To‘rt nafar qashqadaryolik Turkmanistonga josuslik qilishda ayblandi

Image copyright uza
Image caption Shu oy boshida Prezident Karimov Sochida Prezident Berdimuhamedov bilan uchrashgan

O‘zbekiston mahkamasi qo‘shni Turkmanistonga josuslik qilishda aybdor, deb topilgan to‘rt nafar qashqadaryoliklarni uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etgan.

Davlat televideniyesining "Yoshlar" telekanali 25 fevral kuni namoyish etgan maxsus ko‘rsatuvda aytilishicha, Sherqul Eshniyozov, Inoyat Shukurov, Ergash Xo‘jayev va Qosim Saidovlar o‘zbek-turkman chegarasida joylashgan Tallimarjon suv omborinineg sobiq xodimlaridir.

Ular 2009-2010 yillar davomida qo‘shni davlat maxsus xizmatlari bilan "hamkorlik" qilganliklari iddao etiladi.

Millati o‘zbek ekani urg‘ulangan O‘zbekiston fuqarolari kasb taqozosi Turkmanistonga bot-bot safar qilganliklari va ana shunday safarlar davomida turkman fuqarolari tomonidan ushbu davlat maxsus xizmatlariga ishlash uchun yollanganliklari aytiladi.

Ko‘rsatuvda iddao qilinishicha, ayblanuvchilarning barchasi ayblarga iqror bo‘lgan.

Ulardan uch nafari 18, bir kishi esa 15 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

"Dushman"

Ko‘rsatuvda boshlovchi tilidan yangragan ayblovlardan ma‘lum bo‘lishicha, Qashqadaryodagi suv omborining sobiq xodimlari turkman maxsus xizmatlarining O‘zbekistonga qarshi "dushmancha faoliyat" olib borishida ko‘mak berganlar.

Ularning Tallimarjon chegara o‘tish nuqtasi, uning zobitlari, qo‘mondoni, u yerda xizmat qilayotgan askarlar hamda o‘zbek harbiylarining qurol-yarog‘lari haqida turkman tomoniga ma‘lumot berganliklari da‘vo qilinadi.

"Shuningdek, Tallimarjondagi suv zahirasi va O‘zbekistonning mudofaa salohiyati, hududiy yaxlitligi va mustaqilligiga jiddiy putur yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa ko‘plab ma‘lumotlarni yetkazib turishgan", deyiladi "Yoshlar" telekanalining ko‘rsatuvida.

O‘zbekistonda qo‘shni davlat foydasiga josuslik ayblari yangragan mahkama jarayonlari bundan avval ham kuzatilgan.

So‘nggi yillarda bu kabi mahkama jarayonlarida asosan tojik fuqarolari yoki Tojikiston foydasiga josuslik qilgan o‘zbekistonliklar mahkum etilgan.

Kuzatuvchilar bu kabi ayblovlar odatda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar sovuqlashgan payt yangrashiga e‘tibor qaratishadi.

Ammo O‘zbekiston televideniyesi turkman maxsus xizmatlarining O‘zbekistonga qarshi "dushmanona faoliyati" haqida ilk bor hikoya qilmoqda.

O‘tmishda O‘zbekiston va Turkmaniston bir-birini o‘zaro dushmanona qadamlarda ayblagan, ammo 2007 yilda joriy Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov hokimiyatga kelganidan buyon munosabatlarning iliqlashgani kuzatiladi.

O‘zbekiston mintaqadagi suv-energetika masalalarida Turkmanistonni o‘ziga ittifoqchi sifatida ko‘radi.

Shu oy boshida Sochiga safar qilgan Prezident Karimov Turkmaniston rahbari bilan uchrashgan.