Qozog‘istonda Ukraina hodisalari qaytarilishi mumkinmi?

Image caption Olma ota shahrida devalvatsiyaga qarshi namoyishlar o‘tkazilgan

Qozog‘istonda chop etiladigan "Megapolis" gazetasi o‘tkazgan so‘rovnomada ko‘pchilik Qozog‘istonda Ukraina hodisalari qaytarilishi mumkin deb javob bergan.

So‘rovnoma saytda va mintaqalardagi muxbirlarning yordami bilan amalga oshirilgan. 47 foiz ishtirokchi Maydondagi hodisalar Qozog‘istonda ham bo‘lishi mumkin degan bo‘lsa, 41 foizi mumkin emas degan.

Qozog‘istonning Olma ota shahrida devalvatsiyaga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar bundan bir hafta oldin kuch bilan bostirilgan edi.

"Megapolis" gazetasining web sahifasida o‘tkazgan so‘rovnomasida 400 odam qatnashgan va shularning 57 foizi Ukraina Maydonidagi hodisalar Qozog‘istonda ham sodir bo‘lishi mumkinmi, degan savolga "ha" deya javob bergan.

37 foiz ishtirokchi "yo‘q" degan bo‘lsa 7 foiz qatnashuvchi bilmayman deya javob bergan.

Gazeta bundan tashqari mintaqadagi oddiy odamlar va taniqli siyosatchilarning ham fikrlarini bilgan. Umumiy so‘rovnomada 47 foiz odam Maydondagi hodisalar Qozog‘istonda takrorlanishi mumkinligini bildirgan, 41 foizi bunga asos yo‘qligini ko‘rsatishgan.

"Liberti" jamoatchilik jamg‘armasi prezidenti Galim Ageleuov Qozog‘istonda yaqin yillarning ichidaUkraina hodisasi qaytarilmasligini aytadi.

"Menimcha, Qozog‘istonda fuqarolik jamiyati Ukrainadagi kabi shakllanmagan. Ukraina hukumati imkon qadar siyosiy jarayonga ta‘sir o‘tkaza oladigan turli koalitsiyalarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmadi. Qozog‘istonda esa hukumat bu narsaga imkoniyat bermayapti va bermaydi ham", - deydi Galim Ageleuov.

"Megopolis" gazetasiga gapirgan Shavkat ismli yurist bu kabi holatlardan hech kim sug‘urta qilinmaganini aytgan.

"Bundan hech kim sug‘urtalanmagan. Menimcha, holatni beqarorlashtirishga harakatlar allaqachon qilinyapti. Banklar bilan so‘nggi sarosimani oling. Kimdir mamlakatda tanazzul va tartibsizlik bo‘lishini juda ham istayotgan ko‘rinadi", - degan Shavkat.

Muxolifatdagi siyosatchi Amirjan Qo‘sanov Qozog‘iston hukumatida qozog‘istonliklar ularni qo‘rqita olishi mumkin bo‘lgan kuchli norozilik aktsiyalarini o‘tkazishga qodir emas, degan yanglish fikr o‘rnashib qolganini aytadi. Siyosatchiga ko‘ra, hukumat tinch mitinglar o‘tkazishni yildan yilga byurokratik qonun-qoidalar bilan murakkkablashtirayotgani odamlarning sabrini toshirishi mumkin.

"Masalan, 15 fevral kuni Olma otadagi maydonga tinch fuqarolar chiqdi. Ular nimani ko‘rdi deysiz? Ularga olib borilayotgan siyosatni tushuntirib beruvchi parlament yoki hukumat vakillarini ko‘rishmadi, balki yuzlab qurollangan politsiya xodimlari va ushlab ketishga mo‘ljallangan avtobuslarga duchor bo‘lishdi. Hukumat tomonidan aynan mana shu kabi munosabat odamlarning noroziligiga sabab bo‘ldi", - deydi Amirjan Qo‘sanov.

Qo‘sanov janoblari hozircha siyosatdan norozi toifada birdamlik yo‘qligini aytarkan, ammo bu narsa ushbu birdamlikning umuman bo‘lmasligini anglatmasligini ta‘kidlaydi.

"Liberti" jamoatchilik jamg‘armasi prezidenti Galim Ageleuov hukumat murvatlarni burashda davom etaversa Qozog‘istonda 15 fevralda bo‘lgani kabi kichik kichik norozikliklar qaytarilishini va ma‘lum vaqt o‘tgan keyin ushbu noroziliklar katta namoyishlarga yetaklashi mumkinligini aytadi.

"Mana shunday kichik noroziliklar zajir kabi davomli bo‘lsa hukumat me‘yoridan oshirib yuborganini tushunadi. Ammo hukumatning hozirgi psixologiyasidan kelib chiqsak u vaziyatni yanada qattiqroq qo‘lga olishga kirishadi. Ana o‘shanda yirik namoyishlar boshlanib ketishi mumkin", - deydi Galim Ageleuov.