Erdo‘g‘an o‘g‘li bilan telefon suhbatini "soxta" deb atadi

Image copyright Reuters
Image caption Erdo‘g‘an "telefon suhbati" yuzasidan izohni parlament vakillariga bergan

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an internetga sizib chiqqan o‘g‘li bilan bo‘lgan telefon suhbati audio yozuvlarini soxta deb atadi.

Telefon suhbatida u go‘yoki o‘g‘li bilan yirik miqdordagi pullarni qayerga yashirishni muhokama qiladi.

Bosh vazirning parlamentga aytishicha, YouTube videoxostingiga qo‘yilgan audiofayl "xiyonatkorona to‘hmat" bo‘lib, aybdorlar jazosini olishi kerak.

Erdo‘g‘an uning korruptsiyaga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni mo‘‘tadil musulmonlar harakati - "Xizmat" tomonidan uyushtirilgan fitna, deb hisoblaydi.

Telefon suhbatida janob Erdo‘g‘an o‘g‘li Biloldan uydagi millionlab yevroni yashirishni so‘raydi.

Turk muxolifati ayni audio yozuvlar tufayli undan iste‘foga chiqishni talab qilganlar.

Haqqoniyligi isbotlanmagan telefon suhbati go‘yoki dekabr oyida bo‘lib o‘tgan.

O‘shanda bosh vazirning tijoriy hamkorlari va uch vazirning o‘g‘li pora berish va olishga aloqadorlik ayblovlari bilan hibsga olingan edi.

Muxbirlar so‘zlariga ko‘ra, korruptsiya ayblovlari bilan boshlatilgan tekshiruv 11 yildan buyon iqtidorda bo‘lgan janob Ero‘g‘an hokimiyatini mart oyiga belgilangan saylovlar oldidan savol ostiga ola boshladi.

Janob Erdo‘g‘an idorasi dushanba oshqomida bayonot chiqarib, "telefon suhbatlarining internetda tarqalishi janob Erdo‘g‘anni obro‘sizlantirishga qaratilgan kampaniyaning bir qismi" deya bildirdi.

"Bu iflos dasisani o‘ylab topganlar Turkiya Jumhuriyati bosh vazirini hadafga olmoqda va ular qonun o‘ngida javob beradilar," deya ta‘kidlanadi bayonotda.

Image caption Fethullah Gulen Turkiya ichkarisida "parallel davlat" qurishga urinayotganlikda ayblanadi

Janob Erdo‘g‘an dushanba kuni kechqurun Turkiya istihboroti rahbari bilan uchrashgan va seshanba kuni "telefon suhbati" bo‘yicha izoh bergan.

O‘zi asos solgan AK partiyasining parlamentdagi vakillari o‘ngida gapirgan janob Erdo‘g‘an audio yozuvlar "uyatsizlik bilan montaj" qilingani va bu amal shaxsan uning o‘ziga qarshi hujum ekanini aytgan.

Seshanba kuniga qadar ushbu audio suhbatni internetda 1.5 million odam tinglagan.

Bir kun muqaddam Turkiya hukumati rasmiylari oxirgi uch yil ichida minglab odamlar, jumladan yuqori siyosatchilar telefon suhbatlari ularni yomonotliq qilish va jinoiy ishlar ochish maqsadida tinglanganini aytganlar.

Hukumatparast ikki gazeta - "Yeni Safak" va "Star" da‘vosiga ko‘ra, telefon suhbatlari AQShda istiqomat qiluvchi diniy peshvo Fethullah Gyulenga yaqin prokurorlar topshirig‘i bilan yozib olingan.

Prokurorlar bu ayblovlarni rad etganlar.

Janob Erdo‘g‘an o‘zining sobiq ittifoqchisi bo‘lgan janob Gyulenni Turkiyada "parallel" davlat qurishga urinayotganlikda ayblagan.