"Bilib qo‘ying, Qrim referendumini dunyo tan olmaydi"

Ukrainaning Donetsk, Xarkov shaharlari va Qrimda namoyishlar tashkil qilingan, Donetskdagi namoyishchilar ham Qrimdagiga o‘xshash referendum o‘tkazilishini talab qilganlar.

Ayni paytda Ukraina rahbarlari 16 martga mo‘ljallangan Qrimdagi referendum natijalarini na rasmiy Kiyev, na dunyo hamjamiyati tan olishidan ogohlantirganlar.

8 mart kuni Qrimda bir necha ming ayol tinch namoyishga chiqqan.

Ular orasida rus, ukrain va tatar ayollar borligi xabar qilingan.

Namoyishchilar "Biz tinchlik istaymiz", "Urush bo‘lmasin", "Qrim - Ukraina" deb yozilgan shiorlar ko‘tarib olganlar.

Shu kuni qaysi mamlakatniki ekani ko‘rinmaydigan harbiy kiyim-boshdagi odamlar Simferopol shahridagi respublika harbiy komissariati binosini bosib olganlar.

Bu harbiylar o‘zlarini Qrimning o‘z-o‘zini mudofaa kuchlari deb taqdim qilganlar.

Juma oqshomida esa Rossiya harbiylari deb ko‘rilgan kuchlar Qrimning Sevastopol shahridagi Ukraina armiyasiga tegishli harbiy qismga bostirib kirganlar.

Bir necha soatdan keyin ular harbiy qismni tark etganlar.

Muxbirlarning xabar qilishlaricha, shanba kuni Donetsk shahridagi Lenin xiyobonida rossiyaparastlar uzluksiz namoyish tashkil qilganlar.

Ular Donetskda ham Rossiyaga qo‘shilish maqsadidagi referendum tashkil etilishini talab qilganlar.

Rossiyaparast odamlarning namoyishi Xarkov shahrida uyushtirilgan.

7 mart kuni Ukraina prezidenti vazifasini bajaruvchi Oleksandr Turchinov Qrim parlamentining referendum o‘tkazish haqidagi qarorini to‘xtatish haqidagi farmonni imzolagan.

Muvaqqat prezident farmonida 16 mart kuni Qrimni Rossiya Federatsiyasiga qo‘shish bo‘yicha referendum haqidagi qaror qabul qilingunicha yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlari tilga olingan.

Janob Turchinov, shuningdek, mamlakat konstitutsiyaviy mahkamasidan Qrim Oliy Kengashi qarorining Ukraina konstitutsiyasiga naqadar mosligini tekshirishni so‘ragan.

Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Qrimdagi siyosatchilarga murojaat bilan chiqqan.

Uning murojaati, uning o‘zining ta‘biri bilan "bo‘lginchilar va Ukraina davlatining boshqa xoinlariga" qaratilgan.

"Sizning har qanday qaroringiz noqonuniy va konstitutsiyaga zid. Va ma‘rifiy dunyoda biror kishi go‘yoki Qrim hokimiyatining referendumining natijalarini e‘tirof etmaydi", deb aytgan Arseniy Yatsenyuk.

Ukraina Adliya vaziri Pavel Petrenko Qrim maqomi haqidagi referendum mahalliy emas, butun mamlakat miqyosidagi referendumda hal etiladigan masala deb ogohlantirgan.