Viktor Yanukovich Rossiyadan o‘zini himoya qilishni so‘radi

Image copyright Reuters
Image caption Yanukovich chorshanba kuni xalqaro qidiruvga berilgan

Ukrainaning hokimiyatdan chetlatilgan Prezidenti Viktor Yanukovich Rossiya hukumatidan o‘zining shaxsiy xavfsizligini ta‘minlashni so‘ragan.

Dastlabki xabarlarda aytilishicha, Moskva uning iltimosini qondirgan.

"Men va mening safdoshlarimga o‘ldirish bilan tahdid qilishmoqda. Rossiya Federatsiya hukumatidan meni ekstremistlardan himoya qilishini so‘rashga majburman", deyiladi janob Yanukovichning Rossiya xabar agentliklariga yo‘llangan bayonotida.

Unda Viktor Yanukovich o‘zini hamon Ukrainaning xalq tomonidan saylab qo‘yilgan davlat rahbari deb hisoblashini aytgan.

U Ukraina parlamenti - Radaning o‘zini prezidentlik vazifasidan chetlatish haqidagi qarorini noqonuniy deb atagan.

Janob Yankuvichning bayonotida aytilishicha, u 21 fevral kuni muxolifat rahbarlari bilan imzolangan siyosiy inqirozdan chiqishga doir murosa kelishuvining bajarilishi uchun kurashni davom ettiradi.

"Mintaqalar partiyasining ko‘pgina a‘zolari xavfsizlik xavotirlari sabab parlament muhokamalarida qatnasholmayotgan, ayrimlari esa jismoniy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan va mamlakatni tark etgan bir sharoitda Ukraina Oliy Radasi qabul qilayotgan qarorlar noqonuniydir", deyiladi bayonotda.

Rossiya matbuotining Kremldagi manba‘larga iqtibosan xabar qilishicha, janob Yanukovichning iltimosi qondirilgan.

Ammo bu Yanukovich hozirda Rossiyada turganini anglatadimi, yo‘qmi, xabar qilinmayapti.

Chorshanba kuni xalqaro qidiruvga berilgan Yanukovichning qayerdaligi hozirgacha noma‘lum qolmoqda.

RBK agentligi o‘z manba‘siga iqtibosan uning avvaliga Moskvadagi Radisson Royal (oldingi "Ukraina") mehmonxonasi, keyinroq esa Rossiya Prezidentining Ishlar boshqarmasiga qarashli Barvixa oromgohida ko‘rilganini xabar qilgan.

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov va Prezident Ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Viktor Xrekovlar Yanukovichning qayerdaligi haqida hech qanday axborotga ega emasliklarini aytishgan.