Gulnora Karimovaning odamlari noqonuniy pul o‘zlashtirishda ayblanishmoqda

Image copyright Getty

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining rasman bildirishicha, "Terra group" "Prime Media" va "Gamma promotion" mas‘uliyati cheklangan jamiyatlari rahbarlariga nisbatan ochilgan jinoiy ish doirasida tergov hanuz davom etmoqda.

Bu haqda Bosh prokuraturaning rasmiy web sahifasida bugun 19 fevral kuni chop etilgan xabarda aytiladi.

Yangi xabar tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, ustlaridan tergov davom etayotgan "guruh qalbakichilik va noqonuniy yo‘llar bilan O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisida turli soxta tashkilotlarni qayddan o‘tkazishgan".

"Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlab, xorijiy valyutalarni yashirib, noqonuniy yo‘llar bilan daromad topish va jinoiy mablag‘larni qonuniylashtirish bilan shug‘ullanishgan".

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy xabariga tayanilsa, joriy paytda 10 kishiga nisbatan tergov jarayoni davom etmoqda.

Ammo xabarda bu shaxslarning kim ekanliklari tafsilotlari keltirilmagan.

Shu hafta dushanba kuni Bosh prokuratura O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin deb ko‘rilgan shaxslar - Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuyevalarning majburan surishtiruvga olib kelinganliklarini ma‘lum qilgandi.

Seshanba kungi xabarlarda ham uchovlonning hamon O‘zbekiston Bosh prokuraturasida qolayotganliklari aytilgandi.

Ammo so‘nggi jinoiy ish doirasida olib borilayotgan tergov haqida kundalik xabar berilayotgan Bosh prokuratura rasmiy web sahifasida ularga qarshi qo‘llangan ehtiyot chorasi ochiqlanmagan.

Ya‘ni, prokuraturaga majburan keltirilgan shaxslarning tergov ortidan hibsda qolish-qolmasliklari ma‘lum emas.

So‘nggi rasmiy xabar tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, tergovga tortilgan shaxslar tomonidan davlat va muayyan shirkatlarga o‘ta katta miqdorda zarar yetkazilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, mazkur tergov ortidan hech kimning mas‘uliyatdan qochib qutula olmasligi va barchaning qonun oldida teng ekaniga erishiladi.

"Qonun oldida hamma teng"mi?

Gulnora Karimovaning o‘zi hozirga qadar so‘nggi hodisalar yuzasidan Twitterda biron-bir sharh bergani yo‘q.

Unga eng yaqin ekani aytilgan shaxslarning majburan tergovga olib kelinishi esa, tahlilchilar orasida Prezident Islom Karimovning ehtimoliy merosxo‘ri sifatida ko‘rib kelingan Gulnora Karimovaga qarshi navbatdagi zarba sifatida talqin qilinmoqda.

O‘z o‘rnida qayd etib o‘tish joiz, O‘zbekistondagi voqealarning bu kabi rivoji prezidentlik saylovlariga bir yil qolgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Xuddi shu bois ham, prezident Islom Karimovning to‘ng‘ichi va uning yaqinlari bilan bog‘liq so‘nggi hodisalarni hokimiyat uchun kurash sifatida baholayotgan tahlilchilar ham yo‘q emas.

Toshkentdan kelayotgan xabarlar yirik xalqaro nashrlarning e‘tiboridan ham chetda qolmagan.

"Gulnora Karimovaning ittifoqchilari O‘zbekistonda hibsga olindi", "O‘zbekiston birinchi qizining hamkorlari tergovga yuz tutishmoqda" nomi ostida xabaru maqolalarga sabab bo‘lgan.

Boshqa bir tergov

O‘tgan yil avgustida Frantsiyada O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova hamda yana bir necha shaxsni nishonga olgan noqonuniy pullarni yuvish bilan bog‘liq tekshiruv boshlangandi.

Undan sal avval Frantsiyadagi manba‘lar BBCga Gulnora Karimovaga tegishli ikki ko‘chmas mulk xatlanganini tasdiqlagan edi.

"Frans-Press" agentligining tergovga yaqin manba‘dan iqtibos keltirishicha, frantsuz rasmiylari "uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy pullarni yuvish" hamda "xorijiy rasmiyga pora berish" kabi holatlarni tekshirishmoqda.

Anglashilishicha, jinoyat ishi markazida Frantsiya janubidagi villa doxil, ko‘chmas mulk masalasi turibdi.

Dastlabki xabarlarda frantsuz politsiyasi Shvetsiya huquq-tartibot idoralarining so‘rovi asosida amal qilgani aytilgan.

Shvetsiyada mamlakatdagi eng yirik telekom shirkati - TeliaSonera-ga qarshi ochilgan jinoiy ishda hozirda Gulnora Karimovaning o‘zi ham gumonlanuvchi shaxs sifatida ko‘rilmoqda.

Karimova xonimga yaqin to‘rt shaxs esa Shveytsariya bankidagi pullar bilan bog‘liq jinoiy tergovda rasman gumondor hisoblanadi.

Shveytsariya jamoatchilik televideniyesi RTS ning axboroticha, Shveytsariya ushbu jinoyat ishi doirasida hozirga qadar 800 million shveytsar franki yoki 845 million dollar mablag‘ni muzlatgan.

Ammo Frantsiyada olib borilayotgan tergovda Karimova xonimning maqomi aniq emas.

Shved jurnalistlarining ishonishlaricha, Gulnora Karimova Parijda qimmatbaho kvartira va Riviyera oromgohida joylashgan besh yulduzli mehmonxonaga egalik qiladi.

Gulnora Karimovaning o‘zi pul yuvish va korruptsiya da‘volarini rad etgan va g‘arb matbuotidagi chiqishlarni o‘zini yomonotliq qilish kampaniyasining bir qismi, deb atagan.

Uzmetronom.com internet nashrining yozishicha esa, O‘zbekiston Bosh prokuraturasining xabari, "qator yuqori martabali shaxslar prezident to‘ng‘ich qizining nomidan o‘zlarining qing‘ir maqsadlari yo‘lida foydalanishgani"ga oid avvalroq Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligi tarqatgan xabarlarni tasdiqlaydi.

Hammasi qanday boshlandi?

Ayni mavzuni chuqur o‘rgangan BBC muxbiri Natalya Antelavaning yozishicha, Gulnora Karimovaning muammolari yaqinda Ovro‘poda korruptsiyaga doir ish qo‘zg‘atilgani bilan boshlangan.

2012 yilda bir guruh shved jurnalistlari Finlandiya-Shvetsiya Telekommunikatsion shirkati TeliaSonerani tekshirishdi va bu shirkat O‘zbekistonga kirish uchun 300 million to‘laganini oshkor qildilar.

Ayni mablag‘ Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan kichik shirkatning hisobiga tushgan.

Bu shirkat Gayane Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan ekan.

U telekommunikatsiya sohasiga umuman aloqasiz bir shaxsligi ma‘lum bo‘ldi.

Gulnoraga yaqin shaxslarga ko‘ra, Avakyan yigirma nechadir yoshda va Karimovaning do‘konlaridan birida ishlagan.

Bir muddat Moskvada Gulnoraning modalar ko‘rgazmasini tashkillashtirish uchun ishga olingan.

Juda tez orada esa Gulnoraning eng ishonchli yordamchilaridan biriga aylangan va 2013 yilda Shvetsiyadagi eng yirik korruptsiya mojarolarining markaziga tushib qolgan.

Prokuror Gunnar Stetler ana shu poraxo‘rlik ishi bo‘yicha rahbar va uning aytishicha, TeliaSonera shirkati mulozimlari O‘zbekiston hukumati mulozimlariga pora berganligiga shubha yo‘q.

Maqsad O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘lgan, deydi u.

Ammo bu ish anchayin murakkab va 10 ta Ovro‘po davlatlari aralashgan.

Shvetsiyaning o‘zida shirkat ish boshqaruvchilaridan to‘rt nafarini "risoladagiday biznes ahloq qoidalariga" amal qilmagani uchun vazifasidan chetlashtirdi.

Shirkat Bosh Boshqaruvchi Ofitseri iste‘fo berdi.