Ukraina inqirozi: Tomonlar uchun keyingi qadam nima?

Image copyright AP
Image caption Rossiya va G‘arb bugun Ukrainani kim idora qilmoqda degan savolga ikki qutbdan turib javob berishmoqda

Shanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin nafaqat Qrimda, balki Ukrainaga rus qo‘shinlarini kiritish uchun parlamentdan izn so‘ragani mintaqadagi vaziyatni yana ham keskinlashtirdi.

Rossiya diplomatlari Putin bu rozilikdan darhol foydalanmasligini aytishmoqda.

Putin esa, "Rossiya fuqarolari va vatandoshlarini" himoya qilish uchun lozim bo‘ladigan amallarga qo‘l urishini urg‘uladi.

Sharqiy Ukrainaning shaharlarida allaqachon to‘palonlar boshlanib ketgan.

Rossiya qo‘shinlari chegara mintaqalarida ham shay holatga keltirilgan.

Harbiy mashqlar o‘tmoqda.

"Neo-natsistlar to‘ntarishi"

Rossiya va G‘arb bugun Ukrainani kim idora qilmoqda degan savolga ikki qutbdan turib javob berishmoqda.

G‘arb davlatlari uchun Kiyevdagi yangi muvaqqat hokimiyat qudrati e‘tirof etilgan.

Rossiya esa, Kiyev "o‘ng qanot ekstremistlar", "ksenafobiya va aksil yahudiy hamda neo-fashistlar" qo‘lida qolmoqda deb hisoblaydi.

Kreml nazarida "hukumat to‘ntarishi" ro‘y bergan va shu yo‘lda Viktor Yanukovich prezidentlikdan "noqonuniy" chetlashtirilgan.

Putin, aftidan, G‘arb va Kiyevni 21- fevral kuni imzolangan shartnomaga qaytishni istaydi.

Bu shartnomaga ko‘ra, Yanukovich va muxolifat konstitutsion islohotlarga doir muzokaralar boshlashi, shu yo‘l bilan barcha mintaqa va partiyalarning talablarini qondirishi va aftidan Ukrainani federatsiyaga aylantirish yo‘lida sa‘y-harakatlarga turtki berilishi kerak edi. Shunda Ukrainaning asosan rusiyzabon mintaqalari doxil Qrimga ko‘proq ayricha qudrat berilishi mumkin edi.

Ammo, buning uchun Viktor Yanukovichni hamon prezident deb e‘tirof qilish kerak bo‘ladi va aynan shu holat Kiyevdagi hozirgi hukumatni noqonuniy qilib qo‘yadi.

G‘arb bunga ko‘nmaydi.

Ziddiyat o‘ta nozik bir pallaga kirdi.

Rossiya qo‘shinlarining joylashtirilgani halicha xunrezlikka sabab bo‘lgani yo‘q.

Lekin, agar Rossiyaning harbiy aralashuvi Ukrainaning boshqa bo‘lgalariga tarqaydigan bo‘lsa, qarama-qarshilikning qonsiz davom etishi amri mahol bo‘ladi.

Yordamga da‘vat

Sharqiy Ovro‘po Qrim kabi alohida jug‘rofiy hudud emas.

Bu yerda rusiyzabonlar va ukrainlar yashaydigan hududlarni osongina belgilab olish mumkin emas.

Vladimir Putin 2008 yilda xuddi Gurjiston bilan bo‘lgani kabi urushga kirishdan istihola qilmasligini ko‘rsatdi.

Ukraina Gurjiston emas va Putin uchun anchayin muhimroqdir...

Kiyev tashqaridan yordam kutmoqda.

Ammo, G‘arbning imkoniyatlari cheklangan.

NATO va Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari o‘zaro muzokaralar va yig‘inlarni boshlab yuborishdi.

AQSh allaqachon Rossiyani Ukrainaga bostirib kirishda aybladi va bu bilan BMT qonunlariga zid ish tutdi demoqda.

G‘arb nima qila oladi?

NATO Ukrainaga yordamga kelishdan istihola qiladi.

Polsha Ukraina bilan chegaralarini yana ham mustahkamlashi mumkin.

Rossiyaga qarshi iqtisodiy jazo choralari va diplomatik yakkalash yo‘li ko‘rilishi mumkin.

Ammo, Putinga bularning bari hech qanday ta‘sir o‘tkazmasa ham hayratlanishga hojat yo‘q.

Bir – ikki yildan keyin G‘arbdagi hukumatlar va rahbarlar o‘zgaradi.

Yangi hukumatu rahbarlar Moskva bilan munosabatlarini yaxshilash yo‘lini ko‘radilar.

Biladilarki, Rossiya qudratli va xatarnok hamda xalqaro barqarorlik uchun Moskva bilan murosayu madora yo‘li ma‘qulroqdir.