Hujum ortidan Turkmaniston Afg‘oniston bilan chegarasini yopdi

Image copyright AP

Bu – ilk bor ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro chegaraning rasman yopilishidir.

Afg‘oniston tomoniga ko‘ra, bunga shaxsan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning o‘zi qaror qilgan.

BBC O‘zbek Xizmati o‘zaro chegaradan suhbatlashgan afg‘onistonlik yuqori martabali mas‘ullarga ko‘ra, turkman tomoni o‘z qarori sababini durust-quruq izohlamagan.

Ularga ko‘ra, o‘tgan payshanba kunidan buyon Turkmanistonning Afg‘oniston bilan g‘arbiy chegaralari yopiqligicha qolmoqda.

O‘tgan chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi esa, Turkmaniston Afg‘onistonning g‘arbiy Bodg‘iz viloyatidan hujumga tutilgandi.

Bir guruh noma‘lum qurolli shaxslar chegaradosh ushbu viloyatdan Turkmaniston hududiga bostirib kirgan va o‘zaro otishma chog‘ida uch turkman chegara qo‘riqchisi qurbon bo‘lgandi.

Mintaqadagi muxbirimizga ko‘ra, Afg‘oniston o‘tgan o‘ttiz yildan buyon qurolli nizolar ichida bo‘lsa-da, bu – Turkmanistonga qarshi uyushtirilgan birinchi hujum bo‘lgan.

Afg‘oniston axborot agentliklari hujumchilar Tolibon jangarilari ekani haqida xabar tarqatishgandi.

Ammo, yuz bergan voqeadan bir hafta o‘tayotgan bo‘lsa-da, Afg‘oniston Tolibon harakati hujumga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olib, biror bir rasmiy bayonot bilan chiqqani yo‘q.

O‘zaro chegarada yuz bergan hujum tafsilotlarini o‘rgangan afg‘onistonlik xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchi va mintaqadagi BBC muxbirlariga ko‘ra, turkman chegarachilarini hujumga tutgan shaxslar giyohvand moddalar kontrabandachilari bo‘lishgan.

Bu – toliblar yo‘q degani emas

Agar, mahalliy kuzatuvchilarning berayotgan baholariga tayanilsa, aynan Bodg‘iz bugun Afg‘onistonning toliblar ancha faol viloyatlaridan biri sanaladi.

Mintaqadagi muxbirimiz Humoyun Hadidning aytishicha ham, Bodg‘izning Turkmaniston bilan chegaradosh shimoliy ikki-uch va Hirotning Ko‘shki Ko‘hna tumani hozir butkul toliblar nazorati ostida.

"Bu tumanlarning faqat markazidagina hukumat bor, bor-yo‘g‘i besh chaqirim tashqariga chiqsangiz, toliblar hukmronlik qilishadi", - deydi muxbirimiz.

Uning, o‘z o‘rnida ta‘kidlashicha, Turkmaniston bilan chegarada ham vaziyat xuddi shunday: Chegara qo‘riqchilari ham o‘z postlaridan uzoqqa borisholmaydi.

"Hatto, ularga oziq-ovqat, qurol-yarog‘ va lozim ashyolarni yetkazish uchun Afg‘oniston politsiya va qurolli kuchlari faqat karvon bog‘lab, borishlari mumkin. Ya‘ni, bir-ikkita mashinaga non-suv ortib, u yerlarga olib borish umuman imkonsiz. Va bu ishga ellikka yaqin politsiya xodimlari yoki askarlar safarbar etilishadi", - deydi Afg‘oniston g‘arbidan muxbirimiz Humoyun Hadid.

Ammo betaraf mavqei bois, Afg‘oniston Tolibon harakati shu paytgacha biror bir marta Turkmaniston tuprog‘iga daxl qilmagan.

Muxbirimizga ko‘ra, bu hududlarda giyohvand moddalar kontrabandachilari juda faol va u yerdagi toliblar bo‘ladimi yoki boshqa isyonchi guruhlar, ular bilan nihoyatda yaqin aloqadalar.

Uning aytishicha, mintaqada jangarilardan tashqari, bugun ham o‘nlab qurollilariga ega sobiq mujohiddin qo‘mondonlari ham bor.

"Har kim o‘z boshicha: Har kim o‘z mintaqasida hokim, har kim o‘z mintaqasida o‘zi mahkama qiladi, markaziy hukumatning u yerlarda qudrati deyarli yo‘q", - deydi muxbirimiz.

Ayon bo‘lishicha, so‘nggi hujum ortidan Turkmanistonning Afg‘onistondagi konsulligi rahbari Hirot hokimi bilan uchrashgan.

Afg‘oniston tomonidan chegara hududlarida nazoratni kuchaytirish, qo‘shinlari sonini ko‘paytirish va giyohvand moddalar kontrabandachilariga qarshi samarali kurashishlarini talab qilgan.

Bugun BBC O‘zbek Xizmati suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan afg‘onistonlik mas‘ullarga ko‘ra, hozir hududga qo‘shimcha askarlar yuborilgan va vaziyatni kechayu kunduz nazorat etishga qurblari yetadi.

Afg‘oniston g‘arbidan olingan xabarlardan ma‘lum bo‘lishicha, mavjud vaziyat sabab, o‘zaro chegarada turli yuklar ortilgan va Pokistondan kelgan ikki yuzdan ortiq yuk mashinasi to‘planib qolgan.

Mintaqaning o‘zida esa, qator mahsulotlar, ayniqsa, yoqilg‘i narxi qimmatlab ketgan.