Toliblar Afg‘onistondagi harbiy bazaga hujum qilganlar

Image copyright AP

23 fevral, yakshanba kuni Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradagi Kunar viloyatida toliblar armiyaning harbiy bazasiga hujum uyushtirgan.

Mahalliy rasmiylarning aytishicha, to‘qnashuvda kamida 20 afg‘on harbiysi halok bo‘lgan. Shuningdek, jangarilar kamida yetti kishini asir olgan. Ularning taqdiri noma‘lum qolmoqda.

Afg‘on harbiylari qutqarish amaliyotini boshlanganlar. Boshqa tafsilotlar oshkor qilinmagan.

Hujum uchun mas‘uliyatni zimmasiga olgan Tolibon ham boshqa xabar tarqatmagan.

Shu bilan birga, Tolibon o‘g‘irlagan amerikalik harbiy Boy Bergdala uchun Guantanamoda saqlanayotgan besh tolibon jangarisini almashtirish haqidagi muzokaralarni ham to‘xtatgani aytilmoqda. Tolibon bu qarorini Afg‘onistondagi murakkab siyosiy vaziyat bilan izohlagan.

Toliblarning Afg‘onistondagi mahalliy harbiy va politsiyachilarga hujumi tez-tez sodir bo‘lib turadi. 2013 yilda minglab shunday holatlar qayd etilgan.

Mahalliy politsiya kuchlari har hafta qurbonlar berilishini aytadi.

2014 yilda Afg‘onistondan xorijiy kuchar chiqib ketishi kutilar ekan, mahalliy armiya mamlakatdagi xavfsizlikni qanchalik ta‘minlay olishi haqida xavotirlar paydo bo‘lgan.

Ekspertlar Afg‘on armiyasida zamonaviy qurollarning yetishmasligi va harbiylarning yetarli tajribaga ega emasligini aytib, ularning xavfsizlikni ta‘minlay olishiga shubha bildiradilar.