AQSh Davlat kotibi Rossiya Prezidenti bilan uchrashuvni bekor qildi

Image copyright AFP
Image caption Jon Kerri va Sergey Lavrov o‘rtasidagi uchrashuv kerakli natija bermagan

Ukraina inqirozini yechish borasida AQSh taklif qilgan rejalarga Rossiya tomonidan ijobiy munosabat bo‘lmas ekan, Vashington Moskva bilan o‘zaro muzokaralar o‘tkazishdan foyda yo‘qligini aytgan. Shu hafta Prezident Putin bilan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri uchrashuvi kutilayotgan edi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri hamkasbi Sergey Lavrovga Rossiyaning Qrimdagi harakatlari har qanday muloqot imkonini murakkablashtirganini bildirgan.

Oxirgi kunlarda Jon Kerri va Sergey Lavrov o‘rtasidagi bir nechta uchrashuv bo‘lib o‘tgan, lekin kerakli natija bermagan.

Oq Uyning ta‘kidlashicha, yakshanba kuni belgilangan Qrim referendumi bo‘lib o‘tadigan bo‘lsa, muzokaralar yanada qisqaradi.

O‘z o‘rnida Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Vashington yo‘llagan "qog‘oz"da Moskvani qoniqtirmaydigan talablar bor.

Jumladan, AQSh Qrimdagi vaziyatni faqat "Ukraina-Rossiya o‘rtasidagi inqiroz" deya baholagani Kremlni qoniqtirmaydi.

Rossiyada Ukrainadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun takliflar mavjud, deydi janob Lavrov.

Oq Uy Ukrainadagi muammoni hal qilish borasida Rossiyadan aniq dalillar lozimligini aytmoqda.

Jon Kerri buning uchun avvalo Rossiya qo‘shinlari Qrimdan olib chiqilishini kerakligini ta‘kidlagan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSh Prezidenti Barak Obama bilan o‘tgan telefon suhbatlarida Rossiyaning Qrimdagi harakatlari qonunga binoan amalga oshirilayotganini aytgan edi.

Ukraina yangi hukumati va G‘arb davlatlari Qrimning Rossiyaga qo‘shilish haqidagi referendumini noqonuniy deb atashgan.

Ukrainada Milliy gvardiya xavfsizlikni himoya qiladi

Ukraina Ichki Ishlar vaziri Arsen Avakovga ko‘ra, parlamentda Milliy gvardiya tuzish haqidagi qonun muhokamaga qo‘yiladi.

Uning aytishicha, zahiradagilarni jalb qilish tez orada e‘lon qilinadi.

Avakovning ta‘kidlashicha, 20 minggacha yetkaziladigan gvardiyachilar mamlakat ichida va chegarada tartibni qo‘riqlaydi.

"Bu tashqi tahdidga fuqarolik jamiyatining uyushgan javobi bo‘ladi", deb aytgan Avakov "Facebook"dagi sahifasida.

Dushanba kuni NATO Ukrainadagi vaziyatni Polsha va Ruminiya hududidan turib kuzatishini ma‘lum qilgan. Shu maqsadda NATOning razvedkachi AWACS uchoqlari Ukraina chegarasiga keltirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Rossiyaga tegishli deb ko‘riladigan belgisiz kiyimdagi harbiylar Qrimdagi yana bir necha harbiy bo‘linmalarni ishg‘ol qilganlar.