FIFA, rasman: Istang hijobda, istang sallada futbol o‘ynang

Image copyright BBC World Service

Ham ayol va ham erkak futbolchilarga diniy bosh kiyimlarida to‘p surish huquqini rasman Futbol Uyushmalari Xalqaro Federatsiyasi berdi.

Xalqaro Futbol Uyushmasi Kengashi bir necha yillik sinovlar ortidan, bu xususdagi yakuniy qarorini kuni-kecha Shveytsariyaning Tsyurix shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘inida e‘lon qildi.

Endi, diniy e‘tiqodidan kelib chiqib, istagan muslima hijobda, istagan sikx esa, sallada futbol o‘ynashi mumkin bo‘ladi.

Musulmon futbolchilar uchun maydonga sallada tushish shart, deb ko‘rilmasligini ta‘kidlagan o‘zbekistonlik taniqli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining bildirishicha, so‘nggi yangilik Hindistondagi sikx jamoasi orasida futbolning rivojlanishiga xizmat qilmay qolmaydi.

O‘z o‘rnida, xalqaro futbol maydonlarida to‘p surgan yoki surayotgan Zayniddin Zidan, Mesut O‘zil, Sami Xedira, Frank Riberi, Samir Nasri va Karim Benzema kabi jahon futbolining musulmon yulduzlari bunga bir misol kabi.

Ish bergan sinov

Image copyright Getty

Yaqin yillargacha, qay bir din vakillari bo‘lmasin, erkak va ayol futbolchilarning diniy bosh kiyimlarida futbol o‘ynashlari qonunan ma‘n etilgandi.

2007 yildan buyon esa, jarohat olishlari xavfi borligi aytilib, FIFA tomonidan, hatto, muslima futbolchilarning hijobda maydonga tushishlari rasman taqiqlangandi ham.

Eslatib o‘tish joiz, birgina shu taqiqning o‘zi Afrika va Osiyo Futbol Konfederatsiyalari rahbarlari qolib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ham e‘tiborini tortgan va ular Futbol Uyushmalari Xalqaro Federatsiyasini uni bekor qilishga oshkora da‘vat etib chiqishgandi.

Ulardan tashqari, dunyoda eng nufuzlilaridan biri sanaluvchi Angliya premerligasida to‘p suruvchi qator futbolchilar ham bu uch xalqaro tashkilotga xayrixoh ekanliklarini bildirishgandi.

Futbol Uyushmalari Xalqaro Federatsiyasi bularning barchasi ortidan, 2012 yilda ikki yillik sinov muddati belgilagan va endi, ayon bo‘lishicha, u muvaffaqiyatli bo‘lgan.

So‘nggi xabar ortidanoq, Islomiy respublika bo‘lgan qo‘shni afg‘oniston va pokistonlik sport mulozimlari Futbol Uyushmalari Xalqaro Kengashining so‘nggi qarorini olqishlab chiqishgan.

Ularga ko‘ra, mavjud taqiqning olib tashlanishi sport bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan hijobli qizlar sonining yanada oshishiga xizmat qiladi.

"Mayli, bosh kiyimlarida o‘ynashsin"

Image copyright AFP

Bu so‘zlar FIFA Bosh kotibi Jerom Valkening og‘zidan yangradi.

"Mayli, ayol futbolchilar ham, erkak futbolchilar ham boshlarini yopishlari mumkin. Biz shunga qaror qildik. Ammo ularning diniy bosh kiyimlari oddiy va jamoa libosining rangida bo‘ladi", - deb aytdi janob Valke.

Muslima futbolchilarning hijobda maydonga tushishlari bilan bog‘liq masala bundan besh yil burun, 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada o‘yinlarining saralash bosqich musobaqalari chog‘ida o‘rtaga chiqqandi.

Hijoblarini yechishdan bosh tortishgani uchun, Eron milliy terma jamoasining Iordaniyaga qarshi o‘yini uchrashuv boshlanishiga sanoqli daqiqalar qolgan bir paytda bekor qilingandi.

Osiyo futbol mas‘ullarining aytishlaricha, taqiqning rasman bekor qilinishi minglab muslima futbolchilarning yana katta maydonlarda to‘p surishlariga yo‘l ochadi.

Muslima futbolchilarning hijoblari uchun "kurash" ketayotgan bir manzarada Kanadadagi sikxlar jamoasi ham sallamizga qo‘yilgan taqiqni olib tashlang, degan da‘vatlar bilan chiqishgandi.

Hozir futboldan tashqari, yengil atletika, regbi, qilichbozlik, volleybol va taekvondo musobaqalarida muslima sportchilarning hijobda bellashishlariga ruxsat beriladi.

Xalqaro Futbol Uyushmalari Kengashiga, "futbol qonunlariga kiritilajak tuzatishlar masalasida yakuniy so‘zni aytish" vakolati yuklanib, 1886 yilda asos solingan.

Ushbu kengash tarkibiga esa, Angliya, Shotlandiya, Uels, Shimoliy Irlandiya Futbol Uyushmalari va FIFA kiradi, xolos.