Qirg‘izistonda sobiq vazirni ozod qilish so‘raldi

Image copyright none
Image caption Huquqni himoya qilish idoralari o‘zi qonunbuzar, deydi faollar

Qirg‘iziston parlamentining "Or-Nomus" partiyasi raisi Feliks Kulov qamoq jazosini o‘tayotgan Ijtimoiy rivojlanish vazirligining sobiq rahbari Ravshan Sobirov ozodlikka chiqarilishi kerakligini aytgan.

Deputat Kulov ushbu bayonotini Oliy Kengashning Maxkama-huquqiy masalalari va qonuniyat qo‘mitasi yig‘inida qilgan.

Sobiq vazirga qarshi bundan ikki yil oldin poraxo‘rlikda ayblanib qamalgan edi.

Qo‘mita yig‘iniga kelgan himoyachi Nina Zotovaga ko‘ra, poraxo‘rlikda ayblangan Ravshan Sobirov Bishkek shaxrining Birinchi May tumani mahkamasi tomonidan butunlay oqlangan.

Bishkek shahrining mahkama kollegiyasi esa tuman maxkamasining qarorini quvvatlagan va ayblanuvchining hatti-harakatlarini Jinoyat kodeksining 310 moddasiga munosib ekanligini tasdiqlagan. Qirg‘iziston Oliy maxkamasida ham bu qaror ma‘kullangan.

Lekin Sobirovning javobgarlikka tortilganligini himoyachi Nina Zotova noqonuniy, deb biladi.

"Himoyamdagi Ravshan Sobirovni ushbu asosda ozodlikdan mahrum qilinishi aslida noto‘g‘ri bo‘lgan. Chunki u vaqtda Qirg‘iziston Jinoyat kodeksida 310 modda yo‘q edi. Mazkur modda 2012 yilning 10 avgustida bekor qilinib, jinoyat kodeksidan chetlatilgan. Qolaversa, Ravshan Sobirov afv qonuni bo‘yicha ham qamokdan bo‘shatilishi kerak. Lekin men Bosh prokuraturaga murojaat etganimda, iltimosim qondirilmadi" - deydi himoyachi.

Feliks Kulov parlament qo‘mitasi yig‘inida himoyachi Zotovani fikrlarini yoqlagan.

"Ravshan Sobirov darhol ozodlikka chiqarilishi shart. Men boshqa yo‘lni ko‘rmayapman. Bironta inson amalda yo‘q moddaga asosan ozodlikdan maxrum kilinsa, biz sukut saklab o‘tiraverishga haqqimiz yo‘q. U kishi avf bo‘yicha qamoqdan chiqarilishga ham huquqi bor. Ilgari bizda shunday hodisalar hech qachon bo‘lmagan va biz shu kelishmovchilikni hal kilishimiz lozim. Oliy mahkamaning bunga e‘tiborini tortish lozim - degan janob Kulov.

Shu bilan birga u bekor qilingan modda bo‘yicha farmon chiqargan hakamlarning ham javobgarligi masalasini Oliy Kengashning umumiy yiginida muhokama qilishni taklif etgan.

Ravshan Sobirov 2012 yil bolalarni asrab olish doirasida faoliyat ko‘rsatgan xorijiy tashkilot vakillaridan pora undirishda ayblangan.

2013 yilning 23 may kuni Qirg‘iziston Oliy mahkamasi Ravshan Sobirovga bog‘liq Bishkek sudining besh yilga ozodlikdan mahrum qilish qarorini kuchida qoldirgan.

Sobiq vazirning mol-mulki musodara qilinib, jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tashga hukm chiqarilgan.

Ayni paytda Ravshan Sobirov Bishkek yaqinidagi qamoqxonada saqlanmoqda.

Xuddi shu qamoqxonada 2010 yilning iyun oyida sodir etilgan qonli voqealarda ayblangan taniqli inson haqlari faoli Azimjon Askarov umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda.