Putin: Rossiyaning Ukrainaga qo‘shin kiritishga haqqi bor

Image copyright AFP
Image caption Putin Ukrainaning yangi hukumatini mamlakatni xaosga tushirganlikda ayblagan

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi armiyani qo‘llash zaruriyati hozircha yo‘qligi, biroq bu e‘tibordan soqit qilinmasligini aytgan.

Shu bilan birga janob Putin Yanukovich Ukrainaning qonuniy prezidentligini ta‘kidlab, yangi hukumatni konstitutsiyaga zid davlat to‘ntarishida ayblagan.

"Viktor Yanukovichda ayni paytda amaldagi hokimiyat bo‘lmasa ham, u qonuniy prezident bo‘lib qoladi", deb aytgan Putin to‘satdan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

"Bu konstitutsiyaga qarshi, hokimiyatni qurolli bosib olishdir. Buni hech kim inkor etolmaydi. Kim bu haqda bahslasha oladi? Lekin nima uchun ular bunday qilishdi? Bu savolga men ham, men bilan telefonda uzoq gaplashgan hamkasblarim ham javob berisholmayapti. Nima uchun qonunga zid harakat bilan shug‘ullanib, mamlakat bugun tushgan ahvolga olib kelish kerak edi? Bu savolga esa javob yo‘q", deydi Rossiya Prezidenti.

Image copyright none

Yanukovichning siyosiy kelajagi yo‘q

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi vositachiligida 21 fevralda hukumat va muxolifat o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan Viktor Yanukovich shunday ham hokimiyatdan ayrilgan edi. Unda qayta saylanish imkonlari deyarli yo‘q edi.

Lekin nega shuni ko‘rib turib, muxolifatga mamlakatni shunday ahvolga olib kelish nega kerak bo‘ldi? - deb savol qo‘ygan Putin.

Putin shuningdek, Yanukovichning siyosiy kelajagi endi yo‘qligini, Moskva uni "insonparvarlik nuqtai nazaridan" - hayotiga Ukrainada xavf tug‘ilgani bois qabul qilganini qayd etgan.

Uning fikricha, Ukraina hukumati qisman qonuniy, biroq vaqtincha prezident vazifasining qonuniyligi haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas.

Ukrainadagi korruptsiya Rossiyaning tushiga ham kirmagan cho‘qqiga chiqqanini, xalq uchun har qanday hukumatda ham yaxshi yashash imkoni qolmaganini aytadi Putin.

"Mening nazarimda bu inqilobiy vaziyat Ukrainaning mustaqillikka erishgan dastlabki paytidanoq paydo bo‘lgan va pishib kelgan".

"Biz hozir hamma yoqda millatchilar, antisemist, neonatsistlarning ko‘rmoqdamiz", degan janob Putin Kiyevdagi vaziyat haqida.

Agar bu vaziyat sharqiy hududlarda ham boshlanganini ko‘rarkanmiz, o‘zimizdagi barcha vositalarni ishlatish huquqini saqlab qolamiz", deb ta‘kidlagan Rossiya prezidenti.

Putin Ukrainaga Rossiya qo‘shinlari kiritilgani haqidagi xabarlarni rad qilib, Qrimdagi qurolli kishilar "mahalliy o‘z-o‘zini himoya qilish guruhlari" ekanligini aytadi.

Unga ko‘ra, "Qrimni qo‘shib olish Rossiya rejasida yo‘q. Ukraina xalqi o‘z hududi taqdirini o‘zi hal qiladi".

Image copyright Reuters

"Sizda hammasi qonuniymi?"

G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatini noqonuniy deb atab, harbiy aralashuv xalqaro huquqlarni buzilishi ekanini bildirishdi.

Yirik sakkizlik davlat rahbarlari Sochida o‘tishi rejalangan sammit tayyorgarligini to‘xtatishdi.

Obama Putin bilan Ukraina muammosini 90 daqiqa davomida telefonda muhokama qilgan.

"Bizni doim noqonuniy harakatlarda ayblashadi. Lekin men siz o‘zingizning hamma harakatingizni qonuniy deb bilasizmi, deb so‘rasam, ha deyishadi. AQShning Afg‘oniston, Iroq, Liviyadagi harakatlarini eslatib qo‘yishga to‘g‘ri keladi", deydi Putin janoblari.