Putin: Qrimning chaqirig‘iga befarq qarab bo‘lmaydi

Image copyright AP
Image caption "Xalqaro muammolar borasidagi turlicha qarashlar munosabatlarga ta‘sir ko‘rsatmasligi kerak"

AQSh va Rossiya prezidentlari payshanba kuni Ukraina muammmosini telefon orqali muhokama qilishgan.

Bu Barak Obama va Vladimir Putin o‘rtasida ushbu mavzuga taluqli ikkinchi telefon muloqotidir.

Suhbat Obamaning tashabbusi bilan o‘tkazilgan va bir soat davom etgan.

O‘tgan safardagi 90 daqiqali muzokarada ham janob Obama Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harakati noqonuniy ekanini aytib, inqirozni xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda hal qilishga chaqirgandi.

Bu galgi suhbatda Prezident Putin Rossiya-Amerika munosabatlari muhimligini, xalqaro muammolar borasidagi turlicha qarashlar unga ta‘sir ko‘rsatmasligi lozimligini urg‘ulagan.

Shu bilan birga, Qrimning yordam so‘rovini inkor qilib bo‘lmasligini bildirgan. "Rossiya bu vaziyatga mos harakat qiladi", deb aytgan janob Putin.

Obama Rossiya qo‘shinlari harbiy bazalarga qaytarilishi lozimligini aytmoqda. Muammoni diplomatik yo‘l bilan yechish maqsadida Moskva va Vashington rasmiylari muzokaralarni davom ettirishini qo‘shimcha qilgan.

AQSh dastlabki choralar sifatida "Ukrainaning hududiy yaxlitligi va mustaqilligiga tahdid qiluvchi harakatlarga aloqador" Rossiya va Ukraina rasmiylariga nisbatan viza cheklovlari kiritdi.

Shuningdek Ovro‘po Ittifoqi va AQSh Qrim oliy kengashining 16 martda referendum o‘tkazish qarori Ukraina konstitutsiyasi va xalqaro qonunlarga zid ekanligi borasida murojaat bilan chiqqan.

Ukraina muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov Qrim hukumatining referendum o‘tkazish qarori bekor qilinganini bildirdi.

Unga ko‘ra, davlat chegaralariga taluqli barcha masalalar umumukraina referendumi orqali hal etilishi kerak.

Ayni paytda Qrimning tub aholisi bo‘lgan qrim tatarlar Rossiyaga qo‘shilish haqidagi referendumga qarshi ekanlarini aytmoqdalar.

Rossiya Davlat Dumasining to‘rt fraktsiyasi rahbarlari esa Qrimning Ukraina tarkibidan chiqib, Rossiyaga qo‘shilishi fikrini quvvatlaganlar. Bu taklif Duma deputatlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ovro‘po Ittifoqi Bryusselda o‘tgan shoshilinch majlisida Rossiya bilan viza haqidagi muzokaralarni vaqtincha to‘xtatdi.

Ukrainadagi vaziyatga aloqador Rossiya rasmiylariga viza bermaslik va hisob raqamlarini muzlatish, Moskva hamon o‘z fikridan qaytmas ekan, unga nisbatan iqtisodiy sanktsiyalar joriy etilishi bilan ogohlantirildi.

Ovro‘poning aksariyat davlatlari muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori bo‘lib qolmoqda.

Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga norozilik ma‘nosida juma kuni Sochida ochiladigan qishki Paralimpik o‘yinlariga bir qator xorijiy davlat hay‘atlari qatnashishmaydi.