Tojikistonlik mehnat muhojiri kundaligidan. O‘n ikkinchi hikoya

O‘n ikkinchi hikoya

Uch oy qanday o‘tib ketganini bilmay qolibman. Martda Moskvaga yetib borib, ish boshlashim kerak. Bir tomondan xursandman, yana ishlayman, pul topaman, yangi uyni bitkazib olamiz. Ikkinchi tomondan yana tug‘ilgan makonimdan, onajonim, akam, opam, qon-qarindoshlarimdan olisda yashashni o‘ylab, ko‘nglimdan bir nimalar uzilib ketayotgandek bo‘laveradi.

Moskvaga uchadigan samolyotga chipta sotib olganimda ham ko‘nglimda ikki xil his olishardi.

- O‘g‘lim, ketadigan bo‘ldingmi? Qachonga? – dedi onam chipta olganimni eshitganidan so‘ng allanechuk bir ma‘yuslanib.

- Payshanba kuni, 27 fevralga, - men bu gapni xotirjamgina aytar ekanman, ichimda ikkinchi his g‘olib kelayotgandek edi.

- Umidjon, o‘g‘lim, shu o‘zimizda ishlab yursang bo‘lmaydimi? Ana, o‘rtoqlaringni bittaci do‘kon ochgan, uch-to‘rttasi bir bo‘lvolishib, odamlarga uy qurib berishyapti.

Onam jilmayishga urinar, lekin ko‘zdagi ma‘yuslik labdagi jilmayishning zo‘raki ekanligini bildirib qo‘yayotgandi.

- Onajon, men endi har yili kelib turaman. Uch yilgacha o‘shaqlarda qolib ketmayman.

- Umidjon, eshigingni ochib qo‘yay, degandim. Otang to‘yingni ko‘rmasdan armonda ketdilar, - onajonimning ko‘zlarida paydo bo‘lgan yosh tomog‘imni tirnay ketdi.

- Onajon, hali ko‘p to‘ylar qilamiz. Mening to‘yimga ham, ana, akamning qizidan tortib, o‘g‘illari, opalarimning bolalarini uzatish, uylantirish to‘ylarida ham o‘zingiz bosh bo‘lasiz.

- Yaqin o‘rtog‘ing Fotih bo‘lgandan keyin senga gap topib bo‘larmidi, bolam…

Ilondek o‘rmalagan shumxabar

Image copyright BBC World Service
Image caption Rossiyaga borgan ba‘zi muhojirlarning taqdiri fojeali tugaydi

Shu bilan mening Moskvaga ketishim haqida boshqa gap ochilmaydi, deb o‘ylagandim. Qayerda? Erta tongda vaqtli turib Fotih va ikki sinfdoshim bilan qishloqning yangi mahallasiga fotihaga borib keldik. Rossiyadan men tengi – yigirma beshlik yigitning o‘ligi kelgan ekan. Marhumning qanday o‘lgani haqida har kim har xil gapirardi. Bittasi gazdan islanib o‘ldi, desa, ikkinchisi allakimlar bilan janjallashgan ekan, jon joyiga urib o‘ldirishibdi, derdi…

Fotihadan qaytgach, garchi yuragim qop-qorong‘i bo‘lsa-da, ichimdagini sirtga chiqarmaslikka urinib, o‘zimni xotirjam tutishga harakat qilardim. Ishqilib, Rossiyadan o‘lib kelgan bola haqida onam eshitmagan bo‘lsinlar-da.

Men onamning avzoyidan yangi mahallaga kelgan tobutni eshitmaganliklarini sezib, Moskvaga olib ketish uchun u-bu xarid qilish maqsadida bozorga ketdim. Bozordan qaytib kelsam, onamning rang-ro‘ylari butkul o‘zgargan. Qishlog‘imiz kitoblarda yoziladigandek do‘ppidekkina emas, Fotihning aytishicha aholisi qirq ming nafarga yaqinlashib qolgan. Sakkizta umumta‘lim maktabi bor. Qishloqning bir mahallasidagi odamlar ikki-uch mahalla naridagi odamlarni tanishmaydi. Lekin xunuk xabar ilondek o‘rmalab uyma-uy kirib boradi, deganlari to‘g‘ri gap. Onam qo‘limdagi narsalarni bir chetga olib qo‘yib, meni duo qilar ekan, ovozi baralla titrardi.

- Bolam, qayerda bo‘lmagin, Xudoyim o‘z panohida asrasin. Hech bir ona farzand dog‘ini ko‘rmasin. Ilohim, to‘yingni, baxtingni ko‘ray, bolalaringni o‘zim alla aytib katta qilayin…

Onam kaftlarini yuzidan olganda ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgandi.

- Onajon, sizning duongiz meni hamma har yerda asraydi, - dedim onamning yelkasiga bosh qo‘yayotib.

- Kecha-kunduz ikki o‘g‘lim, ikki qizimning ko‘plar qatori o‘zing asra, deb so‘rayman. Lekin… - onam ko‘ziga ro‘molcha bosdi. – Bu dushman ko‘ngil… Yangimahallalik yigitning onaizorini o‘ylab ichim ezilib ketyapti. Rahmatli sen tengi ekan. Ikki yashar o‘g‘ilchasi yetim, yosh kelin yesir qoldi…

- Onajon, o‘zingiz aytasiz-ku taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi, deya.

- Taqdir.., - onam peshonamni, boshimni silardi. Men bu iliq, mehribon qo‘lning peshonamdan uzilmasligini istagancha jimgina onamning yelkasidan bosh ko‘tarmasdan yotardim. – Hayotga kelib, nima ko‘ribdi u yigit. Eshitganim rost chiqsa-yu uni kim urib o‘ldirgan bo‘lsa, qo‘llari sinsin, akashak bo‘lsin, jazosini tortsin!

Haykal va achchiq haqiqat

Kechqurun uyga avval ikki sinfdoshim, sal keyinroq Fotih keldi. Men iloji boricha Rossiya, muhojirlik haqida gap ochilmasligini istardim va shunga urinardim. Lekin, qayerda? Fotih kulganicha gap boshlab qoldi:

- Moskvadan keyingi gal kelganingcha yurtimizda bitta haykal ko‘payadi. Balki kelin bilan uning tagiga gul qo‘yarsizlar.

- Qayerdagi gaplarni topasan. Yana qanday haykal? Men hech qanday haykal poyiga borib, gul-pul qo‘ymayman. Men bilan bir umr birga bo‘lishga ahd qilgan qizni ham shunga ko‘ndiraman.

- Hozir internetni Tojikistonda mardikorlar, e, kechirasizlar, mehnat muhojiri sharafiga haykal o‘rnatish haqidagi xabarlar bosib ketdi, - dedi to‘satdan jiddiy tortib Fotih. – Isfandiyor degan bir yigit qaysi bir saytga ana shu taklif bilan chiqqan ekan, unga tarafdorlar soat sayin ko‘paygandan-ko‘payyapti.

- Men "Aziya-plyus"da o‘qidim, - kelganidan beri jimgina o‘tirgan sinfdoshlarimdan biri qo‘lidagi planshetni ishlatdi. – Mana, qaranglar, hatto odamlar haykalning qanday bo‘lishi, uni qayerga o‘rnatish borasida takliflar yozishyapti.

Sinfdoshim uzatgan planshetni olib, uch-to‘rtta turli-turli fikrlarni o‘qib ko‘rdim. Bittasi juda yaxshi taklif, Tojikistonga yiliga milliard-milliard pul yuborib turgan mehnat muhojirlariga haykal qo‘yilsa arziydi, deya yozibdi. Yana bittasining fikricha haykal farzandini Rossiyaga kuzatayotgan ota-ona ko‘rinishida bo‘lsa yaxshi emish. Lekin ularning chehrasini ma‘yus qilib tasvirlashni taklif qilibdi. Haykal Ismoil Somoniy haykalidan past bo‘lmasin, uni Dushanbe aeroporti yo temiryo‘l vokzali maydoniga qo‘yishsin, deb ham yozishibdi. Boshqa bir fikr boshdan-oyoq kesatiqdan iborat ekan. Gap egasini topadi, deganlaridek, bu kesatiqlar milyon nafardan ortiq odamga yaxshi maoshli ish topa bera olmay, musofirlikka mubtalo qilgan rahbarlarga yetib borarmikan.

Haykalni yurtida cho‘ntagi shilinib, yirtilib ketgan yigit qiyofasida yasashsin, degan fikrni o‘qib, avvaliga kuldim, biroz o‘tmay, bu achchiq haqiqatni tan olar ekanman, qosh-qovog‘im osilib ketdi.

Bola - Tojikistonda, ona - Rossiyada

Image copyright bbcuzbek.com

Mening ko‘rinishimdagi o‘zgarishni sezdimi, Fotih "Internetda muhojirlar haqiga g‘amxo‘rliklar qilinayotgani haqida ham yozishgan", dedi.

Uning aytishicha, Moskvada tojikistonlik mehnat muhojirlari haq-huquqlarini himoya qiluvchi advokat ish boshlabdi. Agar birontamizning haq-huquqimiz buzilsa, Tojikiston Mehnat, muhojirlik va ish bilan ta‘minlash vazirligi qoshidagi vakolatxonaga borar ekanmiz. Bungacha vazirlikning Moskvadagi vakolatxonasi muhojirlar arizalariga ko‘ra ularni hal etish uchun prokuratura kabi Rossiya huquq-tartibot maqomotlariga murojaat etib kelishgan ekan. Lekin advokat xizmatiga ehtiyoj borligi sezilib qolibdi

Men Fotihga yaxshi xabar uchun rahmat aytdim. Lekin yuz minglab mehnat muhojirining dardini bittagina advokat yengillatib bera olmasligini ichimda o‘ylasamda, sirtimga chiqarmadim. Ustiga buni Fotihning o‘zi ham juda yaxshi bilishini bilmasdan nima.

Sinfdoshim esa, men qaytarib bergan planshetdan ko‘z uzmasdan yana bir xabarni aytdi. Konibodomlik Shuhrat degan yigitni Rossiyadan chiqarib yuborish haqida hukm chiqarilgan ekan. Haligi advokat olgan vakolatxona Shuhratning arizasini ko‘rib chiqib, uning hujjatlari va rossiyaliklar hukmi bilan batafsil tanishib chiqibdi. Natijada Shuhratni Rossiyadan chiqarib yuborish haqidagi hukm asossiz ekanligi isbotlanibdi. U Rossiyaning hech qanday qonunini buzmagan va barcha tegishli hujjatlari joyida ekan. Shunday qilib, endi Shuhrat Rossiyada bemalol ishlayverar ekan.

- Bungacha yosh bolali ayollardan uchtasining noto‘g‘ri deport qilingani isbotlangan ekan. Hozir ular Rossiyada qolgan yosh bolalarining oldiga qaytib borishibdi, - dedi sinfdoshim mening qiziqish bilan qarab turganimni ko‘rib.

- Yashasinlar! – dedi kaftini kaftiga urib Fotih. – Uch onani bolasi bilan birga bo‘lishi ilojini topishibdi. Lekin Tojikistonda bir yarim-ikki yashar bolasini onasiga yo qaynonasiga tashlab ketib, Rossiyada ishlab yurgan minglab yosh onalarni farzandi oldiga qaytarishni kim o‘ylaydi? Rossiyada ishlab yurgan onasi mehriga zor bo‘lib o‘sayotgan, tug‘ilganidan beri otasini ko‘rmagan bolalarni kim o‘ylaydi? Shuhratning Rossiyadan nohaq chiqarib yuborilganini isbotlashibdi, unga yordam berishibdi. Rahmat! Lekin Rossiyadan arzimas bahonalar bilan deport qilinayotgan boshqa o‘n minglab odamlarimizga kim yordam beradi?

Bir tandir patir

Erta tongda uyg‘onsam, onam pechka oldida xamir qoryaptilar.

- Onajon, sovuqda tandirga o‘t yoqib nima qilasan? Uyda nonimiz bor-ku! – dedim astagina.

- Tandirga o‘tni sen yoqib berasan. Maskvaga olib ketishingga bir tandirgina patir yopib berayin, - dedilar onam xamirni mushtlaganlaricha.

- Onajon, qiziqsiz-a, bir tandir nonni nima qilaman?

- Maskvadagilar uy nonini sog‘inishgan. Hamxonalaringga, seni ko‘rgani keladigan hamqishloqlarga bittadan ulashsang, bir tandir non yetmaydi aslida.

Hozir Moskvada nonvoyxonalar ko‘payib ketgan, dedim, u dedim, bu dedim, baribir onamni ko‘ndira olmadim. Patir yopildi. Lekin onamning zorlanishlariga qaramasdan, bir tandir emas, sakkizta patirni jomadonga joyladim. Mayiz, asal, onam o‘z qo‘llari bilan chaqqan bodom, yong‘oq mag‘zi… Boshqa sovg‘a-salom, kiyim-kechak bilan to‘lgan joma-donni zo‘rg‘a yopdim.

Samolyot tungi ikkida uchadi. Lekin aeroportga kamida ikki-uch soat oldin borish kerak. Meni akam olib chiqib qo‘yadigan bo‘ldilar. Onam men ham aeroportga boraman, seni kuzataman, deb turvoldilar. Akam tungi sovuqda onamning qiynalib qolishlarini o‘ylab, uyda yaxshilab duo qilsangiz, bo‘ldi, dedi. Onam ko‘z yoshlarini artdilar-da, ichkari uyga kirib ketdilar.

- Qani, o‘g‘lim, "Bismillohirr rahmonirr rahiym", deya bularni tishlagin!

Ichkaridan qaytib chiqqan onamning qo‘lida ikkita patir turardi…

Umid.