Mustafo Jamilo‘g‘li: Qrim tatarlari Rossiyaga qo‘shilishga qarshi

Image copyright AFP

Qrim parlamenti Ukraina tarkibidagi Qrimning Rossiyaga qo‘shilishini yoqlab ovoz bergan.

16 mart kuni ayni masala yuzasidan referendum o‘tkaziladi, aksariyat ko‘pchilikni tashkil etuvchi rusiyzabon aholining uni qo‘lab quvvatlashiga shubha yo‘q.

Parlament rasman ajralib chiqish masalasini hal qilish qudratiga ega emas, ammo hozir Rossiya amalda Qrim yarim orolini nazorat qilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati Ukraina parlamenti deputati va qrim tatarlari rahbarlaridan Mustafo Jamilo‘g‘li bilan bog‘lanib, referendumga munosabatini so‘radi.

Mustafo Jamilo‘g‘li: Bizning hududlarimizga Rossiyaning ichki mintaqalaridan aholini ko‘chirib kelib, yerlashtirishmoqda. Yerli aholi masalaning bu shaklda qo‘yilishiga mutlaqo qarshi. Bu Rossiya tomonidan ochiqchasiga Qrimni bosib olishni anglatadi. Biz bu referendumni qanday o‘tkazishlarini juda yaxshi bilamiz. Harbiy ishg‘ol sharoitida referendum haqida qanaqa gap bo‘lishi mumkin? Biz zudlik bilan Rossiya qo‘shinlarini Qrimdan olib chiqishni talab qilamiz. Shundan keyingina boshqa masalalarni muhokama qilishimiz mumkin.

BBC: Ammo referendumni to‘xtatib qoladigan bironta kuch bormi hozirda?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Hammasi jahon hamjamiyatining harakatlariga, ularning qanchalik qat‘iyat bilan amal qilishlariga bog‘liq. Agar ular faqat bayonotlar bilan cheklanib, amalda hech narsa qilishmasa, Rossiya xohlagan ishini qiladi. Hozirning o‘zida Rossiya Qrimni ishg‘ol qilib bo‘lgan. Ular ochiqchasiga Qrimni o‘zlariga qo‘shib olishayapti.

BBC: Referendum Qrim parlamentining Rossiyaga qo‘shilish qarorini ma‘qullasa, qrim tatarlarining qadamlari qanday bo‘ladi?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Biz bunga mutlaqo qarshimiz. Bizning Rossiya bilan urushadigan armiyamiz yo‘q, biz faqat noroziligimizni bildiramiz. Ammo bizning ovozimizni kim ham eshitardi? Bu yerda g‘arb davlatlarining faol harakat qilishlari juda ham muhim.

BBC: Kecha Parijda, bugun mana Bryusselda Qrim va umuman Ukrainadagi inqiroz masalasi muhkama qilinmoqda. Qrimning o‘zida qandaydir muzokaralar yoki muzokara olib borish urinishlari bormi?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Hech qanday muzokaralar yo‘q. Ruslar xohlagan buyrug‘ini berib yotibdi. Ular Qrimni qo‘shib olmoqchi. Qrimning qo‘g‘irchoq rahbariyati esa shu yo‘nalishda zarur bo‘lgan barcha qarorlarni qabul qilmoqda. Rossiya kuchlari Qrimdagi Ukrainaga tegishli barcha inshootlarni bosib olayapti. Jumladan, harbiy qismlarni ham. Butun dunyoning ko‘z o‘ngida bir davlat ikkinchi bir davlatning yerlarini bosib olayapti. Hozir hamma gap Rossiyaga qanday javob berilishida. Ya‘ni g‘arb davlatlari Qrim masalasida nimadir qiladimi yoki jim qarab turadilarmi?

BBC: G‘arb davlatlari sizningcha, nima qilishi kerak?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Ularning o‘zlari nima qila olishlarini yaxshiroq bilishadi. Men urush qilish kerak deyayotganim yo‘q. Ammo Rossiyaning tajovuzini to‘xtatib qolish uchun nima zarur bo‘lsa, hamma narsani qilish kerak. Jazo choralari, yo‘llarni to‘sib qo‘yish- nima qilib bo‘lsa ham, bu bosqinchilikni to‘xtatish zarur!.