Turkiya qurolli kuchlari sobiq rahbari general Bashbug ozod etilgan

Image copyright BBC World Service
Image caption "Ular mening hayotimning 26 oyini o‘g‘irladilar", deb aytgan general Bashbug

Turkiya hukumatini ag‘darish maqsadidagi fitnadagi ishtiroki uchun umrbod qamoq jazosiga hukm etilsin, degan qaror bekor qilinganidan Turkiya Qurolli Kuchlari sobiq rahbari general Ilker Bashbug Istanbuldagi qamoqxonadan ozod etilgan.

7 mart kuni Turkiya Konstitutsiyaviy mahkamasi general Bashbugga nisbatan 2013 yil avgustida chiqarilgan hukmni bekor qilgan, mahalliy mahkama qarori bilan 8 mart kuni u ozodlikka chiqqan.

General Bashbug "Ergenekon" deb nomlangan maxfiy-qo‘poruvchilik tashkilotiga rahbarlik qilishda ayblangan.

Tashkilot 2003 yili bosh vazir Rajab Toyib Erdug‘on hukumatini ag‘darishni rejalagani aytilgan, generalga hukumatni ag‘darish va terrorizmga aloqadorlik ayblarida ayblangan.

Turkiya Qurolli Kuchlarini 2008 yildan 2010 yilgacha boshqargan general Bashbug bilan birga yana o‘nlab kishilar davlat to‘ntarishiga urinishda ayblangan.

Biroq general Bashbug o‘ziga qarshi ilgari surilgan ayblovlarni doim rad etib kelgan.

U o‘ziga qarshi mahkamani maynavozchilik deb atagan.

Turkiya Konstitutsiyaviy mahkamasi generalning hibs qilinishi uning huquqlarini poymol etgan, deb topgan.

General Bashbugni umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan mahkama uning aybini batafsil ochib bermagan, deyilgan konstitutsiyaviy mahkama qarorida.

Istanbuldagi mahkama qarshisida gapirgan general Bashbug o‘zlariga qarshi jinoyat ishini qo‘zg‘atganlar nafrat va o‘ch olish maqsadida ish tutganlar, deb aytgan.

"Ular mening hayotimning 26 oyini o‘g‘irladilar", deb aytgan general.

2012 va 2013 yillarda Turkiyada yuzlab kishilar "Ergenekon" va "Katta bolg‘a" deb nomlangan ishlar bo‘yicha ozodlikdan mahrum etilganlar, ular orasida yuqori lavozimlarni egallagan sobiq mansabdorlar bo‘lgan.

Shu yil boshida Turkiya qudratdagi siyosatchilariga aloqador mojarolardan keyin o‘sha jinoyat ishlarini qayta ko‘rib chiqish talablari yangragan.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on bu ishlarda adolat tamoyillari buzilganini tan olgan va qayta mahkamalarni ma‘qullagan.

Fevral oyida Turkiya parlamenti harbiy zobitlarni mahkamaga tortgan maxsus mahkamalarni bekor qilish haqida qaror qabul qilgan.