Dubayda o‘zbekistonlik ayol yetti yilga qamaldi

Birlashgan Arab Amirligi rasmiylariga ko‘ra, o‘tgan yilning sentyabr oyida hukumat binosiga kirib hudkushlik bilan tahdid qilgan o‘zbek ayol yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekistonlik fuqaro belida portlovchi modda borligini, talablari bajarilmasa ishga solishini aytib, 13 soat davomida hukumat binosida politsiyaga qarshilik qilgan.

Ayolning aytishicha, amirlik fuqarosi bo‘lgan kishi farzandining otasi ekanini tan olmagan. O‘zbekistonlik ayol hukumat bu masalani hal qilib bermasa, o‘zini portlatib yuborishi bilan qo‘rqitgan.

Binodagilar evakuatsiya qilinib, ayol qo‘lga olinganda unda portlovchi modda topilmagan. Tergov jarayonida ayol oilaviy muammolari sabab ruhiy tushkunlikka tushib, shunday qaltis yo‘l tutishga qaror qilganini aytgan.

33 yoshli ayol jazoni Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tab bo‘lgach, vataniga deportatsiya qilinishi bildiriladi.

Ayni paytda uning mahkama hukmiga qarshi shikoyat bilan murojaat etish imkoni bor.