Xitoy: Kunmin bekatidagi hujumda gumondorlar qo‘lga olindi

Image caption Xitoy xavfsizlik xizmati rahbari "terrorchilarni qattiq jazolash uchun" "qo‘lidan kelgan barcha ish"ni qilishini aytgan edi

Xitoyning Kunmin shahrida amalga oshirilgan qonli hujumga aloqadorlikda gumon qilingan uch kishi qo‘lga olingan.

Bu haqda davlat matbuoti politsiyaga tayangan holda xabar qildi.

Shanba kuni Kunmin temir yo‘l bekatida qilich va chopqilar bilan qilingan hujumda 29 inson nobud bo‘lgan, yana 130dan ortiq odam tan jarohati olgandi.

Rasmiylar hodisada Shinjondagi bo‘lginchilarni ayblashgan.

Ularga ko‘ra, 4 hujumchi hodisa joyida politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.

Jarohat olgan ayol hujumchi esa, qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Sinxua axborot agentligining Omma Xavfsizligi vazirligi bayonotiga tayanib xabar qilishicha, hujum Abdurahim Qurbon ismli shaxs yetakchiligida 6 erkak va 2 nafar ayol tarafidan amalga oshirilgan.

Xitoy xavfsizlik xizmati rahbari "terrorchilarni qattiq jazolash uchun" "qo‘lidan kelgan barcha ish"ni qilishini aytgan edi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jazava ichidagi hujumchilar uchi qayrilgan qilich va go‘sht chopqilar bilan 12 daqiqa ichida qo‘llariga tushgan odamni chopib, bekatda to‘s-to‘polon chiqarishgan.