Kiyevda janglar, qurbonlar soni 60 dan oshdi

Image copyright AFP

Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi 64 kishining halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Namoyishchilar esa qurbonlar sonining 100 ga yaqinlashganini aytishmoqda.

Polsha, Olmoniya va Frantsiya Tashqi ishlar vazirlari Prezident Yanukovich bilan uchrashishgan.

Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari Ukrainadagi zo‘ravonliklar uchun mas‘ul, deb ko‘rilgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kiritishga chaqirishmoqda.

Jasadlar

Mahalliy televideniye Maydonga yaqin joyda yotgan jasadlarni namoyish etgan.

Ukraina Ichki ishlar vazirligi 20 nafar zobitning yaralanganini ma‘lum qilgan.

Voqealar sahnasida bo‘lgan BBC muxbirlari otishmalar, har ikki tomondan halok bo‘lganlar va yaralanganlar haqida xabar berishmoqda.

Qurbonlar soni oshib borarkan, Ukrainaning Londondagi elchisi Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan.

"Biz elchidan zo‘ravonliklarning to‘xtatilishini talab qilayapmiz", deb aytgan Britaniya Tashqi ishlar vazirligi voizi.

Namoyishchilarning ko‘chma shifoxonasi tashkil etilgan "Ukraina" mehmonxonasidagi shifokorlardan biri BBCga 15 kishining jasadi keltirilganini aytgan.

Shifokor Natalya Godning aytishicha, yaralanganlardan yana 6 nafari og‘ir ahvolda.

"Olib kelinayotganlarning aksari jangovar o‘qdan yaralangan", deb aytgan shifokor.

Muxolifat rahbarlaridan Vitaliy Klichko Prezident Yanukovichni muddatidan avval saylovlar e‘lon qilishga chaqirgan.

Sobiq bokschiga ko‘ra, hozirda bu zo‘ravonliklarni to‘xtatishning yagona yo‘lidir.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Ukraina hukumatini "o‘zini qo‘lga olishga" chaqirgan.

"Ukraina hukumati o‘ziga lattaday oyoq artishlarini istamasa, o‘zini qo‘lga olishi kerak", - deya janob Medvedevning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Interfaks agentligi.

Chorshanba kuni Prezident Yanukovich Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabining boshlig‘i, general Volodimir Zamanani lavozimidan bo‘shatgan va o‘rniga harbiy dengiz floti qo‘mondoni, admiral Yuriy Ilinni tayinlagan.

Armiya boshlig‘ining iste‘foga chiqarilish sabablari izohlanmagan.

Prezident Obama "Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi zo‘ravonliklarni qat‘iy bir tarzda qoralashi"ni aytgan va "haddan oshganlarni jiddiy oqibatlar kutishi" haqida ogohlantirgan.

U Ukraina armiyasini "fuqaroviy shaxslar tomonidan yechilishi kerak bo‘lgan masalalar"ga aralashishdan tiyilishga chaqirgan.

Sulh

Chorshanba kuni tunda hukumat va muxolifat o‘rtasida vaqtinchalik sulh e‘lon qilingan.

Prezident Yanukovich ma‘muriyati "xunrezlikni to‘xtatish, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va tinchlikka erishish yo‘lida muzokaralarni boshlashga" kelishilganini e‘lon qilgan.

Ammo vaqtinchalik sulhning qanday tadbiq etilishi haqida tafsilotlar berilmagan.

Muzokaralarda muxolifat rahbarlaridan Arseniy Yatsenyuk, sobiq bokschi Vitaliy Klichko va milliyatchi "Ozodlik" partiyasi rahbari Oleg Tyagniboklar ishtirok etishgan.

Janob Yatsenyuk Prezident Yanukovich bilan kelishuvga erishilganini tasdiqlagan.

Klichkoning "Zarba" partiyasi Yanukovich bilan muzokaralarning payshanba kuni davom etishini ma‘lum qilgan.

Ammo Kiyevdagi BBC muxbiri Daniel Sandfordga ko‘ra, sulhga ehtiyotkorlik bilan qarash kerak bo‘ladi, chunki ashaddiy namoyishchilardan birontasi ham hozirga qadar Prezident Yanukovich bilan muzokaralarda qatnashmagan.

BBC Ukrain xizmati muxbiri Svyatoslav Xomenkoning aytishicha, hozirda Maydonni hech kim boshqarayotgani yo‘q.

"Muxolifat rahbarlari bor edi, namoyishchilar ularni eshitishdi, lekin so‘zlariga quloq solishdi, deb aytib bo‘lmaydi. Alohida siyosatchilar, masalan, namoyishchilar bilan gaplashayotgan, kelib-ketib turgan deputatlar bor. Lekin ularni lider deb atab bo‘lmaydi. Hozirgi maydonning 2004 yildagi maydondan farqi ham shunda. Bu lidersiz maydon", - deydi BBC jurnalisti.

Kiyevdagi namoyishlar o‘tgan yil oxirida Prezident Yanukovich Ovro‘po Ittifoqi bilan yaqin aloqalarga doir bitimni imzolashdan bosh tortishi ortidan boshlanib ketgan edi.