Figurali uchish bo‘yicha rossiyalik sportchining oltin medali shubha ostiga olinmoqda

Image copyright AFP

Jahon ommaviy axborot vositalari kecha Sochida ayollar o‘rtasida figurali uchish bo‘yicha musobaqalarda oltin medalni qo‘lga kiritgan rossiyalik sportchi Adelina Sotnikovaning g‘alabasiga turli munosabat bildirmoqda.

Adelina Sotnikova ayollar o‘rtasida figurali uchish sporti bo‘yicha Rossiya tarixida Olimpiya medalini qo‘lga kiritgan ilk sportchi bo‘ldi. Shu boisdan Sotnikovaning g‘alabasi Rossiyada katta xursandchilik bilan kutib olindi, biroq ba‘zi xorijiy mutaxassislar va jurnalistlar g‘alabaning haqqoniyligiga shubha bilan qarashmoqda.

Ularning fikriga ko‘ra, hakamlar rossiyalik sportchining baholarini ataylab ko‘tarishgan.

USA Today saytining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, hakamlar hay‘ati tarkibida Rossiya figurali uchish federatsiyasi direktori Valentina Piseyevning rafiqasi Alla Shexovtsova bo‘lgan.

Undan tashqari, Sharqiy Ovro‘po vakillari bo‘lgan hakamlar ham Sotnikovaga yon bosishgan, deb yozadi Amerika nashri.

Ayni paytda Change.org saytida Sotnikova ko‘rsatgan natijalarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan aktsiya boshlangan.

Shu paytga qadar bu talabni yoqlab 1 million 350 ming kishi imzo chekkan.

Biroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Adelina Sotnikovaning baholari qayta ko‘rib chiqilmasligini bildirdi.

Qo‘mita matbuot voizi Mark Adamsga ko‘ra, Xalqaro Olimpiya tashkiloti figurali uchish bo‘yicha rossiyalik sportchi Adelina Sotnikovaning g‘alabasiga shubha qilmaydi va bu borada hech qanday tekshiruv o‘tkazmaydi.

Shuningdek, Mark Adams hakamlar Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangani va ularning nomi hech kimga sir emasligini aytdi.

Sportchining g‘alabasi borasida esa biror bir milliy federatsiya rasman shikoyat bildirsa, tekshiruv boshlash mumkin, hozircha bunday ariza Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga kelib tushmadi, deydi Mark Adams.

Sotnikova qisqa programmadan keyin koreyalik sportchi, Vankuver Olimpiadasi g‘olibi Kim Yu Nadan keyin ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Majburiy uchish programmasida Kim Yu Nani ortda qoldirib, Sochi Olimpiadasi chempioni bo‘ldi.

Uchinchi o‘rin italiyalik Karolina Kostnerga nasib qildi.

USA Today sayti bundan oldin rossiyalik boshqa sportchi Yuliya Lepnitskayaning Olimpiada chempioni bo‘lish imkoniyatlarini past baholagan edi.