"Hurriyat 2014": Kelinning yaxshisini kim biladi: Bo‘lajak kuyov bolami yoki ota-ona?

Image copyright none

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Agar, Sharqdagisiga o‘xshab, ota-ona roziligi bilan quriluvchi oilalarga aqli yetmay, uning sir-sinoatini o‘rganish uchun butun umrlarini sarflab, sochlarini oqartirgan g‘arblik olimu olimlarning xulosalariga tayanilsa, baribir, yoshlarni bir-birichalik hech kim bilolmaydi va bir-birini yaxshi bilmay turib qurilgan oilaning tagi ham bo‘sh bo‘ladi.

Xalqining donishmandligi, "qari bilganini pari bilmasligi"ni da‘vo qiluvchi Sharq dunyosi vakilu vakilalariga ko‘ra esa, bolaning tengini ota-onasichalik hech kim to‘g‘ri topolmaydi: Ya‘ni, "Teng tengi bilan!..."

Xuddi shu boismi, asrlarki, "rizoliklari Allohning rozi"ligiga tenglashtirilgan O‘zbekistondagisi kabi an‘anador jamiyatlarda, yaqin-yaqingacha bu savol, "ota-ona", deb javob topib kelgani bor gap.

Hatto, biz universitetda oliy tahsil olgan 90-yillar boshlarida ham yoshlarning sevishib, o‘z istaklari bilan oila qurishlari, agar, ta‘bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos "qahramonlik" sifatida ko‘rilardi.

Deylik, birgina o‘sha paytlardan ham yigirma yildan ko‘proq vaqt o‘tdi.

Buyog‘i globalizatsiya jarayoni emasmi, O‘zbekiston tashqi dunyoga ochilib borayotgani barobarida, g‘arbona qadriyatlar ham, qanchalik an‘anador bo‘lmasin, O‘zbek jamiyatiga kirib borayotgani bugun inkor etib bo‘lmas haqiqat.

Shunday ekan, qadimiy urf-odatlaru zamonaviy g‘arbona qadriyatlar to‘qnashuvida bugun qay bir taraf "g‘olib": O‘zbek ota-onalarimi yoki bolalari?

Bugungi O‘zbekistonda bo‘lajak oilaning baxti ota-onaning tanloviga bog‘liq, deb ko‘riladimi yoki o‘g‘ilmi-qizmi, bolaning?

Biz xuddi shu savollarga javob topishga urinib, vaqtida o‘zlari ota-onalarining roziliklari bilan turmush qurgan, ammo taqdir taqazosi bilan, bir necha yildan buyon oilalari bilan birga Londonda istiqomat qilayotgan Mashhura, Farxod va hozir Vashingtonda bo‘lgan o‘zbekistonlik yetakchi sotsiolog Suxrob Ismoilovlarni davra suhbatiga chorladik.

Agar, ularning qariyb 11 daqiqalik fikrlarini bir joyga jamlaydigan bo‘lsak, davra suhbatimizni boshlab bergan Farhodga ko‘ra, baribir, oila qurish masalasida hech narsa ota-onaning tajribasi va rizoligiga teng kelolmaydi.

Mashhuraning aytishicha, agar, bu ish ota-onaning ixtiyoriga qo‘yib berilsa, buyog‘i haqiqiy "ko‘rik" yoki ishga kirish uchun berilayotgan "suhbat"ga aylanib ketadi. U kishining ta‘kidlashicha, bu masalada bolaning ko‘ngliga qarash muhim.

Sotsiolog suhbatdoshimiz Suxrob Ismoilovning eng so‘nggida xulosa qilishicha esa, bu kabi hassos masalada six ham, kabob ham kuymaydigan "oltin nuqta"ni topish nihoyatda muhim bo‘ladi: Ya‘ni ota-onaning rizoligi bilan birga farzandning fikri bilan ham albatta qiziqilsa, bo‘lajak oila baxtli bo‘ladi.

Siz ham davra suhbatimizga quloq tutib ko‘ring-chi, xulosangiz qanday bo‘larkin?