O‘shda "jihodchilar" ko‘paymoqdami?

Image caption Janubiy Qirg‘iziston qishloqlarida ilgari ham yoshlarni Suriya jihodiga yollash hollari bo‘lgani aytiladi

Qirg‘izistonning janubiy poytaxti hisoblanmish O‘sh shahrida so‘ngi bir oy ichida o‘nga nafar inson "terrorchi guruhlar"larga aloqadorlikda gumonlanib xavfsizlik xizmatlari tarafidan qo‘lga olingan.

Qo‘lga olinganlarning aksariyati Suriyada davom etayotgan janglarda hukumatga qarshi kuchlar safida ishtirok etib, u yerdagi maxsus tayyorgarlikdan so‘ng O‘shga qaytib kelgan va odamlarni "jihodga da‘vat etgan"likda ayblanishmoqda.

Shu yilning 24 fevralida O‘sh aeroportida "O‘zbekiston Islomiy Harakati" a‘zosi deyilgan 32 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi, Rossiyadan uchib kelgandan so‘ng Xavfsizlik Xizmati va militsiya xodimlari tarafidan qo‘lga olingan.

"Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, bu odam Pokistonning Vaziriston mintaqasida "O‘zbekiston Islomiy Harakati"ning askarlari bilan birgalikda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. Undan so‘ng Turkiyaga borib, u yerda Qirg‘iziston fuqarolarini Suriyadagi ichki urushda ishtirok etishga jalb qilib turgan", - dedi O‘sh shahar Ichki Ishlar Boshqarmasining ma‘lumot kotibi Zamir Sidiqov.

Qirg‘iziston "O‘zbekiston Islomiy Harakati"ni 2003 yil "terrorchi" tashkilot deya qora ro‘yxatga kiritgan.

Bundan o‘n kun avval ham O‘sh shahrida Suriyada maxsus tayyorgalikdan o‘tib kelgan degan gumon bilan olti kishi qo‘lga olingan edi. Ularning mashinasini tintuv qilish natijasida qurol, o‘q - dori, qo‘lqop va niqoblar topilgan.

- Men 8 sentyabrda Turkiyaga uchib borganman. Bizni u yerda birodarlar kutib olib, Suriyaning chegarasiga yaqin yerga olib borib qo‘yishdi. Suriyaga kirganimizda Al Buxoriy jamoatidan ikki odam kelib, bizni o‘zini markaziga olib ketdi. U yerda biz qurol otishni o‘rganish uchun bir oy jismoniy tayyorgarlik ko‘rdik. Ibrohim qo‘mondon bizga ko‘rsatma berdi. U: "Qirg‘izistonga borib pul yig‘asizlar. Yarmini Suriyaga yuborasizlar, qolgan yarmiga avtomat va oziq-ovqat to‘playsizlar", dedi. To‘plansa 150-200 odam bo‘lib, bir toqqa chiqib, u yerda baza qurib, Qirg‘iziston harbiy qismlariga hujum qilishni niyat qilgandik, - dedi qo‘lga olinganlardan biri.

Ammo, ko‘p o‘tmay O‘sh shahar sudi, qo‘lga olinganlardan birini uy qamog‘iga chiqarib yuborgan.

Yuqoridagi qo‘lga olingan olti odam O‘sh viloyatiga qarashli Qorasuv tumani masjidlaridan biridan dastak olgani aytiladi.

Biroq, Qizil Mehnat qishlog‘i masjididan Bahrom Mamasodiqov ayblarni keskin rad etadi.

"Odamlar masjidda menga turli xil savollar berishardi. Hozirgi kunda yon atrofimizda, boshqa davlatlarda, jumladan Suriyada bo‘layotgan voqealar bo‘yicha so‘rashardi. U yerga jihodga borsa bo‘ladimi, qabilidagi savollarni. Men esa, ularga bilganimcha javob berardim", dedi gumonlanib qo‘lga olingan masjid imomi o‘rinbosari Bahrom Mamasodiqov.

"Jihodchi" emas, "namozxonmiz"

Davlat xavfsizligi manfaati yo‘lida turli xil terroristik tashkilotlar a‘zolarini qo‘lga olishlik amaliyotlari bahonasida, oddiy namozxon insonlar ham so‘roq qilinayotganligi aytilmoqda.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z ismi shariflarini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan suhbatdoshlarimizga ko‘ra, so‘nggi paytda xavfsizlik xizmati tarafidan mahalla faollariga xududda kimlar qaysi dindan ekani va qanday diniy o‘qish joylari borligi haqida ma‘lumot to‘plashga og‘zaki buyruq berilgan.

"Buning oqibatida mahalladagi ko‘plab namozxon yosh yigitlar, soqollarini olib tashlab, hatto kiyimlarini ham o‘zgartirib yurishibdi. Uylarda diniy saboq olayotgan ayollar ham vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yishdi" - deydi suhbatdoshimiz.

"Akam namoz o‘qib, soqol qo‘yib yurar edi. Mashina ustasi bo‘lib ishlaydi. Yaqindagina fuqarolik kiyimida militsiya xodimlari uyimizga kelib, chaqirtirib, ushlab olib ketishibdi. U yerda akamga hech narsani tushuntirmasdan urishibdi. Avvaliga pul talab qilib, akam hozir pul yo‘q deganidan keyin, qo‘l telefoni bilan hujjatlarini olib qolib, o‘zini qo‘yib yuboribdi. Qo‘l telefonida diniy ma‘ruza va videolar bor edi. Lekin, u ma‘ruza va videolar bizda ta‘qiqlangan emas. Oradan ikki uch kun o‘tgandan keyin akamni Milliy Xavfsizilik Xizmatiga olib tushib ketishdi. Militsiya akamni hujjatlarini Xavfsizlik Xizmatiga o‘tkazib yuboribdi. O‘sha kuni uyimizni tintuv qilishdi. Uyimizda masjidlar oldida sotiladigan islomiy kitoblar, diniy ma‘ruzalarning disklari bor edi. O‘shalarni hammasini olib, uyimizning bir chetiga qo‘yishdi va videoga olishdi. Keyin bilsak, bizning uydan olgan kitob va disklarning orasiga turli xil bizda ta‘qiqlangan diniy kitob va disklarni o‘zlari qo‘shib qo‘yishibdi va OAVlariga akamni qoralab ma‘lumot tarqatib yuborishibdi. Unday narsalar uyimizda bo‘lmagan. Hozir akam Milliy Xavfsizlik Xizmatining vaqtinchalik saqlash joyida", - deydi yana bir suhbatdoshimiz.

Davlat xavfsizligi muhim

Bu kabi tekshiruvlar, joriy yilning 3 fevralida prezident Almazbek Atambayevning Qirg‘iziston Xavfsizlik yig‘inida davlatdagi hozirgi diniy ahvolga bildirgan munosabati ortidan avj olgan.

"Chala mulla - din buzar" degandek, ayrim insonlar Islom dini bilan Arab, Bangladesh, Pokiston madaniyatini aralashtirib, xalqimiz madaniyati, milliy kiyimi, qirg‘iz elimizga o‘zgacha urf - odat, yarashmagan turmush tarzini o‘rgatmoqdalar. Ko‘chalarda soqollarini osiltirib, yurgan mullavachchalar ko‘payib ketdi" - degan edi Prezident Almazbek Atambayev.

Prezident o‘z so‘zida, Qirg‘iziston diniy boshqarmasini olib borayotgan faoliyatini ham tanqid qilgan.

Prezidentning bu so‘zi ortidan mahalliy masjidlarda imomlar namozxonlarga asosan juma namozlarida tushuntirish ishlarini olib borayotganligi kuzatilmoqda va imomlarning o‘zlarini ham xavfsizlik xizmatlari tekshirib, ulardan odamlarni "Hanafiy" mazhabi yo‘nalishida islomga da‘vat etishi to‘g‘risida tilxat olmoqdalar.

"Davlatimizda ko‘plab xorijiy tashkilotlar bor. Ular bizga yordam bermoqchi bo‘lsalar, biz rozi bo‘lamiz. Biroq, ular o‘zlarining siyosat va dinlarini yoyishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz faqat Imomi A‘zam Abu Hanifa yo‘nalishini yoyamiz. Bu narsani prezident ham, olimlar ham qo‘llab-quvvatlaydilar. Odamlar bilimni Arabistonda, Pokistonda, Turkiya yoki Misrda oladimi, lekin diniy faoliyatini faqat hanafiy mazhabida olib borishlari shart", - dedi Qirg‘iziston din boshqarmasi rahbari Maqsat hoji To‘qtomushev.

Tahlilchilar fikricha, davlat mavjud muammoga jiddiy e‘tibor qaratishi kerak, aksincha buning oqibati davlat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.

Sabablar: Diniy ko‘z qarash yoki ijtimoiy muammolardan bezganlik

So‘ngi yillarda O‘rta Osiyo davlatlaridan Suriyaga "jihodga" ketayotganlar soni tobora ortib bormoqda.

Uch davlat chegaralari kesilishadigan Farg‘ona vodiysi aholisi azaldan diniy yo‘nalishda faol ekanligi ma‘lum.

Qo‘shni O‘zbekiston va Tojikistondan davlatdagi dindor va mustaqil siyosatchilarga mavjud doimiy bosimdan bezgan, Suriyadagi janglarda aksilhukumat kuchlar safida ishtirok etish maqsadida ketayotgan insonlar uchun, Qirg‘izistonning Botken viloyatiga qarashli Qizil - Qiya tumani tranzit markazga aylangan.

Qirg‘izistonning janubiy O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlaridan esa, kundalik turmush qiyinchiliklaridan charchagan, davlatdagi adolatsizliklardan bezigan, moddiy taraflama yordamga muhtoj yoshlar, o‘zlarini hayot qiyinchiliklaridan xalos etish maqsadida Suriyaga "jihodga" otlanayotganlarini kuzatish mumkin.

Bu insonlarni kimlar, qanday yo‘llar bilan "jihodga" da‘vat etayotganliklari hali aniq emas.

Ularni Suriyaga borib, tayyorgalikdan o‘tib kelgandagina, ba‘zilarini Qirg‘iziston Havfsizlik Xizmatlari qo‘lga olmoqdalar. Lekin, Turkiya orqali Suriyaga qancha odam ketayotganligini aniqlash Qirg‘iziston bilan Turkiya o‘rtasidagi vizasiz tartib sababli hozircha imkonsiz bo‘lib qolayotganligini havfsizlik idoralari bildirmoqdalar.

So‘nggi paytlarda O‘sh aeroportida Istanbulga haftada uch marta qatnovchi uchoq yo‘lovchilariga ham nazorat kuchaytirilgan.