Tolibon muammosiga kim barham bera oladi?

Image copyright BBC World Service

Agar, Turkiyadan afg‘onistonlik yetakchi siyosiy tahlilchi Abdulsalom Osimning xulosasiga tayanilsa, hech kim.

"Buning uchun hozir hech bir tarafda siyosiy irodaning o‘zi yo‘q. Xuddi shu tufayli ham Markaziy Osiyo davlatlari doxil butun mintaqa bundan keyin ham tahlika ostida qolaveradi", - deydi tahlilchi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Uning bu kabi xulosasi yuz mingdan ortiq xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonni tark etayotgan va mintaqada Tolibon muammosi yakuniy yechimini topmagan bir manzarada kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, rasmiy Kobul AQSh bilan muhim xavfsizlik shartnomasini imzolamasa, butunboshli mintaqada birorta ham xorijiy harbiy qolmasligi ehtimoli ham katta.

Tahlilchiga ko‘ra, xuddi shu manzarada Pokiston va Afg‘oniston hukumatlarining Tolibon bilan bir murosaga kelish yo‘lidagi so‘nggi urinishlari ham samara bermaydi.

"Qarang, agar, biz toliblarni bir terrorchi guruh deydigan bo‘lsak, terrorchilar bilan muzokaralar stoliga o‘tirib, bir natijaga erishish juda qiyin. Boshqa tomondan, toliblarning o‘zlarida ham, siyosiy qudratni qo‘lga olib, davlat qurib, Afg‘onistonga oid qandaydir dasturlarni amalga oshirishga bo‘lgan jiddiy bir intilishni ko‘rayotganimiz yo‘q. Masalan, men o‘zim shu paytgacha toliblarning Afg‘oniston kelajagiga oid bir dasturi borligi haqida eshitganim yo‘q", - deydi o‘z vaqtida diplomat sifatida ham faoliyat olib borgan suhbatdoshimiz.

Siyosiy tahlilchi, o‘z o‘rnida, Tolibon harakatini siyosiy guruh sifatida ko‘rmasligini ham alohida ta‘kidlab o‘tadi.

"Ularning Afg‘oniston uchun biror bir rejasi yo‘q. Faqat boshqalar tarafidan suiiste‘foda etilib, Afg‘onistonda o‘z manfaatlariga erishishlari uchun yo‘lga qo‘yilgan va yaratilgan bir terrorchi guruh. Shu bois ham ular yo butkul mavh etilishi va yo qo‘llaridan qurollarini qo‘yib, shartsiz muzokaraga rozi qilinishlari kerak. Bundan boshqa yo‘li yo‘q", - deydi u.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, orada na-da G‘arb, na-da qator musulmon davlatlari, na-da Pokiston doxil qo‘shni mamlakatlar va na-da afg‘on hukumatining Tolibon harakati bilan bir murosaga kelish urinishlari deyarli biror bir samara bermagan.

Tolibon harakati nima istaydi?

Image copyright BBC World Service

Pokiston Tolibon harakati murosaga borishning asosiy sharti qilib, yillarki, butun mamlakatda Shariat qonunining joriy etilishini talab qilib kelayotgan bo‘lsa, Afg‘onistondagi guruhdoshlari xorijiy qo‘shinlar butkul chiqib ketishini istashadi.

"Bu toliblarning orasida, tabiiyki, na Pokiston, na Afg‘oniston va na Amerikaga tobe bo‘lgan hamda ularning hech birini tanimagan terrorchi, kontrabandachi guruhlar bor. Toliblarning asl dasturidan bexabar diniy guruhlar ham bor. Bu kabi guruhlarni istisno qilib aytganda, ham Pokiston va ham Afg‘onistondagi Tolibonning xo‘jayini bir kishi. Ikkisi ham bir cho‘ntakdan, bir yerdan pul oladi, reja va dastur oladi. Demoqchimanki, hatto, hozir Afg‘onistonning toliblari ham muzokaraga hozir bo‘lishsa, prezident Homid Karzay bilan muloqotlar olib borishsa ham, ular Afg‘oniston emas, Pokistonning foydasiga rejalangan ba‘zi bir dasturlar haqida bo‘ladi", - deydi tahlilchi.

Mintaqaviy doiralarda esa, har ikki Tolibon harakatining ham Pokiston maxsus xizmatlari va ham harbiylari bilan aloqalari borligi ishoniladi. Pokiston hukumati toliblarni muayyan vosita sifatida qo‘ldan chiqarmaslikka harakat qilib kelayotgani aytiladi.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, Tolibon harakati bilan muzokaralar olib borishga urinayotgan Afg‘onistondagi siyosiy guruhlar bo‘ladimi, muayyan shaxslar va hatto, afg‘on davlatining o‘zida ham samimiyat yo‘q, degan fikrda.

"Samimiyat ham, bir rejayu dastur ham yo‘q. Ya‘ni, siz Tolibon bilan derkansiz, kim bilan ko‘rishasiz, qayerda ko‘rishasiz, ularning manzillari qayerda, dasturlari qanaqa?...Bularning barchasi bo‘lmagandan keyin, toliblar bilan uchrashish, muzokaralar olib borish va murosaga kelish ham qiyin. Chunki ular aslan o‘z irodalarida emas", - deydi u.

O‘z o‘rnida, suhbatdoshimizning ta‘kidlashicha, Afg‘onistonning bundan keyingi xavfsizligi ham Amerikaga emas, aynan Tolibon harakati asos solingan qo‘shnisi Pokistonga bog‘liq bo‘lib qolaveradi.

"Bu, albatta, Afg‘oniston uchun ham, Pokiston uchun ham, mintaqa uchun ham tahlikali bir holat. Chunki, bilasiz, hozir Afg‘oniston va Pokistonning ayrim mintaqalari terrorchilar va giyohvand moddalar kontrabandachilari uchun jannatga aylangan. Bu yerda ular o‘z faoliyatlarini olib borishadi, rejalarini pishitishadi. Pokiston buni bilishi kerak. Agar, gapning rostini aytadigan bo‘lsak, Pokiston hozir olov bilan o‘ynashmoqda. Mavjud holat Pokistonning ham foydasiga emas. Chunki toliblar safiga qo‘shilgan ayrim guruhlar borki, ular Pokistonga tobe emas, Pokistonning gapini ham qilmaydi. Bu guruhlardan ayrimlari esa, judayam xatarli", - deydi siyosiy tahlilchi.

Tolibon va O‘zbekiston Islomiy Harakati

O‘z o‘rnida, shuni ham ta‘kidlab o‘tish kerakki, o‘tgan 10 yildan ortiqroq vaqt davomida Pokiston va Afg‘onistonning muayyan mintaqalarida faoliiyat yuritib kelayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘riladi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, bu ikki harakatning o‘rtasida judayam kuchli mafkuraviy, diniy mushtaraklik mavjud. Musulmon dunyosi, Islom ummatidagi ichki va tashqi muammolarni faqatgina va eng avvalo jihod orqali hal qilish mumkin va lozim. Bundan boshqa maqbul yo‘l yo‘q, degan tafakkur, kontseptsiya judayam kuchli.

Agar, ular berayotgan baholardan kelib chiqib aytilsa, toliblar bundan keyin o‘z oldlariga Markaziy Osiyoga kirib borish kabi aniq vazifani qo‘yishmaydi.

Biroq, tahlilchilarga ko‘ra, toliblarning yaqin ittifoqchisi O‘zbekistonga hujum qilish va rejim bilan kurashish maqsadidan voz kechmasligi tayin. Lekin ularning potentsiali va qudrati O‘zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlaridagi siyosiy tizimlarni yiqitishga yetmaydi, deyishadi ular.

Shu bois ham, tahlilchilarning e‘tirof etishlaricha, toliblar ham, ularning ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham O‘zbekiston uchun nazariy tahdid va ko‘proq bezovtalik omili sifatida saqlanib qolaveradi.

Tarixcha o‘rnida

Tolibon harakati 90-yillar boshlarida, Sho‘ro qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishlari ortidan Pokiston shimolida shakllanadi.

Asosan pushtun jangarilari yetakchilik qiluvchi guruh 1994 yilning kuzidan boshlab Afg‘onistonda tanila boshlaydi. 1996 yilda esa, qudratga keladi.

Afg‘oniston Tolibon harakatiga avvalboshdan va hozirga qadar O‘ruzgon viloyatilik 55 yoshli mulla Muhammad Umarning boshchilik qilishi aytiladi.

Image copyright

Harakat Afg‘onistonda o‘zining keskin shar‘iy tartib-qoidalari bilan taniladi. Orada "Al-Qoida" tarmog‘iga ham Afg‘onistondan boshpana beradi.

2001 yilda esa, Amerika boshchiligidagi ittifoq kuchlarining ishg‘oli ortidan Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qulaydi.

Jangarilari parokanda bo‘lib ketadi, muayyan qismi yana qo‘shni Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh va Pokiston Tolibon Harakatining qarorgohi bo‘lgan qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasiga qochib o‘tadi.

Harakat rahbari mulla Muhammad Umar ham omon qoladi va uning ham hozir Pokistonda jon saqlab yurgani taxmin etiladi.

Afg‘onistondagisidan farqli tarzda, o‘tgan 13 yil davomida AQSh harbiylari Pokiston Tolibon harakatining qator taniqli rahbarlarini o‘ldirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Hozir Pokiston Tolibon Harakatiga o‘zining shafqatsizligi bilan tanilgan Mulla Fazlulloh boshchilik qiladi.

So‘nggi yillarga kelib va xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondan ommaviy safarbarligi manzarasida har ikki qo‘shni davlatda ham Tolibon jangarilarining qayta faollashgani kuzatiladi.

Ilk tashkil topgan paytda harakatning birlamchi maqsadi Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi pashtunlar yashovchi mintaqalarda Shariat qonunini joriy etish, tinchlik va barqarorlikni ta‘minlash bo‘lgan.