Tahlil: Ikki Tolibon rahbarining ketma-ket o‘limi nimani anglatadi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, xorijiy ittifoq qo‘shinlari afg‘on mojarosiga biror bir yechim topmay ortga qaytayotgan, Pokiston va Afg‘onistonning tinchlik muzokaralariga oid so‘nggi urinishlari ham aro yo‘lda qolgan bir manzarada Tolibon harakati ikki yuqori martabali mulozimining o‘ldirilishi yana bir bor vaziyatning qanchalik chigal ekanini ko‘rsatadi.

Ya‘ni avvaliga Afg‘oniston Tolibon harakatining sulhparvar yetakchilaridan Mavlaviy Abdul Raqib, oradan bor-yo‘g‘i bir necha kun o‘tib, Pokiston toliblarining xuddi shunday mavqe‘da ekani aytiluvchi rahbarlaridan Ismatulloh Shohinning o‘ldirilishi va qotillarning kim ekani noma‘lum qolayotgani hozir ko‘pchilikni o‘ylantirmay qo‘ymagan.

Xo‘sh, voqealarning bu kabi rivoji nimaga dalolat qiladi? Mavjud vaziyat mintaqadagi Tolibon muammosining yechimida tinchlik muzokaralari tanlovi ish bermasligini anglatadimi? Ikki yuqori martabali mulozimining ketma-ket o‘limi Tolibon harakati zaifligining nishonasi bo‘lishi mumkinmi? Ularning o‘limidan kim va nega manfaatdor bo‘lishi mumkin?

Agar, so‘nggi hodisalarga mintaqaviy tahlilchilar berayotgan baholarga qaralsa, buning tamom teskarisi...

G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondagi 13 yillik tajribasi va Pokiston hukumatining so‘nggi yillardagi amaliyotlari mintaqadagi Tolibon muammosining yechimida harbiy tanlovning ish bermasligini ko‘rsatgan.

Ustiga ustak, ham Pokiston va ham Afg‘onistonda, yillarki, katta sondagi insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlarga mas‘uliyatni rasman o‘z zimmasiga olib kelayotganiga qaramay, harakat bu ikki davlat hukumatlari tomonidan terrorchi tashkilot sifatida ham tan olinmagan.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bu kabi holat ularga nisbatan muqobil bir strategiya ishlab chiqish imkoniyatini yo‘qqa chiqargan.

Frantsiyadan mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha esa, barcha ishtirokchi davlatlarning 13 yillik tajribasi toliblarni yo‘q qilib bo‘lmasligi hamda Tolibon muammosining yechimi alal-oqibat faqat va faqat tinchlik muzokaralariga borib taqalib qolishini ko‘rsatadi.

"Toliblar shunday kuch ekanligini isbotladiki, ular yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ular oziqlanayotgan asosiy manba bu - jamiyat va jamiyatdagi muammolar. Shuning uchun ham, ularni yo‘q qilish emas, trasformatsiya qilish strategiyasi mavjud".

Voqealarning so‘nggi rivojiga o‘z bahosini berarkan, tahlilchi buni eng avvalo mafkuraviy harakat sifatida Tolibon harakatining markazlashmagani bilan izohlaydi.

"Harakat bir qancha guruhlardan iborat. O‘z faoliyatini har doim ham kuchli koordinatsiya qila olmaydi. Birinchidan, ular bir-birlari bilan zamonaviy tele-kommunikatsiya vositalari orqali muloqot qilishdan qochishadi. Ya‘ni, qayerda ekanliklarini bilib olishlaridan qo‘rqishadi. Doimiy ravishda yashirinib yurishadi va shuning uchun ham, ular o‘rtasidagi o‘zaro tushunchalar yoki o‘zaro qarashlar har bir masalada har doim har xil bo‘lgan", - deydi tahlilchi.

Uning aytishicha, vaziyatning qanchalik chigalligini G‘arb bo‘ladimi-boshqa, Afg‘oniston bilan ishlayotgan barcha tomonlar yaxshi bilishadi va tushunishadi.

"Ya‘ni, bir tomondan ana shunday bo‘shliq bor. Ikkinchi tarafdan, atrofdagi o‘sha ishtirokchilar, o‘yinchilar toliblarni o‘z holiga ham qo‘yib qo‘ya olmaydi. Ularning maqsadlari esa, bir qancha bo‘lishi mumkin: Bir tomondan, toliblar ichidagi parokandalikni yoki kuchaytirish, yoki ularning muzokaraga moyil bo‘lgan, tinch "transformatsiya" tarafdor bo‘lgan toliblarni ajratib olish va ularni kuchaytirish harakati...Ya‘ni, parallel bir qancha vazifalar qo‘yilgan bo‘lishi mumkin", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Tahlilchiga ko‘ra, bundan boshqa barcha muqobil yo‘llar qo‘llab ko‘rilgani va ularning hech bir ish bermagani bois, hozir afg‘on mojarosi yechimidan manfaatdor tomonlar qarshisida boshqa tanlov qolmagan.

"Toliblarni jismonan yo‘qotish, siyosiy kuch sifatida yo‘qotish amalga oshirilmadi. Ya‘ni shunday vazifa qo‘yilgan edi, ammo 2001 yildan 2014 yilgacha bu ish samara bermadi. Hozir esa, yagona yo‘l, demak, imkon qadar toliblar bilan muzokaraga kirishish. Ular markazlashmagan bo‘lishsa-da, aksariyati tinchlik muzokaralariga taktika sifatida qarashsa-da, bundan boshqa muqobil yo‘l yo‘qligi ma‘lum bo‘layapti", - deydi tahlilchi.

Image copyright AP
Image caption Tahlilchi suhbatdoshimizning ta‘kidlashicha, G‘arb uchun Afg‘oniston muammosi strategik bir muammo...

Suhbatdoshimizning ta‘kidlashicha, G‘arb uchun Afg‘oniston muammosi strategik bir muammo va bugun hamma uni o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmasligini yaxshi tushunadi.

"Aynan Afg‘oniston masalasida Rossiyaning ham, g‘arbiy Ovro‘poning ham, AQSh va bunga qo‘shimcha Xitoyning ham mavqei yakdil. Ya‘ni, Afg‘oniston ular uchun geo-strategiya masalasi emas, global xavfsizlik masalasi. Global xavfsizlik masalasiki, agar Afg‘oniston o‘z holiga tashlab qo‘yiladigan bo‘lsa, 2001 yildan oldingi holatga qaytishi mumkin va qaytatdan dunyo miqyosidagi jihodchilar platsdarmiga aylanishi mumkin".

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, har ikki Tolibon harakati bilan G‘arb, Pokiston, Afg‘oniston va qator vositachi davlatlarning tinchlik muzokaralari olib borish urinishlari shu paytgacha ular bosh rahbariyatining ishtirokisiz va aksariyat hollarda roziligisiz kechgan.

Mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning eng so‘nggida aytishicha, "Tolibonning tinch yo‘l bilan siyosiy jarayonlarda ishtirok etishiga erishilmas ekan, bu - Afg‘onistonda harakat mavqeining kuchayishi va yillar davomida shakllanib kelayotgan ijtimoiy, iqtisodiy muammolar bilan birgalikda yaqin kelajakda toliblarning ochiq jangovar xurujlar va bosib olishlar bosqichiga o‘tishlari ehtimolini nazardan soqit etmaydi".

Eslatib o‘tish joiz, Pokiston Tolibon harakati tinchlik muzokaralariga borish uchun butun mamlakat bo‘ylab Shariat qonunining joriy etilishini talab qilayotgan bo‘lsa, ularning Afg‘onistondagi harakatdoshlari afg‘on tuprog‘ida biror bir xorij askarining qolmasligini istashadi.

O‘zbekistonga shundoqqina qo‘shni Afg‘oniston Tolibon harakati 13 yildirki, afg‘on hukumatining qo‘ldan qurollarini qo‘yib, mamlakat konstitutsiyasini tan olish shartni inkor etib keladi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, xorijiy ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondan ommaviy safarbarliklari so‘nggi yillarda jismonan faollashgan harakatga ruhiy dalda bo‘lib ham xizmat qilmoqda va tinchlik muzokaralarida qo‘llari baland kelishiga zamin yaratuvchi omil vazifasini ham o‘tamoqda.