Ukraina: Prezident Yanukovich muxolifat bilan bitimga erishilganini e‘lon qildi

Image copyright Reuters

Ukraina prezidenti ma‘muriyati web sahifasi ma‘lum qilishicha, Viktor Yanukovich ma‘muriyatida tun bo‘yi davom etgan muzokaralar so‘ngida mamlakatdagi inqirozni bartaraf etish bo‘yicha bitim imzolashga kelishib olingan.

Yanukovich ma‘muriyatidan ma‘lum qilishlaricha, bitim Kiyev vaqti bilan kun yarmida imzolanadi. Bitim tafsiloti oshkor etilgani yo‘q, biroq, Yanukovich mamlakatda barqarorlikni o‘rnatish uchun muddatdan oldin saylovlar o‘tkazishga rozi bo‘lishi kutilayotgandi.

Viktor Yanukovich, muxolifat liderlari va Ovro‘po Ittifoqi diplomatlari o‘rtasida muzokaralar kecha tunda boshlangan va sakkiz soatdan ko‘proq vaqt davom etgan.

Muzokaralar so‘ngida taraflar natijalarni sharhlashni istamaganlar.

Uchrashuvda muxolifat liderlari Arseniy Yatsenyuk, Oleg Tyagnibok, Vitaliy Klichko, va shuningdek Olmoniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyer, Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy, Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius va Rossiya ombudsmeni Vladimir Lukin ishtirok etganlar.

Reyter agentligi xabariga ko‘ra, taraflar 2004 yil konstitutsiyasini qayta tiklash, koalitsion hukumat tuzish va dekabr oyida muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazishga rozi bo‘lganlar.

Tun Kiyevda nisbatan osuda o‘tgan. "Maydon"dagi faollar barrikadalar qurishgan, biroq zo‘ravonliklar yuz bergani haqida xabarlar kelmagan.

Ukraina Sog‘liqni Saqlash vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, seshanba kunidan buyon namoyishchilar va militsiya o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar natijasida kamida 77 nafar inson halok bo‘lgan. Yana 571 inson jarohat olgan.

Payshanba kuni Ukraina parlamenti - Verxovnaya Rada bir necha soat davom etgan bahslar so‘ngida o‘t ochishni to‘xtatish, kuch ishlatar tizimlarini Kiyev markazidan chiqarish haqida qaror qabul qilgan va juma kuniga qadar tanaffus e‘lon qilgan.

Hukumat ma‘lumotiga ko‘ra, payshanba kuni bir nafar xavfsizlik xodimi o‘ldirilgan va namoyishchilar tomonidan 67 nafar militsiya xodimi qo‘lga olingan. Payshanbaga o‘tar kechasi ularni qo‘yib yuborishgan.

Oq Uy bayonot chiqarib, Ukraina xavfsizlik kuchlari o‘z xalqiga qarshi avtomatik qurolni ishlatayotganidan taassub bildirgan va mamlakatdagi inqirozni tinch yo‘llar bilan hal qilishga chaqirgan.

Ovro‘po Ittifoqi esa mojaro uchun mas‘ul deb bilingan ukrain davlat mulozimlariga nisbatan sanktsiyalar qo‘llanishini ma‘lum qilgan.