Boks: O‘zbekiston ham Rossiya va ham Britaniyani mag‘lub etdi

Image copyright olympicboxing.uz
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Boks bo‘yicha dunyoning bu ikki kuchli jamoasi ustidan erishgan yirik hisobdagi g‘alabasi ortidan, o‘zbekistonlik bokschilar Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda ikkinchi o‘rinni egallashdi.

Ushbu yillik turnir bundan to‘rt yil muqaddam Qozog‘iston Boks Federatsiyasi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan.

Unda an‘anaviy ravishda dunyo boks olamida o‘z o‘rniga ega to‘rt davlat: Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya vakillari ishtirok etib kelishadi.

Mazkur turnirda bu to‘rt davlatning eng kuchli bokschilari bilan ishtirok etishlari taqozo etiladi.

Ta‘kidlab o‘tish joiz, bu yilgi musobaqalarda o‘ndan ortiq bokschisi bilan qatnashgan O‘zbekiston faqat mezbon Qozog‘istonga yengildi, xolos.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Bosh murabbiyi Mars Qo‘chqorov BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Ostonadagi turnir o‘zlari uchun eng avvalo bo‘lajak Osiyo O‘yinlari oldidan muhim sinov vazifasini o‘taganini aytadi.

Image caption Bosh murabbiy Mars Qo‘chqorovning aytishicha, shogirdlari bo‘lajak Osiyo O‘yinlarida faqat oltin medali uchun ringga chiqishadi

Bu yilgi Osiyo O‘yinlari esa, sentyabr oyining oxiri va oktyabr oyining boshlarida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, O‘yinlarda 10 bokschilari ishtirok etadigan bo‘lsa, ularning barchasi oltin medal uchun ringga chiqishadi.

Xalqaro boks olamida taniqli mutaxassislardan biri sifatida e‘tirof etiluvchi Mars Qo‘chqorov yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Bosh murabbiy etib tayinlangan. Sport ustasi, O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan murabbiy.

Havaskor va professional boksda jahon chempionlari Ruslan Chagayev, Muhammadqodir Abdullayev, O‘tkir Haydarov va Timur Tulyakov kabi nomdor bokschilarga ustozlik qilgan.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, o‘zbekistonlik yosh bokschilar yaqinda ja‘mi 8 ta medal bilan Osiyo chempionatini ham nufuzli ikkinchi o‘rin bilan yakunlashgandi.

O‘tgan yil qo‘shni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatining kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishgandi.

Shunday ekan, Ostonadagi xalqaro turnirda qayd etgan yutuqlari O‘zbekiston terma jamoasi uchun nimani anglatadi?

Jamoa Bosh murabbiyi Mars Qo‘chqorov bilan suhbatimizda tinglang.