Kiyev: Namoyishchilarga tongdan yana hujum qilindi

Image copyright REUTERS

Ukraina poytaxtida qayta avj olgan to‘qnashuvlardagi qurbonlar soni 25ga yetar ekan, Kiyev politsiyasi aksil-hukumat namoyishchilarni yana hujumga olgan.

Namoyishchilar istehkomlarini buzish harakati amalga oshirilayotgan bir vaqtda Prezident Yanukovchi muxolifat rahbarlarini zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishda aybladi.

Tun osha olib borilgan muzokaralar ish bermadi. Prezident muxolifatchilarni radikal kuchlardan o‘zlarini yiroqlashtirishga chaqirdi.

Faollar esa zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishda hukumatni ayblamoqda.

Politsiya "Maydon" deya nom chiqargan Mustaqillik maydoniga tonggi soat 4:00da hujum qildi. Qator chodirlar yonib ketgan va suv purkagichlar ishga solingan.

BBCning maydondagi muxbiriga ko‘ra, politsiya dekabr oyidan beri ilk marta maydonning muxolifatchilar egallab kelgan qismini o‘z nazorati ostiga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Namoyishlar o‘tgan noyabrda Prezident Viktor Yanukovich Rossiya bilan yaqinroq aloqalar evaziga Ovro‘po Ittifoqi bilan bitimni imzolashdan bosh tortishi ortidan kelib chiqqandi.

Namoyishchilar hukumatning amnistiya va‘dasi evaziga dushanba kuni o‘zlari ishg‘ol qilib kelayotgan hukumat binolarini bo‘shatishni boshlagandilar.

Image copyright AP

Biroq, seshanbada hukumat tarafdorlari muxolifatning prezident vakolatlarini qisqartirish harakatlariga qarshi chiqishlari ortidan parlament tashqarisida yana to‘qnashuvlar kelib chiqqan.

Chorshanba kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi chiqargan bayonotda ikkala tarafdan ham qurbon bo‘lganlar soni 25 kishiga yetgani aytiladi.

Ichki ishlar vazirligi qurbonlar orasida politsiyachilar yo‘qligini aytdi. Qurbonlarning biri jurnalist bo‘lgan.

Yuzlab odamlarga kasalxonalarda tibbiy yordam ko‘rsatilgan, talafotlar soni esa yana oshishi kutiladi.

Maydonda hali ham portlashlar yuz berayapti, mushaklar otilib, yong‘inlar kelib chiqayapti.

Namoyishchilar shinalardan barrikadalar yasab, aftidan mudofaa chizig‘ini saqlab qolganlar.

Image copyright AP

Seshanbadan beri Maydonni minglab politsiyachilar o‘rab olganlar, lekin yana ko‘plab aksil-hukumat namoyishchilar safdoshlariga qo‘shilish uchun chodirlar jamlog‘iga yo‘l olishgani xabar qilinadi.

"Ozodlik oroli"

Chorshanba tongida chiqargan bayonotida Prezident Yanukovich: "Muxolifat rahbarlari demokratiya tamoyilini pisand qilmadilar. Bu tamoyilga binoan, qudratga ko‘chalar yo maydonlarda emas, balki saylovlar orqali erishiladi", - dedi.

Uning aytishicha, muxolifat xalqni qo‘liga qurol olishga chaqirdi, va zo‘ravonlik uchun mas‘ullar qonun oldida javob beradi.

Prezident inqirozni hal qilishning "yaxshiroq va samaraliroq yo‘li" muloqot va murosa ekanini aytdi.

"Mojaroni to‘xtatishga hali kech emas", - dedi u.

Xavfsizlik kuchlari namoyishchilardan seshanba kuni soat 18:00gacha Maydonni bo‘shatishni talab qilgandi.

Soat 18:00dan sal o‘tib qo‘zg‘olon politsiyasi qurollangan mashinalar bilan Maydonga kirib kelib, to‘siqlarni buza boshladi, hamda ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va suv purkagichlarni ishga soldi.

Namoyishchilar yonayotgan shinalar ortidan Molotov kokteyllarini otib, o‘zlarini mudofaa qildilar.

Tun osha maydonda so‘zga chiqqan namoyish liderlari Maydondagi odamlarni joylaridan jilmaslikka, qolgan ukrainaliklarni esa o‘z vatandoshlari saflariga kelib qo‘shilishga undashdi.

"Bu ozodlik oroli va biz uni himoya qilamiz", - dedi Udar partiyasi rahbari Vitaliy Klichko.

Ota yurt partiyasi rahbari Arseniy Yatsenyuk Prezident Yanukovichni qon to‘kilishini to‘xtatish va yarashishga chaqirdi.

Image copyright Reuters
Image copyright Reuters
Image copyright Reuters