Ramzan Qodirov Ukrainadagi chechenlarni himoya qilishga va‘da berdi

Image copyright RIA Novosti

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Ukrainadagi voqealar ortidan u yerdagi chechen millatiga mansub fuqarolarga bosim bo‘layotganini aytgan.

Ramzan Qodirovga ko‘ra, unda chechenlarning biznesi va shaxsiy xavfsizligiga nisbatan jiddiy muammolar paydo bo‘layotgani haqida ma‘lumot bor.

"Ukrainani bezori va terroristlarga berib qo‘ymaslik kerak", deb chiqqan janob Qodirov millatdoshlarini ham unday kishilardan himoyalashga va‘da bermoqda.

Shuningdek, Ramzan chechenlar va rossiyaliklar manfaatlarini boshqa mamlakatlarda ham himoya qilishga tayyor ekanini aytadi.

"Ukrainada G‘arb rejasi bo‘yicha davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Hukumatni terroristlar va bezorilar egallab oldi. O‘z vazifasini sidqidildan bajargan "Berkut"chilarni tiz cho‘ktirishdi. Qrimda tatar kartasini o‘ynamoqchi bo‘lishyapti", deb yozdi Ramzan Qodirov Instagram sahifasida.

"Men rasman bildiramanki, Ukrainada yashovchi kishilar va aynan chechenlar uchun ular javob berishadi. Mulki, tijorati va hayoti uchun. Odamlar tinch yashashlari kerak. Namoyishlarda hech narsaga erishilmaydi", deb ta‘kidlaydi Checheniston rahbari.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan Ramzan Qodirov o‘tgan yil Instagram sahifasida Xarkov viloyat va shahar hokimlari davrasida tushgan rasmini qo‘ygan edi.

Ukrainadagi oxirgi voqealar manzarasida muxolifatga keskin qarshi bo‘lgan Xarkovning mahalliy rahbarlari Mixail Dobkin va Gennadiy Kernes Rossiyaga o‘tishga urinishgan, bu samara bermagach, yana ishga qaytgan edilar.

Xarkov viloyat hokimi Mixail Dobkin rus millatiga mansub aholiga bosim bo‘layotganini aytib, ular huquqini himoya qilish uchun prezidentlik saylovlarida qatnashishini e‘lon qildi.

Xarkov shahar hokimi Gennadiy Kernes esa bundan farqli yangi hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida Ukraina vaqtli ichki ishlar vazirligi murojaat bilan chiqqan, unga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainada milliy ozchiliklarga nisbatan bosimlar bo‘layotgani haqidagi xabarlari yolg‘on va fitna qo‘zg‘atuvchidir.