Tahlil: AQSh Afg‘onistonni Xitoyga berib qo‘yadimi?

Image copyright none
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, yo‘q. Ammo, ularning birdek e‘tirof etishlaricha, bugun o‘sha G‘arbni jiddiy xavotirga solayotgan iqtisodiy va harbiy qudratidan foydalanib, Xitoy mintaqada o‘z so‘zini aytishga qattiq harakat qiladi. Xo‘sh, nimaga muvaffaq bo‘ladi?:

Tahlilchilarga ko‘ra, mintaqadagi yirik o‘yinchi davlatlar: Rossiya, Pokiston, Hindiston, Eron va buyog‘i Afg‘onistonning o‘zi bilan muvozanatli aloqalari sabab, qudratli Xitoy afg‘on mojarosining yechimida yirik diplomatik rol o‘ynashi mumkin.

Ularning bu kabi baholari G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari 13 yillik harbiy hozirliklari ortidan aynan Xitoy va Eron sabab, o‘zlari uchun o‘ta muhim geosiyosiy ahamiyat kasb etgan Afg‘onistonni tark etayotgan bir manzarada yangramoqda.

O‘tgan 12 yil badalida ilk bor Kobulga rasmiy safar bilan tashrif buyurgan Xitoy Tashqi ishlar vazirining bayon qilishicha esa, afg‘on hukumati AQSh bilan muhim xavfsizlik bitimini imzolagan taqdirda ham, bu - o‘zlariga bilvosita qo‘shni Afg‘oniston bilan munosabatlariga ta‘sir qila olmaydi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, imzolangan taqdirda, mazkur bitim bu yilgi ommaviy safarbarlik ortidan ham, xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondagi harbiy hozirliklariga rasman izn beradi.

5 mingdan 10 mingtagacha chet el askari va qator harbiy bazalarning afg‘on tuprog‘ida qolishiga zamin yaratadi.

Imzolanmagan taqdirda esa, Afg‘onistonda biror bir xorijiy askar qolmaydi. G‘arbning dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri bo‘lgan Afg‘onistonga yiliga bir necha milliard dollarlik moliyaviy yordamlari ham to‘xtaydi.

Mintaqaviy tahlilchi Fazl Ahmad Burgutning aytishicha, aynan G‘arb kuchlarining hozirliklari sabab, Xitoy ham shundoqqina biqinidagi Afg‘onistonni o‘z holiga tashlab qo‘ya olmaydi.

Boshqa tomondan, mustaqillik istagida bo‘lgan musulmon uyg‘ur bo‘lginchilari muammosi sabab, o‘ziga bevosita chegaradosh bir mamlakatda Tolibon boshchiligidagi isyonchi guruhlarning faollashuviga ham befarq qarab tura olmaydi.

Xuddi shu bois ham, rasmiy Pekin yaqinda butun mintaqada kattaroq diplomatik rol o‘ynash istagida ekaniga oshkora ishora qilgan va afg‘on mojarosida eng muhim o‘rin tutishi aytilgan Pokiston bilan aloqalarini kuchaytirishga zo‘r bergan.

Tashvish ortidan...

Image copyright BBC World Service

So‘nggi yillarda bu ikki davlat mulozimlari orasidagi o‘zaro bordi-keldilarning anchayin faollashgani kuzatiladi.

Har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istagidagi bayonotlar esa, yuqori minbarlardan oshkora bayon qilinmoqda.

Voqealarning bu kabi rivoji manzarasida rasmiy Islomobod o‘tgan yili Xitoy hukumatining talabi bilan mintaqada faol deb ko‘rilgan uch ekstremist tashkilotning faoliyatini ham rasman taqiqladi.

Bular Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati, O‘zbekiston Islomiy Harakati va Islomiy Jihod Ittifoqidir.

Aytilishicha, Xitoy ushbu guruhlarning Shinjon viloyatidagi isyonkorlik harakatlariga aloqasi borligiga ishonadi.

Rasmiy Islomobodning bu sa‘y-harakatlari ayrim tahlilchilar tomonidan Xitoyga oliy darajada ko‘rsatilgan bir iltifot sifatida ham baho topdi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Xitoyni xorijiy qo‘shinlarning bu yilgi ommaviy safarbarliklri ortidan, Afg‘onistonda strategik bo‘shliq, noaniqlik va toliblarning hokimiyatga qaytishi ehtimoli qo‘rqitadi.

Ularning aytishlaricha, agar bu kabi ehtimol amalga oshsa, Xitoy uchun jiddiy boshog‘riqlar boshlanadi.

Tolibon mafkuraviy harakat sifatida hech qachon rasmiy Pekin bilan murosaga bormaydi va musulmon uyg‘ur bo‘lginchilarini shundoqqina topshirib qo‘ymaydi.

Tahlilchilarga ko‘ra, voqealarning bu kabi rivoji manzarasida o‘z mustaqilliklari uchun kurashayotgan uyg‘ur islomiy harakatlarining Xitoyning shundoqqina biqinida, ya‘ni Afg‘onistonda platsdarm topishi ehtimoli kuchayadi.

Xitoy esa, bundan tashvishda: Hatto, yaqinda mintaqadagi to‘rt yirik o‘yinchi davlatning bu yilgi "Istanbul anjumani"ga mezbonlik qilish istagida ekanini ham bayon qilgandi.

Yana bir manfaat

Image copyright AFP

Dunyoda aholisi eng yirigi bo‘lgan va iqtisodi jadallik bilan rivojlanib borayotgan Xitoy iqtisodiy jihatdan ham Afg‘oniston bilan hamkorlikdan manfaatdor.

Uni o‘zining yangi bozoriga aylantirish bilan birga, Afg‘oniston ega bo‘lgan yirik mis va neft zaxiralariga ham katta qiziqish bir qaraydi.

Afg‘onistondagi uzoq yillik beqarorliklarga qaramasdan, "Oynak" mis konini o‘zlashtirish uchun 3 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgan.

Yirik neft konlari borligi taxmin etilgan Afg‘oniston shimolidagi neft konlarida ham allaqachon ish boshlab yuborgan.

Ya‘ni, Xitoy Hindiston bilan birga Afg‘onistonning mintaqadagi eng birinchi va eng yirik ikki yotirimchisi sanaladi.

Lekin, mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, iqtisodiy manfaatlari manzarasida ham, Afg‘oniston Xitoy uchun eng avvalo xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim bo‘lib qolaveradi.

Va, xuddi shu sababdan ham, global siyosatda o‘z so‘zini aytishga asos yaratayotgan bugungi harbiy va iqtisodiy qudratidan foydalanib, eng avvalo o‘z manfaatlari yo‘lida chorak asrlik afg‘on mojarosiga yechim topmoqchi bo‘layotgani yangi kuch sifatida o‘rtaga chiqadi.

Yaqinda ayrim G‘arb nashrlari rasmiy Pekin afg‘on hukumati va Tolibon harakati o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida vositachilik qilish urinishlari haqida yozishgan, Xitoy nima uchun toliblar bilan so‘zlashmoqda, degan savollarni o‘rtaga qo‘yishgandi.

Jumladan, "Foreign Policy" jurnali hamma qolib aynan Xitoyning AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari tomonidan Afg‘onistonda tuzumi ag‘darilgan 2001 yildan buyon Tolibon bilan o‘zaro aloqada bo‘lish intilishlari haqida yozgan, xitoylik mulozimlarning orada Tolibon vakillari bilan Pokiston va Xitoyning o‘zida uchrashganliklari haqida ham to‘xtalib o‘tgandi.

Qudratli Xitoyning bugungi istaklari haqida mintaqaviy tahlilchi Fazl Ahmad Burgut bilan suhbatimizda batafsil tinglang.