Samarqandlik blogger: "elektr yo‘qligi haqidagi blogpostimni yozishga 3 kun ketdi"

Image caption Jurnalist "O‘zbekenergo" mulozimlaridan muammoni yechishni so‘ragan

Toshpo‘lat Rahmatullayev elektr energiyasi muntazam o‘chishi sabab ushbu muammoni yozishga 3 sutka vaqti ketganini aytadi.

Ayniqsa, keyingi kunlarda chiroqning tez-tez o‘chishi kuzatiladi.

Mutassadilar elektr tarmog‘idagi uzilishlarga iste‘molchilarning tokni haddan ziyod ko‘p ishlatayotganini sabab qilib ko‘rsatishmoqda.

Muallifning yozishicha, kuz-qish mavsumi kelishi bilan Samarqandda chiroq kuniga 20-30 martagacha o‘chiriladi.

"Bu kabi tahqirlashlar yangi kuch bilan so‘nggi kunlarda yanada bo‘y ko‘rsatdi. Chiroqni gohida 3-4 daqiqa berishadi va shu zahoti o‘chirishadi. Har zamonda qorong‘ulikda 4-8 soat o‘tiramiz", - deydi u.

BBCga gapirgan Toshpo‘lat Rahmatullayev ayni damda ham chiroqsiz o‘tirishganini bildirdi.

"Bu svet shunaqa boshog‘riq, shunaqa rasvo gapirib bo‘lmaydi. Men shahar markazida turibman, yonimizda Bog‘ishamol degan tuman bor. Shahar ichki ishlar boshqarmasi, viloyat va shahar soliq inspektsiyasi, telefon stantsiyasi joylashgan. Mana shu markazda ham yo‘q-da".

Chiroqmi, svetoformi?

Jurnalistga ko‘ra, Samarqandda chiroq xuddi svetoforga o‘xshab o‘chib-yonadi.

"Besh soatning ichida chiroq 8-10 marta o‘chib-yondi, tug‘ruqxona va shifoxonalar qiyin ahvolda qolgan", - deydi u.

"Mutasaddilar simlar, stantsiyalarning hammasi eskirgan deyishdi. Gaz kamligi tufayli hamma elektr asboblardan foydalanayapti, shuning uchun stantsiyalar bosimni ko‘tara olmayapti. Avtomat o‘zi tashlab yuboradi, buni hech kim boshqarmaydi, degan gaplarni qilishdi", - deydi Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Jurnalist nima sababdan bu kabi holatlarga oldindan chora ko‘rilmagani tushunmasligini aytadi.

Shahardagi kichik tadbirkorlar foydadan ajralib qolmaslik uchun do‘kon va shu kabi xizmat ko‘rsatish joylarini tok ishlab chiqarishga mo‘ljallangan dvijoklar bilan imkon qadar jihozlashga harakat qilayapti.

Biroq davlat idoralari qiyin ahvoda qolgani bildiriladi.

"Samarqand qayerda, biz qayerda"

Toshpo‘lat Rahmatullayevning aytishicha, shahardagi soliq idorasi chiroqning muntazam o‘chib yonishi ortidan Toshkentga oylik hisobotni vaqtida yubora olmagan.

Idoralardan ma‘lumotnoma olishni istagan fuqarolar ham kompyuterlarning ishlamasligi sabab qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Shahar markazida yo‘l chiroqlarning ishlamasligi natijasida ayrim nuqtalarga yo‘l harakati boshqaruvchilari qo‘yilgan. Ular yo‘q joylarda mashinalar to‘planishi yuzaga kelgan.

Haydovchilarning bir-biriga yo‘l bermasdan o‘tib olishga intilayotgani aks etgan video samarqandlik blogger Toshpo‘lat Rahmatullayev tomonidan internetga joylashtirilgan.

Jurnalist Samarqand viloyat va shahar elektr energiyasi mutasaddilariga murojaat qilganida ular ushbu muammoni yechishga qodir emasligini bildirishgan.

Jurnalist muammoni yechishni so‘rab, "O‘zbekenergo" shirkatiga elektron maktub yuborgan.

"O‘zbekenergo" davlat aktsiyadorlik kompaniyasi matbuot xizmatidan Saida Mirzabayeva BBCga Samarqanddagi elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolardan bexabarliginii bildirdi.

"Samarqand qayerda, biz qayerda. Nima bo‘layapti, nima qo‘yyapti biz bilmaymiz-ku. Agar u bizga murojaat qilgan bo‘lsa, bizda bitta bo‘lim bor, unga kelib tushadi. U yerda ko‘rib chiqib rahbariyatga, rahbariyat shug‘ullanadigan bo‘limga xatni beradi. Javobini ulardan olish mumkin".