O‘zbekiston va Qozog‘istonda qotillik sodir etganlar Yuqori chirchiqlik bo‘lgan

Image caption Qozoq rasmiylariga ko‘ra, ayollar Toshkent-Olma-Ota yo‘li chetida o‘ldirilganlar, qimmatbaho buyumlari olinib, jasadlar tashlab ketilgan

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasman xabar tarqatishicha, 2011 yil oxirida poytaxt Toshkent va uning atrofida, shuningdek, qo‘shni Qozog‘istonda vahimali ovozalarga sabab bo‘lgan qotilliklarni sodir etgan shaxslar Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan bo‘lganlar.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining web-saytida ikki shaxsning ismi-sharifi e‘lon qilingan, biroq ularning yoshi haqidagi ma‘lumot oshkor etilmagan.

O‘zbek prokuraturasiga ko‘ra, ikki o‘zbekistonlikning 2011 yil va 2012 yil orasida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan olti ayolga nisbatan, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan besh nafar ayolga nisbatan jinoyat sodir etganlari tergov mobaynida aniqlangan.

O‘zbek huquq-tartibotchilari ashyoviy dalillar topilgani va ushbu ashyoviy dalillar bilan gumonlangan ikki shaxsning jinoyatlari isbotlangani haqida hisobot berganlar.

Prokuraturaga ko‘ra, ikki Yuqori chirchiqlikka og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etish ayblovlari ilgari surilgan va tergov ishlari nihoyasiga yetgan.

Jinoyat ishining O‘zbekiston Oliy Sudiga yuborilgani xabar qilingan.

Bir necha kun oldin esa "Huquq" ro‘znomasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i axborotiga tayanib, ikki shaxsning umrbod qamoq jazolariga hukm etgani haqida xabar tarqatgan edi.

2011 yilning oxirida Toshkent va Toshkent atrofida serial killerlar paydo bo‘lgani, qotillar ayollarni o‘ldirib, qurbonlarga tegishli qimmatli buyumlarni olib ketayotgani haqidagi ovozalar tarqalgan, biroq O‘zbek huquq-tartibot organlari jamoatchilikni ushbu qotilliklardan boxabar etishni afzal ko‘rmaganlar.

Ilk bor 2012 yil mayida Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida qotilliklar sodir etgan 26 yoshli ikki O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar tarqatgan.

Hibslar ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlariniing hamkorligi natijasida amalga oshirilgani bildirilgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi gumondagi shaxslar Janubiy Qozog‘iston viloyati hududida 2011 yilning mart oyidan 2012 yil mart oyigacha qotilliklarni sodir etganlari haqida xabar tarqatgan.

Qotillar xususiy taksi kirakashlar sifatida o‘z xizmatlarini taklif qilganlar, ikki ayol poyezddan tushib o‘z uylarigacha borguncha avtomobil ichida bo‘g‘ib o‘ldirilganlar, jasadlari yo‘l chetiga tashlab ketilgan.

Ayollarga tegishli buyumlar olingan.

Ayollarning qimmatbaho buyumlari Toshkent shahri bozorlarida pullangan, deyishgan Qozog‘iston rasmiylari.

Jinoyatchilik ko‘rsatkichini "yaxshilash" yo‘llari

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining O‘zbekiston va Qozog‘istonda serial qotilliklarni sodir etganlar qo‘lga olingani haqida tashkil qilgan matbuot anjumani Qozog‘iston jamiyatida bu mamlakat Ichki ishlar vazirligi faoliyatidan noroziliklarga ham sabab bo‘lgandi.

"Agar ular ayollarning jasadi topilayotgani haqida o‘z vaqtida xabar berishganida xotin-qizlar shubhali taksilarga o‘tirmagan bo‘lishardi, hayotdan ko‘z yumgan ayollar kam bo‘lardi", degan fikrlar bildirilgan.

Xuddi shu gapni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga nisbatan aytish mumkin.

O‘zbek prokuraturasi 11 jinoyat sodir etilgani haqida xabar qilmoqda.

Bundan oldin militsiya 1 yildan ko‘proq vaqt mobaynida kamida 14 ayol o‘ldirilgani haqida rasman xabar qilgan.

O‘xshash qotilliklar takrorlanayotganidan jamoatchilikning ogoh bo‘lishi insonlar umrini saqlab qolishi, jinoyatchining tez topilishiga yordam bergan bo‘lardi.

Biroq O‘zbekiston militsiyasi faoliyatini yaxshi biladigan kuzatuvchilar fikricha, ichki ishlar bo‘limlari "yuqoriga" yaxshi ko‘rsatkichlar taqdim etish va o‘z hududlarida jinoyatchilik kamayayotgani haqidagi hisobot berishni afzal ko‘rishadi.

"Gumon qilinayotgan shaxslar taksi haydovchilari sifatida faoliyat yuritganlar. Ular o‘z qurbonlarini ovloq joylarga olib borganlar, narsalarini talaganlar, jinsiy zo‘rlaganlar va keyin ularni o‘ldirganlar", deb aytgan O‘zbekiston huquq-tartibot organlari zobiti Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligiga.