O‘zbekistonning chegara tumanlaridagi tekshiruvlardan maqsad nima?

"Uzmetronom" saytining yozishicha, O‘zbekistonning chegara oldi tuman va qishloqlarida mahalliy hukumat vakillari, militsiya va sanepidemstantsiya xodimlaridan iborat guruh ishtirokida tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Tekshiruvchilar pasport ma‘lumotlari asosida fuqaroning ko‘rsatilgan manzilda yashashi, ilgari sudlangan yoki yo‘qligini, shuningdek, hovlisida qancha qoramoli, daraxt va boshqa narsalari borligini ro‘yxatga olishmoqda.

O‘tkazilayotgan tekshiruvlardan ko‘zlangan maqsad noaniq bo‘lsada, Afg‘onistondan xalqaro kuchlarning chiqib ketishi oldidan hukumatning chegara hududlardagi manzaradan boxabar bo‘lishga qaratilgan harakati sifatida qarash mumkin, deb yozadi Uzmetronom.

Shuningdek, Ukrainadagi vaziyatning kundan-kun murakkablashib borayotgani ham rejimni tashvishga solgan bo‘lishi ehtimol.

O‘zbekiston rasmiy ommaviy axborot vositalari butun jahon e‘tiborida bo‘lib turgan Ukrainadagi voqealarni u qadar yoritmayotgani kuzatiladi.

Oldinroq Ukrainadagi namoyishchilarni quvvatlab kichik aktsiya o‘tkazgan toshkentlik faollarga nisbatan jinoiy ish ochilgan edi.

Toshkentga yaqin Chernyayevka chegara postida yashovchi fuqaro biz bilan suhbatda mahalliy hukumat tomonidan tekshiruv bo‘layotganini tasdiqladi.

"Lekin bunday ishlar bundan oldin ham har doim o‘tkazib kelinadi, chegara bo‘lgani uchun xavfning oldini olayotgan bo‘lsa kerakda", dedi u.

"Qarindoshlarimiz yashayotgan "Uch qahramon" mavzesida ham shunday pasportlarni ko‘rib chiqyapti ekan. Lekin nima uchunligini bilmadim, biometrik pasport olinglar, deyapti. Shungadir balki", deydi toshkentlik yana bir fuqaro.

Poytaxtning Yunusobod mavzesidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi Zuhra opa keyingi paytlarda pasportni tekshirib militsiya aylanib yurganini aytdi. "Ular tushuntirib o‘tirishmaydi maqsadini, pasportingizni tekshirishimiz kerak, deydi xolos. Mendan ham uyda nechta odam yashaydi, kimingiz chet elda deyishdi. Opamning bolasi Turkiyada o‘qiydi, qo‘rqib ketdim shunga tekshiryaptimi bizni deb. Bilmaysizda, bularning maqsadi nimaligini? Dindorlarni qidiradimi, boshqanimi, deydi savolimizga javoban u.

Bu kabi tekshiruvlar nafaqat chegara tumanlari va poytaxtda, balki viloyatlarda ham o‘tkazilayotgani haqida xabarlar bor.

"Chegara hududlarda yashovchilarni xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshirilganini tushunsa bo‘lar, lekin Qarshi shahrining ichida ham odamlarning pasportidan tortib, nechta moli, mushugi, iti borligini yozib ketyapti. Boshqa joylarni bilmadim, lekin shaharda uyma-uy tekshiryapti. Aholini ro‘yxatga olish desangiz, ungayam o‘xshamaydi. Machitga chiqasizmi, oilangizdan, tanishlaringiz xorijga ketganmi, degan savollar odamlarda shubha tug‘diryapti. Bunday olganda ko‘pchilikning qarindoshi haliyam Rossiyada", deb aytadi qarshilik Nuriddin ismli suhbatdosh.

Rasmiy idoralar joylarda boshlangan bunday tekshiruvlar va ulardan ko‘zlangan maqsad haqida hozircha haqida izoh bermagan.

Militsiyaning uyma-uy yurib beradigan savollari odamlarni sergaklantirsa ham, bunday tekshiruvlarga o‘rganib qolganlarini aytishadi.