O‘zbekistonda dahshatli qiynoqlarga solingan Qayum Ortiqov Amerikaga jo‘nab ketgan

Image caption Britaniya hukumati Ortiqov ishi yuzasidan tanqid ostiga olingandi

Human Rights Watch Qayum Ortiqov O‘zbekistonda qayd etilgan eng dahshatli shaklda qiynoqlar ostida qolganini aytgan.

Unga ko‘ra, janob Ortiqov kaltaklangan, o‘z kamerasi shiftiga osib qo‘yilgan va jinsiy a‘zolari kuydirilgan.

O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari uni avvaliga Britan josusi deya ayblashgan, so‘ngra ularga ishlashga undaganlar.

Biroq Qayum Ortiqov ular qo‘ygan talablarga rozi bo‘lmagan.

Britaniya elchixonasining sobiq xodimi alal-oqibat oilasi bilan O‘zbekistondan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lar ekan, Britaniyadan boshpana olishga umid qilgandi.

Qayum Ortiqov bu umid bilar Ukrainada ikki yil yashadi, biroq javob bo‘lavermagach, Qo‘shma Shtatlarga joylashish taklifini qabul qildi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bu borada bayonot chiqarib, O‘zbekistondagi elchixonasi o‘zbek rasmiylari diqqatiga qiynoq da‘volarini yetkazgani va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qochqinlar Agentligi Ortiqovning boshpana olish haqidagi arizasini ko‘rib chiqayotganini bildirgan edi.

Ammo jarayon juda uzoqqa cho‘zildi va Britaniya hukumati xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining ayovsiz tanqidlari ostida qoldi.

BBC muxbiri Richard Galpin Human Rights Watch tashkilotining Buyuk Britaniyadagi vakillaridan biri Devid Mepham bilan Qayum Ortiqov taqdiri borasida suhbatlashdi.

Richand Galpin, BBC: Qayum Ortiqov qiynoqqa solingani haqida sizga nimalarni gapirib berdi?

Devid Mepham, Human Rights Watch: O‘zbekistonda Ortiqovning ishi Human Rights Watch tomonidan hujjatlashtirilgan dahshatli qiynoq qo‘llanishlariga doir yana bir isbotdir. O‘zbekiston misli ko‘rilmagan qiynoq usullari qo‘llashi bilan mashhurdir. Britaniya elchixonasining qo‘riqchilaridan bo‘lib ishlagan Ortiqov bir necha bor kaltaklangan, yalang‘och holatda sovuq xonada asralgan, uni o‘z xonasida shifta osib qo‘yganlar va jinsiy a‘zolarini kuydirganlar...Bu qiynoqlar shu qadar dahshatli bo‘lganki, u tomirlarini tishlab o‘z joniga qasd qilishga ham uringan.

Richand Galpin, BBC: Siz Ortiqov janoblari ishi bilan shug‘ullangansiz, uni ozod etish harakatlarida faol bo‘lgansiz…Britaniya hukumatining Qayum Ortiqov ishiga munosabatidan ko‘nglingiz to‘lganmi?

Devid Mepham, Human Rights Watch: Biz juda hayratga tushdik va hafsalanimiz pir bo‘ldi Britaniya hukumatining munosabatidan...Toshkentdagi Britaniya elchixonasi va Londondagi Tashqi ishlar vazirligining munosabati lol qoldirdi bizni...bizga nima uchun ular bu kabi befarq munosabatda bo‘lishgani qorong‘u. Biz Ortiqov ishi bo‘yicha Britaniya hukumatiga bir necha bor savollar yo‘lladik, parlamentda ham uning masalasi ko‘tarildi... Ammo javob bo‘lgani yo‘q. Ular ehtimol O‘zbekiston hukumati bilan munosabatlar yomonlashishidan xavotirdadirlar, balki o‘zlarining Ortiqov ishi bo‘yicha hech narsa qilmaganliklaridan izza bo‘lishgandir...Biz Britaniya hukumatining bu harakatsizligidan o‘ta afsusdamiz.

Richand Galpin, BBC: Ortiqov janoblari keyin Kiyevga ketadi va u yerda boshpana so‘raydi. Britaniya hukumati yana bu masalaga ko‘z yumadi, shundaymi?

Devid Mepham, Human Rights Watch: Britaniya hukumati yana o‘ta sustkashlik bilan ish tutdi. Ortiqovlar oilasi albatta bu kabi munosabatdan hafsalalari pir bo‘lgan. U misli ko‘rilmagan qiynoqlarni boshidan kechirdi. Unga ruhiy madad kerak edi. Yordam lozim edi. Britaniyaning Kiyevdagi elchixonasi ana shu yordamlarni berishi mumkin edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Alal-oqibat Amerika Qo‘shma Shtatlari Ortiqov va uning oilasiga boshpana berdi. Biz bundan mamnunmiz. Uning oilasi ham xursand. Lekin nima uchun Britaniya elchixonasining sobiq ishchisi bo‘lgan Ortiqovga Britaniya hukumati boshpana bermagani men uchun hamon qorong‘u qolmoqda. Ayni holat Britaniya hukumatining obro‘siga dog‘ tushiradi.