Malayziya yo‘lovchi uchog‘i garovga olingani ehtimoli istisno qilinmayapti

Image copyright AP

10 mart kuni Malayziya rasmiylari 8 mart tongidan buyon g‘oyib bo‘lgan uchoq yuzasidan matbuot anjumani tashkil qilganlar.

Fuqaro aviatsiyasi rahbari Azhoriddin Abdul Rahmon Boeing B777-200 uchog‘iga nima bo‘lgani oradan uch kun o‘tib ham o‘zlariga ma‘lum emasligini aytgan, yo‘lovchi uchoqni garovga olishga harakat qilingan bo‘lishi mumkinligini istisno etmayotganlarini bildirgan.

Bir kun oldin Vetnam rasmiylari dengizda "sariq rangdagi ob‘ekt" aniqlangani haqida xabar tarqatganlar, biroq qorong‘u tushib qolgani sababli uning g‘oyib bo‘lgan uchoq qoldig‘imi yoki yo‘qligini tekshirish imkoni bo‘lmaganini aytganlar.

Malayziya o‘sha hududga qidiruv kemalarini yuborgan.

Malayziya rasmiylari Xitoy josuslik xizmatlari bilan birga uchoqqa o‘g‘irlangan ovro‘polik fuqarolarning pasportlari bilan chiqqan insonlarning shaxsini aniqlash maqsadida hamkorlik qilayotganlarini ma‘lum qilganlar.

Kuala-Lumpur va Pekin aeroportida uchoqqa chiqqan yo‘lovchilarning qarindoshlari kutmoqdalar, ularga eng yomon holatga tayyor turish maslahati berilgan.

7 martdan 8 martga o‘tar kechasi bortida 239 inson bilan Kuala-Lumpurdan Pekinga parvoz qilgan uchoq tungi soat 2:40 larda Malayziya bilan Vetnam orasida, Janubiy Xitoy dengizi ustida radarlardan g‘oyib bo‘lgan.

Uchoq ertalabki soat 6:40 da Pekinga qo‘nishi mo‘ljallangan. Uchoqda 14 mamlakatning 227 fuqarosi, 12 ekipaj a‘zosi bo‘lgan.

Uchoqdagi yo‘lovchilar ro‘yxatida bo‘lgan bir Avstriya va bir Italiya fuqarosi pasportlari bundan oldin Tailandda yo‘qolgani ma‘lum bo‘lgan.

Bu ikki pasport bilan Pekinga uchoq chiptasi birga xarid qilingani aniqlangan.