Tahlil: AQSh Afg‘onistonni butkul tark etsa, O‘zbekistonga nima bo‘ladi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Afg‘onistonning qaytattan qaynoq nuqtaga aylanish ehtimoli juda kuchayadi. Va aynan afg‘on mojarosi soyasida O‘zbekiston doxil Markaziy Osiyo davlatlari G‘arb bilan yanada yaqinlashadi. Bunga Rossiyaning munosabati va buning mintaqadagi vaziyatga ta‘siri qanday bo‘ladi?:

Kuni-kecha Amerika Prezidenti Barak Obama afg‘onistonlik hamkasbi Homid Karzayni xuddi shunday ehtimol bilan ogohlantirib chiqdi.

Janob Obamaning aytishicha, agar, Afg‘oniston prezidenti o‘zlari bilan muhim xavfsizlik shartnomasini imzolamasa, afg‘on tuprog‘ida kelasi yilgacha biror bir harbiysi qolmaydi.

Uning xuddi shu so‘zlari manzarasida Kobulga safar qilgan AQSh Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni ham mamlakati shu yil oxirigacha Afg‘onistonni butkul tark etish doxil boshqa tanlovlarni ko‘rib chiqish nuqtasiga yetganini bayon qildi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, imzolangan taqdirda, mazkur bitim bu yilgi ommaviy safarbarlik ortidan ham, xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondagi harbiy hozirliklariga rasman izn beradi.

15 mingtagacha chet el askari va qator harbiy bazalarining afg‘on tuprog‘ida qolishiga zamin yaratadi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, AQSh tomonining so‘nggi ogohlantirishi afg‘on mojarosi hanuz biror bir yechimini topmagan va O‘zbekistonning shundoqqina biqinida Tolibon doxil boshqa ekstremistik guruhlar qayta faollashayotgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, rasmiy Vashington va rasmiy Kobul o‘rtasida xavfsizlik bitimining imzolanmasligi Afg‘onistonga berilishi ko‘zda tutilgan yirik miqdordagi yillik xalqaro moliyaviy yordamlarning ham kesilishini anglatadi.

Ta‘kidlash joiz, xalqaro hamjamiyat tomonidan o‘tgan 13 yil davomida berilgan milliardlab dollar ko‘maklarga qaramay, Afg‘oniston hanuz dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri sanaladi va ularning kesilishi mamlakat iqtisodining butkul tanazzulini anglatadi.

Mintaqaviy tahlilchilar barchasining birdek e‘tirof etishlaricha, voqealarning bu kabi rivoji Afg‘onistonda isyonchilikning barq urishiga zamin yaratadi.

Xo‘sh, buyog‘i nima bo‘ladi?

Image copyright AFP

BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida mavjud vaziyatni tahlil etgan mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Afg‘oniston masalasida hozir Vashingtonda nimalar haqida o‘ylanayotgani va aynan qanday qarorga kelinganini aniq aytish qiyin:

Ammo suhbatdoshimiz AQSh prezidentining so‘nggi so‘zlari afg‘on rahbari uchun jiddiy bir tahdid ekanini e‘tirof etsa-da, G‘arb, baribir, Afg‘onistonni butkul tashlab qo‘ymaydi degan fikrda.

Uning aytishicha, G‘arb buning Afg‘onistondagi oqibatlari shabadasi yana bir kun kelib o‘zlariga yetib borishini yaxshi anglaydi.

"Afg‘onistonda toliblar bu - mafkuraviy harakat, jihodchilar harakati va mintaqa uchun ham, global xavfsizlik uchun ham judayam katta muammo hisoblanadi. Shu bois, G‘arb bu yerdagi mas‘uliyatini yaxshi anglaydi. Ikkinchi tomondan, bu muammo qanchalik chuqur ekanini ham yaxshi biladi”, - deydi tahlilchi.

Ammo, xuddi shu o‘rinda suhbatdoshimiz o‘zining ham tan olishicha, bularning barchasi manzarasida eng asosiysi - hozir G‘arb nima qilishni ham bilmaydi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bugunga kelib, Vashingtondagi ayrim ekspertlar, Afg‘onistondagi toliblarni yo‘qotib bo‘lmas ekan, vaziyatni o‘z holiga qo‘yish kerak, degan to‘xtamga ham kelishgan.

"Toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga keladimi, kelmaydimi, agar, hokimiyatga keladigan bo‘lsa, aytaylik, 10 yil, 15 yil, 20 yil ichida ular o‘sha jamiyatning muammolarini anglay boshlashi va jamiyatdagi muammolar bosimi ostida ularning tafakkuri, xatti-harakatlari transformatsiya bo‘lishi kerak, biz aralashuvni imkon qadar pasaytirishimiz lozim, biz kuch-quvvatimizni sarflab emas, toliblar jamiyat bilan to‘qnashadimi-yo‘qmi, bundan keyin bu - Afg‘onistonning ichki ishi bo‘lishi kerak, degan baholar ham bor. Ammo Obama ma‘muriyati aynan qaysi pozitsiyada to‘xtayapti, Homid Karzay va undan keyingi prezident bilan bu masalada kelisha oladimi-yo‘qmi, hozir bir narsa deyish qiyin", - deydi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Uning ishonishicha, hozir vujudga kelgan vaziyatning qanchalik chigalligi va AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining butkul safarbarligi Afg‘oniston uchun judayam jiddiy bir muammo bo‘lishi sabab, rasmiy Vashington va Kobul, alal-oqibat, xavfsizlik bitimi borasida bir to‘xtamga kelishadi.

"Prezident Homid Karzay ham, undan keyin qudratga kelajak afg‘onistonlik mutasaddilar ham pragmatik shaxslar, deb o‘ylayman. Hozir tashqi dunyoga juda ham g‘alati ko‘rinayotgan vaziyatning ichki elementlari bor va uni ko‘pchilik, masalan, biz ham bilmasligimiz mumkin. Ba‘zi ekspertlar va kuzatuvchilarning fikrlaricha, toliblar bilan yashirincha muzokaralar ketayotgan paytda Amerika bilan xavfsizlik bitimini imzolash ushbu jarayonga salbiy ta‘sir qilishi mumkin", - deydi u.

Obamaning tahdidi va Markaziy Osiyo

Image copyright none

Mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, agar, G‘arb o‘z aytganini qilib, Afg‘onistondan butkul chiqib ketgudek bo‘lsa, buning oqibatlarini Markaziy Osiyo uchun ikki nuqtada tahlil qilish lozim bo‘ladi:

“Birinchidan, O‘zbekiston uchun muammoli vaziyat yoki tahdidlar kuchayadi. Ya‘ni, Afg‘oniston qaytattan qaynoq nuqtaga aylanishi ehtimoli judayam kuchayib ketadi. Bu – birinchisi. Ikkinchisi – G‘arbning Afg‘oniston atrofidagi davlatlarga yordam berish va ular bilan xavfsizlik koalitsiyalarini qaytattan tuzish yoki mavjud ittifoqchiligini kuchaytirishi – davr taqozo qiladigan omilga aylanadi”, - deydi u.

Suhbatdoshimiz nazdida, 2009 yildan keyin Vashington-Toshkent yaqinlashuvining zamirida ham ikkita katta nuqta turibdi: Birinchisi, Afg‘oniston. Ikkinchisi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ovro‘osiyo Ittifoqi g‘oyasini majruhlantirish.

Ayni o‘rinda tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Ukraina hodisalaridan keyin Rossiyaning Markaziy Osiyoga e‘tibori kuchayadi, degan fikrda.

Uning aytishicha, xuddi shu manzarada qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat ham murakkablashib bormoqda.

Bularning barchasidan kelib chiqib, tahlilchi, bu yaqin o‘rtada O‘zbekiston-Amerika munosabatlari, ayniqsa, Afg‘oniston masalasida kuchayib boradi, degan fikrda.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, mavjud vaziyatda, ayrim tahlilchilar nazdlarida, “o‘zining tomorqasi”, deb bilgan hududda Vashingtonning hozirligiga keskin qarshi bo‘lgan Rossiyaning bosimi ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun u qadar qo‘rqinchli bo‘lmaydi. Va, shuning barobarida, tashqi dunyodagi muammolar ham, Afg‘oniston tahdidi ham mintaqa davlatlarini birlashtira olmaydi.

“Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi chigallik shu qadar kuchliki, Afg‘oniston masalasida bo‘lsin, boshqa masalalarda bo‘lsin, hozirgi ko‘rinishdagi hech qanday muammolar ularni birlashtira olmaydi. Ya‘ni, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari orasidagi munosabatlar shakllanib bo‘lgan”.

Kamoliddin Rabbimovning eng so‘nggida aytishicha, bu kabi sharoitda mintaqa mamlakatlari uchun asosiy hamkorlik vektori G‘arb bo‘lib qolaveradi.

“Chunki G‘arb Afg‘onistondagi vaziyat uchun o‘zining ma‘lum bir, hatto, kattagina mas‘uliyati borligini anglaydi. Va G‘arbda Markaziy Osiyo davlatlariga, birinchi o‘rinda O‘zbekiston, qolaversa Tojikiston va oxirgi o‘rinda Turkmanistonga ma‘lum bir yordamlar, kreditlar va harbiy-siyosiy ko‘maklar berish imkoniyati mavjud. Markaziy Osiyodagi davlatlar ham aynan G‘arbdan bu kabi yordamlar olishi mumkinligini biladi. Va aynan Afg‘oniston muammosi soyasida bu davlatlarning G‘arb bilan yanada yaqinlashuvini kutib qolishimiz mumkin”, - deydi eng so‘nggida suhbatdoshimiz.

O‘zbekiston va afg‘on mojarosi

Image copyright AFP Getty

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil xorijiy ittifoq qo‘shinlarining bu yilgi ommaviy safarbarliklari ortidan, Afg‘onistonda fuqarolar urushi boshlanib ketishi xavfidan ogohlantirgandi.

O‘z o‘rnida, O‘zbekiston rahbari Afg‘onistonda terrorchilik, giyohvand moddalar, diniy va etnik ziddiyatlarning kuchayishidan ham o‘z xavotirlarini izhor etgandi.

O‘zbekiston tomoni 2014 yildan Afg‘onistondagi vaziyat jiddiy izdan chiqishi haqidagi tashvishlarini yuqori minbarlardan ham oshkora izhor etib kelgan, ammo davlat rahbari ilk bor fuqarolar urushi xavfi bilan ogohlantirgandi.

So‘nggi yillarda Afg‘oniston masalasiga bir necha bor to‘xtalib o‘tgan prezident Karimov, hatto, eng qudratli davlatlar bo‘lmaydimi, hozir dunyoda hech kim afg‘on mojarosining ertangi yechimi nima bo‘lishini bilmasligi, mavjud vaziyat o‘zlarini jiddiy tashvishga solayotganini ham ta‘kidlagandi.

O‘zbekiston rahbari, o‘z o‘rnida, aynan afg‘on mojarosida mamlakati hech kimning tarafida bo‘lmasligi va o‘zining aqli bilan ish yuritishini ham bayon qilib o‘tgandi.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, qo‘shni Afg‘oniston bilan munosabatlarini o‘zaro milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda ikki tomonlama asosda quradi.

Rasmiy Toshkentning nazdida, Afg‘oniston muammosiga harbiy yo‘l bilan barham berib bo‘lmasligi yil sayin ayonlashib borarkan, unga muqobil yechim topish masalasi hozirgi kunda katta ahamiyat kasb etgan.

Ularning bayon qilishlaricha, buning uchun Afg‘onistondagi xavfsizlikdan manfaatdor tomonlarning siyosiy muzokaralaridan tashqari, o‘zlariga bevosita qo‘shni bu davlatga iqtisodiy, insonparvarlik va ijtimoiy jihatdan ko‘mak berish, qashshoqlikka qarshi kurashishga katta e‘tibor berish lozim.

Ayni o‘rinda ta‘kidlab o‘tish joiz, 1999 yili Afg‘oniston masalasi bo‘yicha prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil qilingan 6+2 muloqot guruhi faoliyati ikki yildan uzoqroqqa cho‘zilmagandi.

O‘zbekiston 2001 yildan buyon AQSh boshchiligidagi harbiy ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondagi amaliyotlari uchun muhim ta‘minot yo‘li vazifasini bajarib kelgan.

Hozir esa, qo‘shni Afg‘onistonni tashqi dunyo bilan yagona temir yo‘l yordamida bog‘layotgan va o‘ng‘ay avtomobil yo‘liga ega O‘zbekiston xorijiy ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarliklari ortidan ham muhim mamlakat bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston orqali Nato yuklarini olib chiqish boshlangani xabar berilgan, AQSh Afg‘onistondagi harbiy jihozlarining ma‘lum qismini O‘zbekistonga qoldirishi ham aytilgandi.

O‘z o‘rnida, shuni ham ta‘kidlab o‘tish kerakki, o‘tgan 10 yildan ortiqroq vaqt davomida Pokiston va Afg‘onistonning muayyan mintaqalarida faoliiyat yuritib kelayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘riladi.

Shu bois ham, tahlilchilarning e‘tirof etishlaricha, toliblar ham, ularning ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham O‘zbekiston uchun bezovtalik omili sifatida saqlanib qolaveradi.

Ammo ayrim g‘arblik tahlilchilar prezident Karimovni siyosiy repressiyalarni oqlash uchun Afg‘onistondan kelayotgan xavfni bo‘rttirib ko‘rsatishda ayblashlari ham bor gap.