O‘zbekiston: amaldorlar endi maxsus ruxsatsiz xorijga chiqa olmaydi

Image caption Dunyodagi oxirgi voqealar Karimovni o‘ylatmasligi mumkin emas

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil 5 martda qabul qilgan qaroriga muvofiq, bundan buyon mamlakatning davlat amaldorlari xorijga hukumatning maxsus ruxsatnomasini olganidan keyingina chiqa oladilar.

O‘tgan hafta imzolangan mazkur qaror mansabdor shaxslarning chet elgi chiqish tartibini takomillashtirish, xizmat safarlari samaradorligini oshirish, O‘zbekiston milliy xavfsizligini ta‘minlash va davlat sirlarini saqlash maqsadida qabul qilingani aytilmoqda.

Bosh vazir doxil barcha yuqori mulozimlar esa xorijga chiqish uchun shaxsan Prezident Karimovning ijozatini olishlari kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari Adliya vazirligiga noqonuniy ravishda xorijga chiqqan amaldorlarga jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritish topshirilgan.

Xo‘sh, bunday qarorning olinishiga asl sabab nima? BBC ayni savol bilan sobiq diplomat Toshpo‘lat Yo‘ldoshevga bog‘landi.

Yangi qaror fuqarolarning erkin harakatlanish huquqini buzmaydimi sizningcha?

Bu qaror ish beradimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil 5 martda qabul qilgan qaroriga muvofiq, 25 mansabdor, jumladan, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Senat raisi va Oliy majlis qonunchilik palatasi so‘zchisi, ombudsman, Markaziy bank raisi va uning o‘rinbosarlari, respublika bosh prokurori, shuningdek, Toshkent hokimi va viloyat hokimlari kerakli ruxsatnomasiz mamlakatdan tashqariga xizmat safariga chiqishi noqonuniy sanaladi.

Vazirlar mahkamasi bilan tegishli kelishuv talab qilinadigan 15 mansabdor shaxslar, xususan, Vazirlar mahkamasining axborot-tahliliy boshqarma va bo‘lim rahbarlari, Milliy axborot agentligi bosh direktori, Milliy teleradiokompaniya raisi uning o‘rinbosarlari, Rassomlar akademiyasi raisi, tuman va shahar hokimlari kiradi.

Shuningdek, Konstitutsion va xo‘jalik mahkama hakamlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, ichki ishlar vazirligi va milliy xavfsizlik xizmatining mas‘ul xodimlari, mudofaa vazirligi, favqulodda vaziyatlar vazirligi, oliy sud , bosh prokuratura mansabdorlari xorijiy xizmat safari uchun prezident ma‘muriyatining tegishli xizmatlari tomonidan ruxsatnoma olishlari kerak bo‘ladi.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tomonidan uyushtiriladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun kelishuv bevosita Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Prezident qabul qilgan qarorda aytilishicha, ushbu harakatlardan maqsad "davlat sirlarini himoya qilish" dir.

Demak ushbu qarorga asoslanib, O‘zbekistondagi barcha rahbar lavozimdagi kishilarning xorijga chiqishi qat‘iy nazorat ostida amalga oshiriladi.

O‘tgan hafta Milliy Axborot agentligi Buxoro viloyatidagi davlat idoralarida xorijiy elektron pochta tizimidan foydalanish taqiqlangani haqida xabar berdi.

Shuningdek, oldinroq o‘zbekistonliklar uchun Twitterning muqobili Bambu.uz ishga tushirildi.

BBC suhbatlashgan ba‘zi o‘zbekistonliklar bunday o‘zgarishlar aslida yangilik emasligi, internetdan tortib mobil aloqa xizmatlarigacha kuzatilishi, bu aholini doimiy nazorat ostida saqlashga urinishning ko‘rinishi deb baholashgandi.

Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilarning kompyuter va telefon xotiralari yanada sinchiklab tekshirilayotgani haqida bildirildi.

Kuzatuvchilar fikricha, O‘zbekistonda fuqarolarning haq-huquqlarini buzuvchi qonunga zid tekshiruvlar har doim mavjudligiga qaramasdan, norasmiy taqiqlarning endi qonun orqali mustahkamlab qo‘yish dunyodagi oxirgi o‘zgarishlardan, xususan Ukraina voqealaridan tashvishga tushganini ham anglatadi.