Moskva "Qrimni ishg‘ol qilishi" haqidagi xabarlarni rad etdi

Image copyright AFP

Ukraina Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Qora Dengiz floti qo‘mondoni Aleksandr Vitko Qrimdagi Ukraina harbiylariga 4 mart erta tonggacha Qrim hokimiyatiga bo‘ysunish shartini qo‘ygan.

Aks holda, Rossiya qo‘shinlari Qrimdagi harbiy bazalarni ishg‘ol qilinishidan ogohlantirgani aytildi.

Ayni paytda Rossiya Qora Dengiz floti bu xabarlarni rad qilmoqda. Rossiya tomoniga ko‘ra, Qrimdagi harbiy bazalarni ishg‘ol qilish haqida hech qanday reja yo‘q.

"Bu butunlay bema‘nilik, qip-qizil yolg‘on. Biz har kuni ukrainalik hamkasblarimizga nisbatan kuch ishlatishimiz haqida yangrayotgan ayblovlarga ko‘nikib qoldik", deb aytgan Rossiya Qora Dengiz floti vakili Interfaksga.

Qrim Mudofaa vazirligi BBCning Ukraina xizmatiga Rossiya sharti haqida xabar bergandi.

"Men Ukraina floti zobitlari bilan gaplashdim. Ularning bortida vitse-admiral Aleksandr Vitko bo‘lib, ushbu ultimatumni bildirgan. Bugundan boshlab bizning ikki kemamiz Sevastopolda Rossiyaning bir necha kemalari bilan to‘sib qo‘yildi".

Talab shundan iboratki, "Ertagacha Qrimning yangi hokimiyati tomon o‘tish yoki qurollarni topshirish, yoki istalgan tomonga ravona bo‘lish"ni anglatadi, deb aytgan Qrim Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari Vladislav Seleznev.

Janob Seleznev Ukraina harbiylari har qanday vaziyatda qasamyodlariga sodiq qolishlarini ta‘kidlagan.

"Rossiya agressiyasini to‘xtatish lozim"

Ukrainaning Ovro‘po Ittifoqidagi elchisi Konstantin Yeliseyevga ko‘ra, Rossiya agressiyasi xalqaro huquq tizimiga hujum va uni zudlik bilan to‘xtatish lozim.

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Yan Bjezinski aytishicha, Qrimdagi vaziyatni nazoratga olishning yo‘llaridan biri NATOning tezlikda harbiy javobini, ya‘ni NATO kemalarini Qora Dengizga kiritilishini ko‘rib chiqishdir.

Ukraina Rossiya bilan chegaralarida nazoratni kuchaytirgan.

AQShning Ovro‘po va Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vakili Viktoriya Nuland Rossiya bilan mavjud muammoni 21 asrga mos, muzokaralar vositasida hal qilishning barcha yo‘llari ko‘rilayotganini aytdi.

Lvov Qrimdan qochib o‘tayotganlarni qabul qila boshlagani aytilmoqda.

Ma‘lumotlarga qaraganda, hozirgacha 20 dan ortiq oila Qrim Ovromaydonida qatnashgani uchun tahdidlar bois uylarini tashlab chiqqan.