O‘zbekistonlik faol Yelena Urlayeva ruhiy kasalxonaga yotqizilgan

Image caption Yelena Urlayeva 2012 yil aprelida ham ushbu shifoxonaga yotqizilgandi

Norasmiy O‘zbekiston inson huquqlari himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayeva 21 fevralda Toshkentdagi ruhiy shifoxonaga yotqizilgan.

Urlayevaning holidan xabar olish uchun kasalxonaga borgan Alyans faoli Shuhrat Rustamovning BBCga aytishicha, u va ikki hamkasbi Urlayevaning oldiga kiritilmagan.

Shuhrat Rustamovga ko‘ra, Urlayevani oila a‘zolari kasalxonaga olib borishgan.

"Davolovchi shifokordan Urlayeva yonida mahkama qog‘ozi bor edimi deb so‘radim. Yo‘q, uyidagilar o‘zlari olib kelib, joylashtirib ketishdi, deb javob berdi. Haddan tashqari holdan toygan, dam olishi kerak. Bir haftadan keyin borsak, ko‘rishga ruxsat berar ekan. Urlayevaga faqat suyuqlik mumkin deyishdi, qo‘limizdagi narsalarimizni olishmadi", - deydi Shuhrat Rustamov.

Yaqinlari Urlayevaga nimadir ichirilgan bo‘lishidan ham xavotirda. Keyingi paytlarda Urlayevaning atrofida shubhali odamlar paydo bo‘lganini, ular bilan uchrashib qaytgach, holsizlanib yotib qolganini aytishgan ular. Urlayevaning holatida qayerga murojaat qilishni bilmay, avval yotqizilgan Toshkentdagi 3-ruhiy shifoxonaga olib borishlariga to‘g‘ri kelgan.

Shuhrat Rustamov Urlayeva ertayu kech ishlagani uchun, holdan toygan bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmadi.

"Tinmay ishlaydi. Kechqurun yozadi, kunduzi shikoyat bilan kelgan odamlarni eshitadi, yugur-yugur. Bunday sharoitda mening o‘zimda hatto 400 dan ortiq shikoyat bor. Kechasi bilan o‘tirib ishlasam ham vaqt yetmaydi. Urlayeva juda qattiq ishladi oxirgi paytda. O‘zi faqat bizning Alyans ishlayapti hozir odamlar bilan", - deb aytdi Rustamov.

2012 yil aprelida ham Yelena Urlayeva ruhiy shifoxonada davolanib chiqqandi.

Oila a‘zolarining aytishicha, Yelena Urlayeva Turkiya safaridan so‘ng, uydagilari bilan o‘zini yomon tutgani natijasida "Tez tibbiy yordam" chaqirishga majbur bo‘lganlar.

Yelena Urlayeva shuningdek, 2000 yilda o‘z ixtiyoriga qarshi ruhiy shifoxonaga yotqizilgan.

Mamlakatdagi inson huquqlari qo‘pol poymol etilishi hollarini o‘rganib keladigan 53 yoshli Yelena Urlayeva O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan ta‘qib etib kelinadi.

Toshkent shahar mahkamasi 2000 yilda inson huquqlari himoyachisini majburiy davolash haqida qaror chiqargan.

Lekin shifoxonadan chiqqanidan keyin Yelena Urlayeva o‘zining ruhiy salomatligini Moskvadagi mutaxassislar hay‘ati ko‘rigidan o‘tkazgan va 2003 yilda moskvalik mutaxassislar uni ruhiy sog‘lom deb topgandilar.