Putin bu yilgi Nobel Tinchlik mukofotiga da‘vogarlar ro‘yxatida

Image copyright AP
Image caption AQSh Prezidenti Barak Obama ushbu mukofotni 2009 yilda olgan

Ha, Suriya inqirozini yumshatishda tutgan o‘rni uchun Rossiya prezidenti Nobel xalqaro qo‘mitasining ro‘yxatidan rasman joy olgan.

O‘tgan yili xuddi shunday izoh bilan Dunyo Xalqlari Ma‘naviy Birligi va Hamkorligi xalqaro akademiyasi Vladimir Putin nomzodini ushbu mukofotga taqdim qilgan edi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Nobel Tinchlik Mukofoti Mixail Gorbachevdan boshqa biror bir Sho‘ro yoki sobiq Sho‘rolar davlati rahbariga nasib etmagan.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev esa, nomzodi bu kabi oliy mukofotga uch qayta ilgari surilgan ilk Markaziy Osiyo davlati rahbari bo‘ladi.

Rossiya prezidenti nomzodining rasman xalqaro qo‘mita ro‘yxatiga kiritilganiga oid xabar esa, janob Putin Ukraina inqirozi yuzasidan G‘arbning keskin tanqidlari ostida qolayotgan bir manzarada o‘rtaga chiqmoqda.

Rossiya rahbari yaqinda xalq inqilobi sabab, moskvaparast hukumati qudratdan ketgan Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini kiritish ehtimolini nazardan soqit etmayotir.

Nobel xalqaro qo‘mitasi esa, nomzodlarni saralab borish jarayonida Ukraina inqirozini ham atroflicha o‘rganib chiqmoqchi.

Shu bois ham, ayrim tahlilchilarga ko‘ra, boshqa nomzodlar bilan solishtirganda, Rossiya rahbarining bu yilgi mukofotni qo‘lga kiritish imkoniyatlari anchayin past bo‘lishi mumkin.

Ammo, akademiyaning qarori ortidan, Vladimir Putin hozircha bu yilgi Nobel Tinchlik mukofoti uchun bellashayotgan 300 ga yaqin nomzod safida.

Bu yil ularning orasida ellikka yaqin turli tashkilotlar ham bor.

Ammo, aprel oyi yakuniga qadar, xalqaro qo‘mita ro‘yxatida bor-yo‘g‘i 12 tacha nomzod qoladi, xolos.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, hech bir yil bu qadar rekord sondagi nomzodlar ro‘yxati kuzatilmagan.

Faqat Putin emas...

Image copyright AFP

Bu yilgi ko‘pchilikni hayratga solgan nomzodlar orasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yagonasi emas.

Shu jumladan, AQSh o‘rtasidagi aloqalarga jiddiy rahna solgan Amerika Josuslik Xizmati sobiq xodimi Edvard Snouden, AQShning Afg‘oniston va Iroqdagi harbiy amaliyotlariga oid maxfiy ma‘lumotlarini dunyoga yoygan 25 yoshli askar Bredli Menning va Rim Papasi Fransis ham bu yil Nobel Tinchlik mukofotiga da‘vogarlik qilishmoqda.

Ular bilan bir qatorda o‘zining faolligi bilan Tolibon harakatining qahriga uchragan pokistonlik o‘quvchi qiz Malala Yusufzay ham bellashib ko‘radi.

O‘tgan yil Nobel Tinchlik mukofotini Kimyoviy Qurollarni taqiqlash tashkiloti qo‘lga kiritgandi.

Bu yilgi g‘olib ham, har yilgisidek, oktyabr oyining ikkinchi jumasida e‘lon qilinadi.

10 dekabr kuni esa, omadi chopgan inson bo‘ladimi yoki tashkilot, $1.24 million dollar naqd mukofot pulini qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi.

Nobel Tinchlik mukofoti ilk bor 1901 yilda ta‘sis etilgan.

Ushbu mukofotga nomzodni esa, dunyo bo‘ylab minglab kishilar ilgari surishga haqli hisoblanishadi.

Buning uchun, hatto, biror bir parlament a‘zosi bo‘lishingizning o‘zi ham kifoya qiladi.

Image copyright Getty

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchun yana bir quvonarli hodisa esa, mamlakati xalqi orasida yana obro‘si oshgani bo‘lgan.

Agar, “Levada” omma fikrini o‘rganish markazining yangi so‘rovi natijalariga tayanilsa, Rossiyada 2008 yildan buyon janob Putin siyosatini yoqlovchilar soni ortgani kuzatilgan.

Deylik, Vladimir Putin rahbarlikni qoyillatayapti, deguvchi rossiyaliklar mamlakat aholisining qariyb 70 foizini tashkil etisharkan.

Bunga nimalar sabab bo‘ldi ekan, desangiz, Sochi Qishki Olimpiada O‘yinlari.

Lekin, o‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, so‘rov Ukraina inqirozidan biroz avval o‘tkazilgan.

Shu bois ham, so‘rov natijalari Rossiya xalqining o‘z prezidentlari faoliyati borasida shu kunlarda qanday fikrda ekanliklarini aks ettirmaydi.