Zarbdor hokimi: "Enangni qozi eplagan bo‘lsa mening oldimga kelasanmi?"

Image caption O‘zbekistonda rahbarlarning qo‘l ostidagilarni haqorat qilishi keng yoyilgan

O‘zbekistonlik bloger o‘z sahifasida so‘kong‘ich rahbarlar haqida yozgan.

Rahbarlarning qo‘l ostidagilarni yoki oddiy fuqarolarni haqorat qilishlari O‘zbekistonda keng yoyilgan bo‘lsa-da, ushbu mavzu mahalliy matbuotda deyarli ko‘tarilmaydi.

Muallif Erkinjon Karimov so‘kish odati qishloq joylardan yirik shaharlarga ham kirib kelib kun sayin ko‘payotgani haqida yozadi.

Bloger "So‘kong‘ich rahbarlar" sarlavhasi ostida O‘zbekistonda keng yoyilgan holatni ko‘targan.

Erkinjon Karimov so‘kinuvchi rahbarlarni "dalaga solinadigan mahalliy o‘g‘it "pekalo"ga og‘iz chayadi", deb o‘ylashi haqida yozgan.

Unga ko‘ra, shaharning qoq markazida yumshoq kreslolarda shirin sharbatlar ichadigan "kottakonlar" tuman, qishloqdagi "sassiqkekirdaklar"ni ortda qoldirib ketar ekan.

Bloger so‘kinuvchan rahbarlarning kun sayin ko‘payyatgani haqida qayg‘uradi.

Mavzuni o‘rganiish jarayonida Jizzax viloyat Zarbdor tumani hokimining oddiy fuqarolarni so‘kish holatiga duch keldik.

Bo‘ston shaharchasidagi mahalla faoli Anorboy Holiqulov 4 ayol va ikki erkakni tuman hokimi haqorat qilganini aytadi.

"Sen siyosatga aralashmasdan, xalqni yetaklamasdan, yana bu kabi mojarolar bilan yuqoridan kelayotgan buyruqni bajarishga ko‘ndalang bo‘lmay b... yeb yuribsanma yetalashib, deydi. Bo‘ldi 15 o‘rinli bolnitsasi ham boshqasi ham yo‘q bo‘ladi, dedi" - eslaydi mahalla faoli.

Faollar 15 ming aholi yashovchi Bo‘ston shaharchasida 15 kishiga mo‘ljallangan yagona shifoxona yopilishini to‘xtatib turishni hokimdan iltimos qilganlar.

Tuman hokimining qabuliga kirish uchun ikki oy kutishga to‘g‘ri kelgan.

Biroq hokim ularni iliq kutib olmagan.

"Juda ham noo‘rin gap bo‘ldi. Enangni qozi eplab qo‘ysa, mening oldimga kelasanmi, dedi. Odamlarni qonunchilikka to‘g‘ri kelmasdan qabul qilayapti. Sensiraydi, hurmatsizlik qiladi, ayol-erkak bormi, so‘kinib gapiradi. Boshimizni egib, birorta ijobiy javob ololmasdan, tuman hokimidan astoyidil xafa bo‘lib qaytdik", - deydi Anobroy Holiqulov.

Uning ilova qilishicha, Bo‘ston shaharchasida boshqa muammolar ham bor.

12 ming aholi ikki qavatli uylarda yashaydi.

Lekin so‘nggi vaqtlarda bu uylardagi isitish, yoritish, suv tizimlari ishdan chiqqan.

Hokimiyat bor e‘tiborini yangi qurilgan 40 xo‘jalikdan iborat namunali uylarga qaratmoqda.

Anorboy Holiqulov hokimning boshqalar oldida haqorat qilganidan qattiq izza bo‘lganini aytadi.

U hokimning odobsizligidan prezident Islom Karimovga shikoyat qilmoqchi.

"Xafaligimdan yer yorilmadi, yerga kirib ketmadim. U kishining haqoratidan, menga bo‘lgan munosabatidan juda yomon bo‘lib ketdim. Hal bu to‘g‘risida guvohlarim bilan prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovga yozma ravishda murojaat qilib chiqaman, Xudo xohlasa. Mana ikki kundan beri endi o‘zimga keldim", - deydi Anorboy Holiqulov.

U haqorat masalasida prokuror, militsiya yoki viloyat hokimlariga shikoyat qilish foydasiz bo‘lgani uchun ham to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentga murojaat qilishini aytadi.

2013 yilning iyul oyida namanganlik fermer Muhammadjon Rahimov BBCga Namangan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosarining haqorat qilgani va tepgani haqida gapirgan edi.

Ushbu chiqishidan so‘ng Milliy xavfsizlik xizmati Rahimovdan vaziyatni o‘rgangan.

Fermermerning BBCga aytishicha, hokim o‘rinbosari hanuz lavozimida ishlayapti.

Biroq viloyatda rahbarlarning haqorat qilishi holati kamaygan.

"O‘zgarishlar yaxshi, hozir ishlar ancha tartibga tushgan. Unaqa tazyiqlar yo‘q", - deydi Muhammadjon Rahimov.

Huquq faollari rahbarlarning qo‘l ostidagilar va oddiy fuqarolarni haqorat qilish hollari keng yoyilganini aytishadi.

Bu kabi haqoratlar ustidan prokuraturaga qilingan shikoyatlar jabovsiz qolib ketishi e‘tirof etiladi.