtirib, uy telefonlari sonini 2.2 millionga yetkazishni belgilagandi.

Lekin bu reja shu paytgacha bajarilmadi. Soha rasmiylari respublikada mobil aloqa foydalanuvchilari soni 23 milliondan oshgani haqida ma‘lum qilishgandi.

Biroq, qator qonunbuzarliklarda ayblangan "Uzdunrobita" mojarosidan keyin mamlakatdagi jami mobil telefon so‘zlashuvchilari sonini e‘lon qilmaslik afzal ko‘rilmoqda.

Hukumat navbatdagi qarori bilan mobil aloqa va internet ta‘minoti sohasida o‘zgarishlar bo‘lishiga va‘da beradi.

Kuzatuvchilar esa, O‘zbekistonda uyali aloqa bozoridagi beqarorlik saqlanib qolayotgani, sohadagi korruptsiya va nosog‘lom muhit xorijiy sarmoyadorlarni ehtiyotkor qilib qo‘yganini aytishadi.