Rossiya AQSh bilan Ukraina inqirozini muhokama etishga tayyor

Image copyright AFP

AQSh Davlat kotibi va Rossiya Tashqi ishlar vaziri juda muhim muzokaralar stoliga o‘tirib, Ukraina inqirozi yuzasidan mavjud tanglikni yumshatishga urinib ko‘rishmoqchi.

Rasmiy Vashington Kremlni Ukrainaning Qrim mintaqasiga o‘z qo‘shinlarini safarbar qilib, "tajovuzkorana amal"ga qo‘l urganlikda ayblaydi.

Rossiya tomoni esa, o‘zlariga qarshi yangrayotgan bu qabila ayblarni rad etadi.

Jumladan, prezident Vladimir Putin kecha seshanba kuni Ukrainada hozircha qo‘shinlari yo‘qligini aytib chiqqan, ammo safarbar etishlari ehtimolini nazardan soqit etmagandi.

Taraflar o‘rtasidagi bu kabi keskin qarama-qarshiliklarga qaramay, ikkovlon muzokaralarga hozir ekanliklariga ham ishora qilishdi.

Agar, Ukrainadan olingan xabarlarga tayanilsa, rasmiy Moskva janubiy Qrim muxtor bo‘lgasini o‘z nazorati ostiga olib bo‘lgan.

O‘tgan tunda ham Qrimda tanglik davom etgan, ammo biror bir zo‘ravonliklar kuzatilmagani aytilmoqda.

Shu hafta kelib chiqqan tanglikka rasmiy Moskvaning rossiyaliklar va rusiyzabonlarni himoya qilish uchun sharqiy Ukrainaga kirishlari mumkinligi bilan ogohlantirishi sabab bo‘lgandi.

Rossiya parlamentining ushbu qarori dunyo miqyosida keskin tanqidlar bilan qarshi olingandi.

Qator muzokaralar rejasi

Ukraina inqiroziga "befarq" bo‘lmagan bu ikki qudratli davlat tashqi ishlar vazirlari Livan masalasiga bag‘ishlab, Parijda o‘tkazilishi rejalangan anjuman bahona gaplashib olishmoqchi.

Shu muloqotlari chog‘ida Ukraina inqiroziga muzokaralar yo‘li bilan barham berib bo‘ladimi-yo‘qmi, bilib olishmoqchi.

Nato ham Ukraina yuzasidan Rossiya bilan Bryusselda muzokaralar olib bormoqchi.

Avvalroq ittifoq Bosh kotibi rasmiy Moskvani "Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga daxl qilishda" ayblagandi.

Bularning barchasi manzarasida Ovro‘po Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton xonimlari yangi Ukrain hukumati bilan muzokaralar olib borish uchun Kiyevga safar qilmoqchi.

Rossiya esa, orada yana bir qit‘alararo ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini ma‘lum qilishni ham unutmadi.

Rasmiy Moskva yaqinda Ukrainada yuz bergan qudrat almashinuvini keskin qoralab chiqqandi.

90 dan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan bir necha oylik namoyishlar ortidan, Rossiyaning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Ukrainada moskvaparast prezident Viktor Yanukovich vazifasidan ketishga majbur bo‘lgandi.

AQSh Davlat Kotibi Jon Kerrining o‘zi Kiyevga seshanba kuni safar qilgandi.

Uning o‘z kuzatuvlaridan kelib chiqib aytishicha, hozir Ukrainadagi hamma Rossiya fuqarolari yoki rusiyzabonlar ham tahdid ostida ekani nishonalari ko‘zga tashlanmaydi.

AQSh Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, "Rossiya Ukrainani yanada ko‘proq ishg‘ol qilish maqsadida o‘lib-tirilib bahona izlayotgani aniq".