Tojikistonlik mehnat muhojiri kundaligidan - o‘n birinchi hikoya

Image copyright bbcuzbek
Image caption Tirikchilik

Kecha ko‘chamizda bizdan ikki-uch yil oldin o‘qigan maktabdoshimni ko‘rib qoldim. U hol-ahvol so‘ragandayin bo‘ldi. Shunchaki sog‘lik, qish sovug‘i kiynamayaptimi, degan savollarga men ham odatdagiday javob berib, undan ham hol-ahvol so‘radim. Shundoq ham gapimiz qovushmay turgan paytda maktabdoshim aytgan bir gap, to‘g‘risi, biroz jahlimni chiqardi.

"Mardikorlikka qachon jo‘naysan? Rassiya joningga tegib ketmadimi? Shu bizga o‘xshab o‘zimizda mardikorlik qilib yursang bo‘lmaydimi?"

U shunday deya menga qarab irjaygancha turaverdi. Men hech narsa demasdan jilmayib qarab turganimda, u "Men boshqalardek bola-chaqamni yillab ko‘rmasdan g‘ariblikda yurmayman. Kuniga kamida yuz somoniydan topaman. Ha, nima, yigirma dollar kammi?", dedi irshaygancha…

Fotihning pashsha ushlab sotmasligi nimaga bog‘liq?

Ochig‘ini aytaman: menga Rossiyadami, boshka mamlakatdami ishlayotgan biz kabi insonlarni mardikor deb atashlari yoqmaydi. Mayli, mehnat muhojiri deyishlariga chidasa bo‘ladi. Bizda mardikor degan atama erta tongda tirikchilik umidida uyidan chiqib, meni biron kim ishlashga olib ketadimi, to‘rt tanga pul beradimi, degan umidda sarg‘ayib o‘tiradigan odamlarga nisbatan ishlatiladi-ku.

Birda xuddi shu borada Moskvadagi ijara uyimizda gap ketganda O‘zbekistonlik do‘stimiz Ergashali jilmaygancha dedi:

- Voy-bo‘y, mardikor deyishganiga shunchami, aslida bizga maoshi kamida tirikchilikka yetarli ish topib berishi shart bo‘lgan yurtboshimiz bizni "dangasalar", "tilanchilar" deganda parvo qilmadik-ku!

Ha, Allohga shukr, bizning prezidentimiz bunaqa kamsituvchi so‘zlarni aytmaydi. Qay-taga Putin bilan har uchrashganida Rossiyada ishlayotgan biz kabi tojikistonliklarning biron-bir mushkulini oson qilishni o‘ylaydi, masala qo‘yadi. Mana, masalan, Rossiyada tojikistonliklarga ishlash uchun beriladigan ruxsatnomani uch yilga uzaytirish masalasini qo‘ydi.

Fotih do‘stimga prezidentimizning bizga bu kabi g‘amxo‘rliklarini aytganimda, u nima dedi deng:

- Ha, nima, prezidentimiz Putin bilan til topmasinmi? Xudo ko‘rsatmasin, Rossiyada va boshqa chet mamlakatlarda ishlayotgan hamyurtlarimiz vatanga qaytib kelishsa nima bo‘lishini bilasanmi? Kamida bir yarim milion odamni oyligi hech bo‘lmaganda qozon qaynatishga yetadigan ish bilan ta‘minlash osonmi? Sen kabi yuz minglab yurtdoshlarimiz Rossiyadan yiliga uch-to‘rt milliard dollardan pul jo‘natib turmasa, bilasanmi, bu yerda nima bo‘ladi?

- Nima bo‘ladi? – degandim men o‘shanda Fotihning qo‘ziga tik qaragancha.

- Qiyomat qo‘padi. Mana, masalan, men do‘konimni yopib, bozordan chiqaman-da, yo‘lning nariyog‘idagi mardikorlar qatoriga qo‘shilaman. Ha, nima, manovi mollarni hech kim olmasa, pashsha ushlab sotamanmi?

Demak, Rossiyada ishlayotgan men kabi tojikistonliklarga qaraganda kamida ikki baravar ko‘p O‘zbekistonliklar yurtlariga qaytishsa, Fotih aytmoqchi "qiyomat qo‘pmas" ekan-da. Balki milion-milion mehnat muhojirlariga prezidentlari ish o‘rinlari tayyorlab qo‘ygandir…

Do‘stim mardikorning yaxshisini topib bermoqchi

Image caption Mardikorlar soni qishin-yozin kamaymaydi...

Ikki-uch kundan buyon kunduzlari havo biroz iliy boshladi. Akam bog‘imizdagi uch-to‘rtta daraxtning qarigan yo quriganini aytib, ularni menga birma-bir ko‘rsatgandi. Agar havoning yanada isib ketishi, yerdan nam qochishini kutib tursam, uydagi safarim qarib qolib, Moskvaga ketish taraddudiga tushishimni o‘yladim-da, qo‘limga bolta va arra oldim.

Bitta olchani ag‘darganimda onam hay-haylagancha yonimga keldilar.

- Umidjon, o‘g‘lim, daraxt kesib, maydalash bir kishining ishi emas, - dedilar mayin va mehribon ovoz bilan.

- Onajon, sekin-asta tog‘ni yiqitibdi, deydilar.

- Gaping to‘g‘ri, o‘g‘lim. Lekin anovi katta o‘rikni yiqitish oson emas. Ustiga to‘nka kavlash. Bozorga borib bironta mardikorni boshlab kelgin, ana shunda qiynalmaysan.

Men indamasdan ishni to‘xtatdim. Mening qiynalganimni ko‘rib onajonimning qancha-lik qiynalishlarini bilmasam ekan. Ikkinchi tomondan gaplari to‘g‘ri – bir o‘zim katta o‘rikni arralab yiqitganimcha bir-ikki kun ketadi, to‘nka qazishni aytmay qo‘yaqolay.

Qo‘limni yuvib, kiyimimni almashtirdim-da, mardikorbozorga qarab ketdim. Endigina mardikorlar to‘planib turadigan yerga yaqinlashganimda, tanish ovozni eshitdim:

- Bozorga kelib, shu yerda Fotih degan do‘stim bo‘lardi, holini bir so‘rab ketay, demasdan jimgina ko‘chaning narigi tomoniga o‘tib ketmoqchimisan?

Men do‘stim bilan quchoqlashib so‘rashdim-da, uzr so‘radim.

- Bitta yaxshi mardikor kerak edi, shunga shoshganimdan… Ertaga kelaman, birga-birga savdoni qizitamiz.

- Mardikorning yaxshisini mana men topib beraman-da.

Fotih shunday deya qo‘ltig‘imdan olgancha do‘koni tomon boshladi. Termosda damlangan choyi bor ekan, piyolaga quyib uzatdi.

- Umid, sinamagan otning sirtidan o‘tma, deydilar. Bu mardikor bozorda turganlarning ham har xili bor. Ayrimlarining qo‘lidan bir ish kelmasa-da, kunbayga kelishib, ikki soatda bitadigan ishni ikki kunga cho‘zadi. Yana otning kallasidek pul so‘rashlari-chi?

- o‘qib yurgan paytimizda mardikorlarning ayrimlari qorin to‘yg‘azishga ham ishlash uchun borishardi-ku!

- Sen ko‘rgan u tollar kesilib ketgan.

Fotih shunday deya o‘ylanib qoldi. Aftidan u nimanidir aytish-aytmaslikka ikkilanib turardi.

- Bu qotillikka uch oy bo‘lyapti. Balki bu voqeani sen eshitgandirsan, takror bo‘lsa-da aytaman…

Bu voqeani aytgancha Fotihning rangi bir necha marta o‘zgardi. Goh chehrasi ma‘yuslashar, goh ko‘zi g‘azabga to‘lardi.

Bankomatdan olingan pul va yangi palto

Fojiali voqeani eshitganimdan so‘nggina men Fotihning nega aytaymi-aytmaymi, deya ikkilanayotgani sababini tushundim…

Xo‘janddagi mardikor bozorlardan biri Guliston degan yerda edi. Hali biz o‘qib yurgan paytimizda ham u yerda kamida yuz- yuz ellik kishining to‘planib turganini ko‘rardik. Biron yengil mashina kelib to‘xtasa, yigirma-o‘ttiz odam atrofini o‘rab olardi. Mashinaga o‘tirib ketgan sheriklariga boshqa mardikorlarning ayrimlari havas, ayrimlari hasad bilan qarab qolishardi.

Hozir ana shu mardikor bozorning shundoqqina qarshisida bank ochilgan ekan. Kechki payt, qosh qorayotgan mahal Xo‘jand dorulfunining fakultetlaridan birida dekanlik qiladigan kishi ishini tugatadi va bank yonidagi bankomatdan pul olish uchun keladi. Xuddi ana shu paytda kechgacha biron ish chiqishini kutgan, lekin hech kim ularni olib ketmagan ikki mardikor ustiga yangi palto kiygan odamning pul olishini kuzatib turardi. Lekin dekan sho‘rlik o‘zini kuzatishayotganini va qora yuraklarda nish urayotgan qabih niyatni xayoliga ham keltirmasdi.

Ikkovlon sharpamisol dekanning ortidan tushishadi. Ovloq yerni poylab dekanni urib yiqitishadi, o‘lasi qilib urib, egnidagi paltoni yechib olishadi, cho‘ntagidagi bor pulini shilishadi. Bu bilan ham nafslari qonmasdan hushidan ketib yotgan dekanning yonidan telefonni olishadi. Undan uning o‘g‘li telefoni raqamini topib, qo‘ng‘iroq qilishadi. Otangni garovga olganmiz, agar mana shuncha pulni falon vaqtda falon yerga olib kelmasang, uni qaytib ko‘rmaysan, deyishadi.

o‘g‘il ularning aytganlariga rozi bo‘ladi, lekin milisalarga murojaat qiladi. Mardikor niqobidagi yo‘lto‘sarlar esa, bunday qarashsa, hushsiz yotgan odamning ahvoli yomon. Uning o‘lib qolishidan qo‘rqib qochib qolishadi.

Dekan - Xo‘jandda ko‘plar taniydigan va hurmat qiladigan inson – Munirxon Xojayevni topib, bemorxonaga olib borishayotganda vafot etadi.

Qotillarni tezda topishadi. Ular Xo‘jandga Tojikistonning boshqa yerlaridan kelgan odamlar ekan…

Fotih hikoyasini tugatgach orada anchagina hukm surgan sukunatni tomoq qirgancha buzdi:

- Mardikorlarning peshonasiga kimligi yozib qo‘yilmagan bo‘lsa! To‘g‘ri, ularning ora-sida bola-chaqamni boqaman deb chiqqan oilali odamlar, imtihondan pul so‘raydigan muallimlariga berish yoki shartnomaga pul topish uchun mardikorlikka chiqqan talabalar… halol insonlar ko‘p. Lekin sholi kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek niyati buzuqlar ham yo‘q emas-da. Mana, masalan, turmadan chiqqan, lekin ish topolmay mardikorlarga qo‘shilganlar bor…

Yolg‘onchi tasavvur

Fotih meni so‘zlariga ishontira olganidan mamnunligini yashirmasdan tanish bir mardikorni topib berdi. U telefon qilgandi, yarim soatcha o‘tgach jikkakkina bir odam do‘konga kirib keldi.

Uning gavdasiga qarar ekanman, mayli, qattiq ishlamasada, menga qarashib tursa bo‘ldi, degan o‘yga bordim.

Lekin oradan ikki soat o‘tar-o‘tmas, dastlabki tasavvur ko‘pincha yolg‘onchi bo‘lishiga yana bir marta ishondim. U birpasda hosildan qolgan shaftolini bolta bilan kesib ag‘dardi. U bilan birga qurigan katta o‘rik tanasini arralar ekanmiz, terga botdim. U esa, bir tekisda nafas olgancha, charchadim, picha dam olaylik, demasdan arra tortardi…

Xullas, ikki kunda bog‘imizdagi qari va qurigan daraxtlarning hammasi kesildi, to‘nkalari qazib olindi, shoxlari maydalandi. Maydalangan shoxlar bir tomonga, to‘nkalar bir tomonga chiroyli qilib taxlab qo‘yildi.

- Baraka toping, o‘g‘lim, bir haftalik ishni ikki kunda tugatib qo‘yibsiz, - dedilar onam xursandliklaridan mardikorga.

Men bu jikkakkina odamning ishning ko‘zini bilishi, g‘ayrati, mehnati ham, o‘zi ham halol ekanligini ko‘rib, o‘sha kuni Xudoyimning Fotihni uchratganiga shukr qilardim.

Odina ismli bu odam qo‘shni qishloqda yashar ekan. U mardikorbozorga chiqmas, ta‘rifini eshitgan odamlar telefonini topib, ishga chaqirishar ekan.

Odina topgan misdan kim ko‘p foyda ko‘rgan?

Odina o‘zi bilan olib kelgan qo‘larrani avaylab tozalab, lattaga o‘rayotganda uni qanday topgani, besh-olti yil oldin qora qozonni qaynatish, uchta yosh bolasini, onasi va xotinini boqish uchun qattiq qiynalganini aytib berdi.

U to‘rtta sinfdoshi bilan birga metall izlab qishloqlaridan o‘n besh-yigirma chaqirim narigacha borar ekan. Velosipedda.

Xo‘jandning janubi-g‘arbiy tomonida Ruhak degan yer bor. Men u yerni ko‘rganman. Atrofi uzundan-uzun devor bilan o‘rab olingan va har yer-har yerda narigi tomonga o‘tish hayot uchun xavfli ekanligi yozib qo‘yilgan. Bu yerga Sho‘rolar davrida Chkalov shahridagi uran ishlab chiqarish kombinatidan chiqindilar katta-katta quvurlarda oqizilgan.

Ana shu usti ochiq radiatsion moddalar mavjud chiqindixonada Odina va sinfdoshlari, o‘nlab hamqishloqlari, boshqa qishloqlardan kelgan kishilar metall izlashgan. Topgan metallarini velosipedlariga yuklab olib ketishgan…

- Esimda, o‘sha yerda men yetti metrgacha chuqur qazgandim. Sariq tuproqni ikki tomonimga otaverganimdan, katta uyumlar paydo bo‘ldi. Arzimas metall topdim. Lekin boshqa bir kuni kechki payt yaqinlashganda katta boylik topdim. Yuz kilodan ortiq mis!

Odina yuz kilo misni yaxshigina pullagan ekan. Uni qazib olishga, uyga olib ketishga qarashgan sinfdoshlarini xam quruq qo‘ymabdi.

Men Odinaning yuz kilo mis topganini Fotihga aytgandim, u siniq jilmaygancha dedi:

- Bilasanmi, jonini xatarga qo‘yib, qo‘llari qavarib yer kavlagan Odinadan misni olgan vositachi va va vositachidan metallni sotib olganlar qancha pul ishlashgan? Biri Odina olgan puldan bir yarim baravar, ikkinchisi ikki baravar!

Fotih bu gapni aytayotganda men talabalik yillarimda metall topaman deb tuproq ko‘chib, ustiga ag‘darilgan kishini esladim. Uning to‘rt bolasi yetim qolgandi…

Nasibani qirqqan chegara

Image caption Rizq "qirqadigan" chegara nuqtalaridan biri

Oxirgi daraxtni yiqitib, sarjinlab, o‘tinni taxlab bo‘lganimizdan keyin akam kelib qoldilar.

- Ikki kunda shuncha ish qildinglarmi? – dedilar akam bir chekkada tahorat olayotgan mardikorning jussasiga qaragancha ishonqiramay.

- Ko‘rib turibsiz-ku! Odina aka o‘zlariga qaraganda jussasi ikki baravar katta ikkita-uchta odamning ishini qilarkanlar. Ishlari ham halol, o‘zlari ham halol…

Asr namozini birga o‘qiganimizdan so‘ng akam mening halollik haqidagi gapimni esladilar-da, bir voqeani aytib berdilar.

… Bu voqea bundan sakkiz-to‘qqiz yil oldin bo‘lib o‘tgan ekan. Akam Konibodomning Ko‘chkak qishlog‘ida yashaydigan kursdoshlarinikiga boradilar.

"Ikki-uch chaqirganimdan keyin kursdoshim emas, balki butunlay bir begona yigit chiqib keldi. U mening kimligimni, nega kelganimni eshitgach, ichkari boshladi. Hovli o‘rtasidagi shiyponga olib chiqib, ko‘rpachaga o‘tirishni taklif qildi. Choy quyib uzatdi. Choy ichayotib hovli chekkasida yangi qurilayotgan uy devori ustida ishlayotgan ikki kishini ko‘rdim. Asta atrofga ko‘z yugurtirdim. Uylar eshigi ochiq, derazalar ochiq. Men bo‘shagan piyolani qarshimda jilmaygancha o‘tirgan yigitga uzatar ekanman, uy egalarini so‘radim.

- Akamlar tomni yopishga taxta qidirib ketganlar. Kelinayamlar mehmonga ketgandilar.

- Sizlar qayerdan bo‘lasizlar? - so‘radim yigitdan.

- Biz Beshariqdanmiz. Tirikchilik ekan, shu yerda nasibamizni terib yeb yuribmiz…"

Akamning aytishlaricha ularning gapini ko‘chada to‘xtagan mashina ovozi bo‘lib qo‘yadi. Ichkariga terga botgan kursdoshi kirib keladi va akamni ko‘rib quchoq ochgancha u tomon ildam yuradi…

"Kursdoshim o‘n besh yil oldin maktabdan ketgan va Rossiyaga jo‘nagandi. U yerdan topganiga mashina oldi, yangi uy qurilishini boshlagandi. Men unga o‘zi yaxshi tanimagan-bilmagan odamlarga ishonib, uy-joyini tashlab ketish ba‘zan yaxshi oqibatlarga olib bormasligini yumshoqqina qilib tushuntirmoqchi bo‘ldim.

- Do‘stim, agar hamma ham mana shu yigitlardek kabi halol bo‘lsa, dunyo gullab-yashnab ketardi. Ular menikidan oldin qishloqdagi yana ikki xonadonda ishlashgan. U hamqishloqlarim beshariqlik yigitlarning halolligini, ishi barakali ekanligini aytishgandi. E, bu yigitlar hovlimda pishib turgan o‘rikni yegisi kelsa, mendan yo kelindan so‘rab olishadi-yu!"

Xullas, akam o‘shanda o‘ylamasdan aytgan gapidan xijolat teriga botgan.

- Biz beshariqlik yigitlar bilan qadrdonlashib ketgandik. Afsus, keyinroq O‘zbekiston taraf Patar-Andarxon chegara o‘tish joyini yopib tashladi. Konibodom va Isfaraga vizasiz o‘tish imkoni bo‘lganligi uchun bemalol kelib ishlab, o‘zlari aytmoqchi "nasiba-larini terib yeb yurgan" mehnatkash, halol insonlar chegaradan o‘tolmay qolishgan.

Akam gapirar, mening ko‘z o‘ngimda esa, Moskvadagi qurilishda o‘n ikki soat ishlab kelib, sira charchamaygandayin jilmaygancha biz bilan suhbatlashib o‘tirgan Ergashali gavdalanardi.

Umid.