Ukrainaning sobiq amaldorlari hisob raqamlari muzlatildi

Image copyright AFP

Ovro‘po Ittifoqi hisob raqamlari va hissalari muzlatilgan Ukrainaning sobiq rahbarlari ro‘yxatini e‘lon qildi.

Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich doxil 17 amaldor davlat mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda.

Ro‘yxatda Viktor Yanukovich va ikki o‘g‘li, sobiq ichki ishlar vaziri Vitaliy Zaxarchenko, sobiq prokuror Viktor Pshonka va sobiq vazir Nikolay Azarov o‘g‘li bilan, prezident ma‘muriyatining sobiq rahbari Andrey Klyuyev va Yanukovichga yaqin bo‘lgan boshqa sobiqlar bor.

Jazo choralari ro‘yxat e‘lon qilingan kundan boshlanadi va yil davomida amal qiladi.

Bundan avval Shvetsariya va Avstriya banklaridagi Ukrainaning 20 ga yaqin sobiq rasmiylariga tegishli raqamlar to‘xtatilgan edi.

Rossiyada matbuot anjumani o‘tkazib, o‘zining qonuniy prezident ekanligini bildirgan Viktor Yanukovichning aytishicha, uning xorij banklarida hech qanday mablag‘i yo‘q.

Ukrainaning yangi hukumati Viktor Yanukovichni, sobiq prokuror va sobiq ichki ishlar vazirini namoyishchilar o‘limiga mas‘uliyatli ekanini aytib, xalqaro qidiruvga bergan.

Ukrainaning yangi bosh prokurori Oleg Maxnitskiy Rossiyadan Viktor Yanukovichni topshirishni talab qilmoqda.

Ayni paytda Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari Bryusselda Ukraina masalasini muhokama qilish uchun yig‘ilishgan.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh Ukraina yangi hukumatiga jiddiy islohotlar o‘tkazish evaziga moliyaviy yordam berishni va‘da qilmoqda.

4 martda Xalqaro valyuta fondi vakillari Kiyevga tashrif buyurgan.

Ukrainadan talab qilinayotgan islohotlar ijtimoiy sohalarga ham tegishli bo‘lib, gaz narxini oshirish, soliqlarni ko‘paytirish, pensiya va nafaqalarni qisqartirish, imtiyozlarni bekor qilish shular jumlasidandir.