"Gulnora Karimovaning mavqei o‘ta zaiflashgan"

Image copyright Getty

Xabar qilinishicha, Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar - Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuyeva hamon O‘zbekiston prokuraturasida qolmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi kecha "Terra group" "Prime Media" va "Gamma promotion" mas‘uliyati cheklangan jamiyatlari rahbarlariga nisbatan ochilgan jinoiy ish doirasida ushbu uch shaxs majburan surishtiruvga olib kelingani haqida o‘z websaytida ma‘lum qilgan edi.

Gulnora Karimovaning o‘zi hozirga qadar so‘nggi hodisalar yuzasidan Twitterda biron-bir sharh bergani yo‘q.

Unga eng yaqin ekani aytilgan shaxslarning majburan tergovga olib kelinishi esa, Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo‘ri sifatida ko‘rib kelingan Gulnora Karimovaga qarshi navbatdagi zarba sifatida talqin qilinmoqda.

Xo‘sh, so‘nggi voqealar nimani anglatadi? Suhbatdloshimiz Olma otadan tahlilchi Joanna Lillis.

Joanna Lillis: Agar xabarlar tasdiqlansa, buni Gulnora Karimovaga shaxsiga qarshi hujumdan boshqa narsa deb talqin qilish qiyin. Bu Prezident qizining mavqeyi qanchalik zaifligini ko‘rsatadi. Aftidan, so‘nggi oylarda bir tomondan oilasi - onasi va singlisi, ikkinchi tomondan esa, qudratli maxsus xizmatlarga qarshi Twitterda urush olib borayotgan Gulnora Karimovaning imkoniyatlari juda ham cheklangan.

BBC: Gulnora Karimovaning atrofidagi odamlarga qarshi pul yuvish va boshqa iddaolar anchadan buyon mavjud. Nima uchun ular aynan hozir tergovga olib kelinayapti?

Joanna Lillis: Menimcha, buning vaqti juda qiziq. Gulnora Karimovaning tashkilot va odamlariga qarshi harakatlar o‘tgan yil kuzida boshlandi va yil oxiriga tomon avjiga chiqdi. Yangi yilda esa hammasi bir qadar tinchib qolgandek bo‘ldi. Nazarimda, huquq-tartibot idoralari Karimovaga eng yaqin odamlarni olish uchun qandaydir payt poylaganga o‘xshaydilar. Ammo nima uchun aynan hozirda buning fursati yetdi va bu tergov yana nimalarga olib borishini bashorat qilish qiyin. Qizig‘i, Gulnora Karimovaning o‘zi ham Twitterda avvalgidek jar solayotgani yo‘q, sukut saqlayapti.

BBC: Siz Gulnora Karimovaning mavqei zaiflagan, dedingiz. Bu ayrimlar taxmin qilayotgani kabi Prezident Karimovning ham mavqeyi zaiflaganini anglatadimi, sizning-cha?

Joanna Lillis: Bu juda qiziq savol. Umumun, bu mojaro boshlanganidan buyon uning ortida Prezident Karimovning o‘zi turibdimi yoki uning hokimiyatiga zarba berish niyatida bo‘lgan boshqa kuchlarmi, degan savol atrofida turli farazlar aytib kelinmoqda. Tashqaridan bu haqda aniq bir narsa aytish qiyin. Ammo Gulnora Karimovaga qarshi harakatlar, unga yaqin odamlarga qarshi ilgari surilayotgan ayblar, albatta, alal-oqibat Prezident Karimovning mavqeyiga putur yetkazadi. Chunki, pirovardida u Prezidentning qizi va uning oila-a‘zolari ayblanmoqda. Modomiki, Prezidentning mavqeyini kuchsizlantirar ekan, nima uchun Karimov bu harakatlarni qo‘llab-quvvatlasin, degan savol haqli paydo bo‘ladi. Ammo hali aytganimdek, tashqaridan turib, bu haqda qat‘iy xulosa chiqarish mushkul.

BBC: O‘zbekiston Bosh prokuraturasi kechagi xabarida buning bir jinoyat ishi ekaniga urg‘u bergan bo‘lsa-da, Gulnora Karimovaning o‘zi butun bu mojaroni qartayib qolgan otasining hokimiyati uchun kurash sifatida taqdim etishga urinayapti. Sizningcha ham bu hokimiyat uchun kurashmi?

Joanna Lillis: Gulnora Karimova o‘zining ko‘pgina muammolari ortida SNB turgani, maxsus xizmatlarning nihoiy maqsadi esa hokimiyatni bosib olish ekanini ochiq-oydin aytdi. Shubhasiz, Milliy Xavfsizlik Xizmatining raisi Rustam Inoyatov O‘zbekistondagi eng qudratli shaxslardan. Gulnora Karimova singari qudratli shaxsga qarshi shaxsiy hujum uyushtirish Inoyatovdan boshqa odamning qo‘lidan kelmaydi. Bu qaysidir darajada hokimiyat uchun kurash albatta.

BBC: Ammo ba‘zi odamlar buning shunchaki, Shveytsariya banklaridagi muzlatilgan pullarni qaytarib olish maqsadida uyushtirilgan tomosha ekaniga ishonishadi. Bu faraz qanchalik to‘g‘ri, deb o‘ylaysiz?

Joanna Lillis: Ha, bu faraz ayniqsa, ijtimoiy tarmoq saytlarida eng keng tarqalgan farzalardan bittasi. Ammo men bunga shubha qilaman. Chunki bu kabi o‘yin O‘zbekistondagi mavjud tuzum uchun juda ham xavfli bo‘lgan bo‘lur edi. Qolaversa, Gulnora Karimovaning atrofidagi bir-ikkita odamlarni tergovga chaqirgandan keyin Shveytsariya rasmiylari o‘z banklaridagi muzlatilgan millionlab mablag‘larni O‘zbekiston hukumatiga topshirib qo‘yishlariga ishonish uchun hech qanday asosimiz yo‘q. Mening nazarimda bu hukumat tomonidan uyushtirilgan qandaydir o‘yin emas, balki hokimiyat uchun haqqoniy kurashdir.