Shvetsiyada Obidxon qoriga uyushtirilgan suiqasdga qarshi namoyish o‘tkazildi

Stogolmdagi parlament binosi qarshisida o‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon Qori Nazarovga qarshi Shvetsiyada sodir etilgan suiqasdning ikki yilligi munosabati bilan norozilik aktsiyasi bo‘lib o‘tgan.

Norozilik chiqishida Shvetsiyada yashayotgan 50 dan ortiq o‘zbekistonlik- Obidxon Qorining shogirdlari va muxolifat faollari qatnashgan.

Ular qo‘llarida Shvetsiya hukumatiga qaratilgan "Shvetsiya qotil ushlanganini isbotlasin!", "Qotillar jazosini olsin!", "Shvetsiya siyosiy qochqinlarni himoya qilsin!" shiorlarni ko‘tarib olishgan.

Namoyish ishtirokchilari Obidxon qori Nazarovga hujum qilgan insonni topish talabini ilgari surganlar.

Obidxon qori Nazarov 2012 yil 22 fevralida Shvetsiya shimolidagi Stromsund shaharchasida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilishi ortidan hanuz ahvoli o‘nglanmagan, komada qolmoqda.

O‘tgan yilgi namoyishda ham muxolifat va o‘zbek muhojirlari suiqasdda to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston hukumatini ayblashgandi.

Obidxon qori Nazarovga qarshi uyushtirilgan suiqasd amali yuzasidan Shvetsiya maxsus xizmatlari keng ko‘lamli tergov va qidiruv amaliyotini boshlagan.

Suiqasd uyushtirishda yordam berganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan ikki o‘zbekistonlik "etarli dalillar yo‘qligi sababli" deya mahkama zalidan ozod qilingan.

Stromsmund shaharchasida o‘nlab o‘zbek oilalarining yashashi aytiladi.

O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Obidxon qori Nazarov 2006 yilda Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgandi.